Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:53

Buxoroda ham maktab o‘quvchilari paxtaga haydaldi


Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi aksar maktab o‘quvchilari paxta terimiga safarbar etildi. Ota-onalar va o‘qituvchilarning aytishlaricha, oltidan yuqori bo‘lgan sinflarda darslar taqqa-taq to‘xtagan va ob-havo sovuq bo‘lishiga qaramasdan o‘quvchilar majburan paxta terimiga chiqarilgan.

Vobkent tumanining 5, 35-maktablarida yuqori sinflar uchun o‘qish to‘xtatildi.

O‘quvchilar maktabga ertalabdan so‘mkalari bilan emas, balki eski ustivosh va paxta teradigan fartuklarda kelmoqda.

Tumandagi 5-umumta’lim maktabining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchisiga ko‘ra, o‘quvchilarni paxtaga taqsimlash maktabdan boshlanyapti:

“Uch kun bo‘ldi, darslarga otboy berilganiga. O‘quvchilar ertalab soat 8da maktab hovlisida yig‘iladi. Keyin fermer xo‘jaliklariga taqsimlanadi. O‘qituvchi bosh bo‘lib dalaga olib ketadi. Bolalar abedlarini o‘zlari bilan birga olib kelishadi”, dedi o‘qituvchi.

Uning aytishicha, havo sovuqligiga qaramasdan bolalardan paxta terimiga chiqish talab qilinyapti:

“So‘nggi kunlarda yomg‘ir yog‘ib havo judayam sovib ketdi. Dalada paxtaning o‘zi qolmagan. O‘quvchilar qo‘llari muzlab, hali ochilmagan ko‘saklarni chuvib paxta terishga majbur bo‘lmoqda”, dedi o‘qituvchi.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa o‘qituvchining aytishicha, bolalar kanikul paytida ham dam olmaydigan bo‘ldi:

“Albatta, ancha darslar qolib ketadi. Lekin xalq ta’limi bo‘limi mudiri qolgan darslarni kanikullar paytida o‘tishimizni direktorimizga aytibdi. O‘quvchilarni chiqarish haqidagi buyruq hokim tomonidan bo‘lgan ekan. Direktorlarga og‘zaki buyruq beribdi”, dedi o‘qituvchi.

O‘zini Vobkent tumani hokimining yordamchisi Sherzod deb tanishtirgan mulozim maktab o‘quvchilarining paxta terimiga chiqarilayotganini na inkor qildi, na tasdiqladi:

“Bundan mening xabarim yo‘q”, deb gapni qisqa qildi mulozim.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning maktab o‘quvchilarini paxta terimiga jalb etmaslik borasidagi farmoyishi bo‘lishiga qaramasdan, O‘zbekistonning turli viloyatlarida o‘quvchilarni paxta terimiga jalb qilish holatlari kuzatilmoqda.

O‘tgan haftada Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida bir necha maktabning 5-9 sinf o‘quvchilari paxta terimiga haydalgani haqida Ozodlik manbalari xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG