Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:52

Asqarov sudi: Militsiya Asqarovning aybini isbotlovchi video yo‘qligini tan oldi


Asqarov sud jarayoni paytida.
Asqarov sud jarayoni paytida.

Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari huquq faoli Azimjon Asqarov 2010 yilning 13 iyulida Bozorqo‘rg‘on tumanida tartibsizliklarga rahbarlik qilgani to‘g‘risidagi video tasmaga ega emas. Bu haqda 25 oktabr kuni huquq faoliga nisbatan o‘tkazilgan navbatdagi sud jarayonida ma’lum bo‘ldi.

Асқаров суди: Милиция Асқаровнинг айбини исботловчи видео йўқлигини тан олди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:43 0:00
Бевосита линк

25 oktabr kungi jarayonda Bozorqo‘rg‘on tuman militsiyasi bunday isbot mavjud emasligini rasman ma’lum qildi. Mahakamaga raislik qilayotgan sudya bu ma’lumotni o‘qib eshittirdi:

-2013 yilning 13 iyulida sodir etilgan tartibsizliklar Bozorqo‘rg‘on tuman Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan videoga olingan emas, degan javob keldi, -dedi sudya.

Bunga qadar qirg‘iz huquq-tartibot tuzilmalari Asqarov tartibsizliklarga rahbarlik qilganini isbotlovchi video mavjud ekanini bildirgan edi. Bu haqda kuchishlatar tuzilmalar vakillari avvalgi sud jarayonlarida bergan ko‘rsatmalarida ham bir necha marotaba ta’kidlashgan.

Etnik o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarov 2010 yilda sodir etilgan O‘sh voqealari uyushtiruvchilaridan biri sifatida ayblanib qo‘lga olingan va umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Xalqaro va mahalliy huquq faollari Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganiga ishonilishini bildirganlar.

Sudda Asqarovning tartibsizliklarga rahbarlik qilgani to‘g‘risidagi video yo‘qligi aniqlanganidan so‘ng, huquq faoliga nisbatan tergovni olib borgan tergovchi Jamila Turajanova va Jalolobod viloyat prokurorining sobiq o‘rinbosari Kanat Ismailov guvohlik berishdi.

Jamila Turajanovaning aytishicha, tergov Asqarovning aybdorligini va u tartibsizliklar paytida militsiya xodimi Miktibek Sulaymonovni o‘ldirganini aniq isbotlagan. Bunga javoban Asqarov:

-Men haqiqatni aytayapman. Qirg‘iziston xalqining oldida, Qur’onning oldida, Xudoning oldida men oqman. Sizga o‘xshagan tergovchilar bor ekan, Qirg‘izistonda hech qachon qonunlar ishlamaydi, -deb munosabat bildirdi.

Kanat Ismailov esa Asqarov tergov jarayonida militsiya xodimlari tomonidan qiynoqqa solingani to‘g‘risidagi gaplarni haqiqatga zid deb atadi. Unga ko‘ra, qamoqda Asqarovni militsiya xodimlari emas, u bilan birga qamoqda o‘tirgan mahbus kaltaklagan.

Bundan ikki hafta oldin o‘tgan sud jarayonida Asqarov bilan birga hibsda saqlangan Mavlonbek Mahmudjonov huquq faolini 15 iyul kuni kaltaklaganini tan olgan edi. Biroq Mavlonov o‘zi nega hibsga olinganini, Azimjon Asqarovni kaltaklaganidan so‘ng nega hibsdan chiqarib yuborilganini tushuntirib bera olmagan.

Bundan tashqari Asqarov rasman 16 iyulda qamoqqa olingan bo‘lsa, Mavlonov uni 15 iyul kuni hibsxonada qanday qilib kaltaklashi mumkin edi, degan savol ham shu kungacha javobsiz qolmoqda.

Aytib o‘tish joizki, 25 oktyabrdagi sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi.

Joriy yilning aprel oyida BMT Inson huquqlari qo‘mitasi Asqarov ishini o‘rganib chiqib, qirg‘iz hukumati Asqarovni zudlikda qamoqdan bo‘shatishi shart, degan qarorni chiqargan edi.

Shundan so‘ng 12 iyulda Qirg‘iziston Oliy sudi Asqarovga nisbatan ikkinchi va uchinchi sud instantsiyalari chiqargan umrbod qamoq jazosini bekor qilib, ishni qayta ko‘rib chiqish uchun Chuy viloyat sudiga jo‘natgan.

Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqish Chuy viloyat sudida uch hafta avval boshlangan.

Azimjon Asqarovga nisbatan navbatdagi jarayon 1 noyabrda o‘tkaziladi. Sudning bu majlisiga himoya tomoni guvohlari taklif qilinishi kutilmoqda.

Sud jarayonini xalqaro tashkilotlar vakillari va Yevropa Ittifoqi davlatlari diplomatlari kuzatib bormoqda.

XS
SM
MD
LG