Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:24

O‘zbek muhojirini deportatsiyadan yo‘q barmog‘i qutqarib qolishi mumkin


Jahongir Normatov
Jahongir Normatov

Kecha Moskva shahar sudi namanganlik Jahongir Normatovni Rossiyadan deportatsiya qilishga oid Perov tumani sudi chiqargan qarorni o‘z kuchida qoldirdi.

2,5 oy oldin Moskvaning Perov tuman sudi namanganlik Jahongir Normatovni migratsiya qonunlarini buzganlikda aybdor, deb topgan va uni Rossiyadan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqargan edi.

Biroq Rossiya qonunlarini buzmaganini aytgan Jahongir Normatov sudda o‘zini Normatov Jahongir deb tanishtirgan shaxs soxta “Jahongir” bo‘lgani da’vo qilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda, Jahongir o‘zining deportatsiya etilgani haqidagi xabarni bir oydan so‘ng tasodifan bilib qolganini aytdi. U o‘zini dog‘da qoldirib ketgan kishini yaxshi bilishi, biroq uning nomini oshkor qilmasligini bildirdi.

- U odam mening sinfdoshim. Shu yil avgust oyida sinfdoshimni Moskvaning Perov tumanida ijarada turgan kvartirasidan politsiya xodimlari tutib ketgan. Uni so‘roq qilganlarida, qo‘rqib mening ism-familiyamni aytgan. Keyin sudga olib borishgan. Sudda ham meni ism-sharifim asosida “vidvorenie”, ya’ni Rossiyadan chiqarib yuborilishi haqida qaror chiqarishgan. Keyin qo‘liga qarorni berib qo‘yvorishgan. Bu yigit 5 yildan buyon Moskvada noqonuniy yuradi. 2013 yilda xuddi shunday ish qilib qutulgandi. U bilan 9 yil bir sinfda o‘qiganmiz. Juda alam qildi. Men uning ism-sharifini aytmayman. Chunki menga yaqin qarindosh ham bo‘ladi. Hozir qaerdadir yashirinib yuribdi. Meni hamma hujjatlarim registratsiya, patentim (ishga ruxsatnoma) joyida, dedi Jahongir.

Jahongirning politsiyada olingan "barmoq" izlari
Jahongirning politsiyada olingan "barmoq" izlari

U tanishlari maslahati bilan yordam so‘rab Moskvadagi inson huquqlarini himoya etuvchi “Grajdanskoe sodeystvie” tashkilotiga murojaat qilgan.

Jahongirning advokati Filip Shishovning Ozodlikka aytishicha, politsiya va sud xodimlari o‘zini Normatov Jahongir deb tanishtirgan muhojir shaxsiyatini aniqlashga jiddiy ahamiyat berishmagan.

- Hujjatsiz qo‘lga tushgan shaxs sudda o‘zini «Jahongir» deb tanishtirgan. Keyin uning barmoq izlari olingan. Qalbaki “Jahongir” barmoq izlari hatto ma’lumotlar bazasida tekshirilmagan. Agar politsiya yoki sud xodimlari olingan barmoq izlarini tekshirishganda edi, bunday xatoga yo‘l qo‘yilmasdi. Chunki, meni himoyamdagi Normatov Jahongir o‘ng qo‘lining bir barmog‘i yo‘q. Sud barmoq izi olgan soxta “Jahongir”ning besh barmog‘i joyida, dedi Filip Shishov.

Rossiyada mehnat muhojirlarini daktiloskopiya qilish, ya’ni barmoq izlarini olish tartibi 2013 yildan boshlab qo‘llaniladi. Hozirda Rossiyaning yirik shaharlari aeroportlarida barmoq izlari tekshiriladi. Biroq, temir yo‘l va avtovokzallarda daktiloskopiya qilish to‘la yo‘lga qo‘yilmagan.

2016 yilning aprelida Jahongir Normatov ishga ruxsatnoma (patent) olish paytida undan barmoq izlari olingan.

Advokat Filip Shishovga ko‘ra, Jahongirning haq ekanligini isbotlovchi asosiy dalil bu uning kesilgan barmog‘idir.

Bundan ikki yarim oy oldin Jahongir o‘zining haqligini isbotlash uchun advokati yordamida Perov prokuraturasiga murojaat qildi. Biroq prokuratura o‘zbekistonlik muhojir ishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazish talabiga rad javob berdi.

Moskva shahar sudi Jahongir Normatov ishini 30 noyabrda ko‘rib chiqishi belgilangan.

Agar 30 noyabrda Moskva shahar sudi uning arizasiga rad javob bersa, Jahongir Rossiyada qonuniy yashayotganiga qaramasdan mamlakat hududini tark etishi lozim bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG