Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:35

YeXHT O‘zbekistonga ilk bor to‘laqonli kuzatuvchilar missiyasi yubormoqda


Shu yilning 2 noyabridan O‘zbekistonda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) missiyasi ish boshladi. Bu O‘zbekistonda o‘tkazilajak prezident saylovlarini kuzatishga yuborilgan birinchi to‘laqonli kuzatuvchilar missiyasi ekani aytilmoqda.

Prezident saylovini kuzatishga kelgan YeXHT missiyasi guruhiga 28 nafar uzoq muddatli va 250 nafar qisqa muddatli kuzatuv vakolatiga ega diplomatlar kirgan.

Missiya rahbari etib shvetsiyalik diplomat Yoxan Peter Traugott Teyler tayinlandi. Oxirgi to‘rt yil davomida janob Teyler Eron Islom Respublikasidagi Shvetsiya elchisi vazifasini bajarib kelgan.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosidan Ozodlikka berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, missiya ikki: “tahliliy” va “tezkor” guruhlaridan iborat bo‘lib, ular O‘zbekiston prezidenti saylovi bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish va yakuniy tahlil bilan shug‘ullanishi belgilangan.

YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi matbuot vakili Tomas Raymer Ozodlik bilan suhbatda uzoq muddatli kuzatuvchilarning asosiy qismi joriy yilning 5 noyabrigacha kelishini bildirdi.

Raymer bu tarkibdagi to‘laqonli missiya O‘zbekistonga birinchi marotaba yuborilayotganini tasdiqlab, dedi:

- Biz O‘zbekistondagi saylov rasmiylari, jumladan prezidentlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar vakillari, fuqarolik jamiyati a’zolari va saylovchilar bilan bo‘lgan muloqotdan keyin u yerga bu tarkibdagi baholash missiyasini yuborishga qaror qildik. Vakillik O‘zbekistondagi saylov tizimini takomillashtirishga ko‘maklashishi rejalashtirilgan. Ko‘psonli kuzatuvchilar yuborilishi saylov bo‘ladigan kunda ovoz berishni har tomonlama, shu jumladan mintaqalarda kuzatish va tahlil qilish hamda buning asosida o‘z tavsiyalarimizni berish imkonini yaratadi, dedi Tomas Raymer.

Qisqa muddatga kuzatuvga kelgan 250 nafar vakil zimmasiga saylov o‘tkaziladigan kuni respublikaning turli tumanlaridagi saylov uchastkalarda ish olib borish va saylov haqida missiya shtab-kvartirasiga to‘liq ma’lumot yetkazish yuklatilgani aytildi.

Qisqa muddatga keladigan kuzatuvchilar 2- dan 6 dekabrgacha O‘zbekistonda bo‘lishi rejaga kiritildi.

2016 yilning 2 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari Peter Teyler boshchiligidagi kuzatuvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmatida “aloqa sifati yomonligi”ni bahona qilib, missiya to‘g‘risida Ozodlikka qo‘shimcha ma’lumot berishmadi.

YeXHT DIIHB 2004 va 2014 yillardagi parlament saylovlari, 2007 va 2015 yillardagi prezident saylovlariga cheklangan missiyasini jo‘natgan bo‘lsa, 2009 yildagi parlament saylovlariga baholovchi missiyani yuborish bilan cheklangandi.

O‘zbekiston prezidenti saylovi 4 dekabrda o‘tkaziladi.

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida O‘zbekiston Demokratik partiyasi "Milliy tiklanish"dan Sarvar Otamuratov, Liberal-demokratik partiyadan Shavkat Mirziyoev, Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov va "Adolat" Sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Umarov ro‘yxatga olingan.

Hozirga qadar O‘zbekistonda o‘tkazilgan prezident va parlament saylovlarining barchasi YeXHT tomonidan nodemokratik va demokratik standartlarga mos kelmaydi¸ deb baholangan.

XS
SM
MD
LG