Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:07

“Olmaota mergani” o‘lim jazosiga hukm qilindi


Olmaota markazida o‘n kishini o‘ldirganlikda ayblanmish Ruslan Kulekbaev, 2016 yil 2 noyabri.
Olmaota markazida o‘n kishini o‘ldirganlikda ayblanmish Ruslan Kulekbaev, 2016 yil 2 noyabri.

Qozog‘istonning Olmaota shahri markazida 18 iyul kuni qurolli hujum uyushtirib, o‘n kishini o‘ldirishda aylangan Ruslan Kulekbaev o‘lim jazosiga hukm qilindi. Sud hukmida Kulekbaevning mol-mulki ham musodara qilinishi aytilgan.

2 noyabr kuni Olmaota sudi Ruslan Kulekbaevni mol-mulkini musodara qilish yo‘li bilan o‘lim jazosiga hukm qildi. Unga o‘n kishining umriga zomin bo‘lgan terror xuruji sodir etganlik hamda uch vatandoshni o‘ldirishga qasdlanganlik ayblovi qo‘yilgan. Bundan tashqari, “Olmaota mergani” noqonuniy qurol, o‘q-dori va portlovchi moddalar saqlaganlik, birovning avtomobiliga noqonuniy ega bo‘lib olganlik va boshqa moddalarda ham ayblangan.

Sudda aytgan so‘nggi so‘zida Kulekbaev qotilliklarni kuch ishlatar idoralar uni noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilgani va hamfikrlarini jazolagani uchun sodir etganini aytgan. U qilgan ishidan pushaymon emasligini, biroq “jabrlanganlarning iztiroblari”ni tushunishini va har qanaqa jazoga tayyorligini bildirgan.

Ruslan Kulekbaev qo‘lidan qazo topganlarning yaqinlari avvalgi mahkamalarda u favqulodda jazoga loyiqligini aytganlar, ayrimlari esa Kulekbaevga o‘lim jazosi berilishini so‘raganlar.

Kulekbaev bilan birga bu ish yuzasidan yana besh kishi sudlangan. Ular uch yildan o‘n yarim yilgacha qamoq jazosini olganlar.

Prokuror Bakashbaev sudda Kulekbaevning aybdorligi to‘laligicha isbotlanganini urg‘ulab, unga o‘lim jazosi berilishini so‘ragan.

Qozog‘iston Jinoyat kodeksida o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosi berilishi ko‘zda tutilgan, biroq mamlakatda o‘lim jazosi ijrosiga moratoriy joriy qilingan. Bu moratoriy 2003 yil dekabrida prezident Nazarboev tomonidan imzolangan farmon bilan kiritilgan.

Kulekbaev ishi bo‘yicha mahkama jarayoni salkam uch hafta davom etgan. Xavfsizlik choralari kuchaytirilgan holda o‘tkazilgan mahkama tergov hibsxonasida o‘tgan.

Joriy yilning 18 iyul kuni Almali tuman ichki ishlar boshqarmasi hamda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi departamenti binosiga qilingan qurolli hujum oqibatida Olmaotada o‘n kishi halok bo‘lgan. Ulardan sakkiz nafari kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari, qolgan ikkisi esa oddiy olmaotaliklar bo‘lgan. Bu hujumda gumonlanmish 26 yoshli Ruslan Kulekbaev o‘sha kuniyoq hibsga olingan. Rasmiylar bu hujumni “terror xuruji” deya baholaganlar.

Politsiyadan bildirishlaricha, bu hujum bilan Kulekbaev go‘yo qamoqda xazon bo‘lgan yillari uchun o‘ch olmoqchi bo‘lgan. Olmaotalik mergan bungacha noqonuniy qurol saqlaganlik va talonchilikda ayblanib, qamalib chiqqan.

XS
SM
MD
LG