Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:44

Tojikistonliklar O‘zbekistondan gaz kelishiga umid qilmoqda


O‘zbekiston yaqin orada Tojikistonga yana gaz bera boshlashi ehtimoldan holi emas. Bu haqda Ozodlikning tojik xizmatiga mustaqil manbalar mamlakat g‘arbidagi tumanlar turg‘unlari so‘zlariga tayangan holda ma’lum qilganlar.

Tursunzoda, Shahrinav va Hisor shaharlari turg‘unlari “Tojikgaz” davlat shirkati mutaxassislari bir necha kundan buyon bu joylardan o‘tgan gaz quvurlari holatini tekshirib yurganini aytmoqdalar. Mahalliy hukumatlarga gaz quvuri yaqinida noqonuniy qurilgan barcha binolarni tez orada buzib tashlash topshirig‘i berilgan.

“Tojikgaz” davlat shirkati rais o‘rinbosari Shavkat Shoimov Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda O‘zbekistondan qayta gaz yetkazila boshlashi haqida o‘ziga hech narsa ma’lum emasligini bildirgan. Biroq Tojikiston hukumati iqtisodiy bloki xodimlaridan biri ismini aytmaslik sharti bilan 2 noyabr kuni Ozodlikka “O‘zbekiston bilan bu mavzuda so‘zlashuvlar bo‘layotgani”ni aytgan. U o‘zbek gazi qaytadan kela boshlashiga umid bildirgan, biroq boshqa izohdan tiyilgan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin ham uzoq yillar mobaynida Tojikistonga gaz yetkazib berib turgan, biroq 2012 yili bu mamlakatga gaz eksporti to‘xtatilgan.

O‘zbekiston tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha MDH mamlakatlari orasida uchinchi o‘rinni egallaydi – bu mamlakatda har yili 63-65 milliard kub metr gaz qazib olinadi.

Tojikistonda o‘zbek gazining asosiy iste’molchilari TALKO (alyuminiy zavodi) va “Tojiksement” korxonalari bo‘lgan. O‘zbekistondan gaz kelmay qo‘yganidan keyin Tojikistondagi sement ishlab chiqaruvchi korxonaning faoliyati to‘xtagan. Biroq TALKO rasmiylari mahalliy ko‘mirdan gaz olish evaziga 90 foiz ehtiyojini qoplay olishini bildirganlar.

So‘nggi 20 yil ichida o‘zbek-tojik aloqalari vaqti-vaqti bilan cheklanib turgan, 2000-yillar boshida 500 million dollarni tashkil qilgan o‘zaro savdo ko‘rsatkichi 2015 yilga kelib 12 million dollarga tushib ketgan. Tahlilchilar bu aloqalarning tiklanishi juda zarur, o‘zaro hamkorlik qancha erta boshlansa, har ikkala mamlakat uchun ham shuncha yaxshi, degan fikrdalar.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi va aloqalar yaxshilanishiga umid O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimov vafotidan keyin paydo bo‘ldi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning sentyabrь oyi oxirida Dushanbega qilgan safarini tojikistonliklar o‘zaro aloqalar yaxshilanishi tomon qo‘yilgan ilk qadam, deya baholaganlar.

O‘zbekistonda prezidentlik saylovi 4 dekabrga belgilangan. Bu lavozimga amaldagi bosh vazir Shavkat Mirziyoev asosiy da’vogar bo‘lib hisoblanadi. Ba’zi tahlilchilar rasmiy Toshkentning qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, xususan, o‘zbek-tojik aloqalarini yaxshilash bo‘yicha asosiy qarorlar aynan shu siyosiy jarayon yakunlanganidan keyin qabul qilinadi, degan fikrdalar.

XS
SM
MD
LG