Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:36

Namangan viloyati YHXB boshlig‘i hibsga olindi


Namangan viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i hibsga olingan. Namangan viloyati huquq-tartibot idorasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, boshqarma boshlig‘i pora olish, xizmat mansabini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlarda gumonlanmoqda.

Namangan viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i (Ozodlik radiosida uning ism-familiyasi mavjud¸ ammo aybsizlik prezumpsiyasi bois oshkor qilinmaydi - tahr.)noyabr oyining boshida hibsga olingan.

Bu haqda xabar bergan Ozodlikning viloyat hokimligidagi manbasiga ko‘ra, sobiq boshliqni milliy xavfsizlik xizmati xodimlari olib ketgan:

“Uni MXXchilar olib ketishdi. Hozir “ichkarida” ekan. Aytishlaricha, uning ustidan rosa ko‘p ariza tushgan ekan, Bosh vazirning virtual qabulxonasiga ham poraxo‘r deb yozishgan ekan”, dedi manba.

Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasida ishlaydigan Ozodlik manbasi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘ining korruptsiya va moliyaviy jinoyatlarda gumonlanayotganini aytdi:

“Meni bilishimcha, unga nisbatan pora olish, jumladan, qoidabuzarlardan olingan jarima pullarini talon-taroj qilganlik, mansabini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlar bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Ayni paytda tergov davom etyapti. Uning jinoiy ishiga bog‘liq boshqa xodimlar ham tergovga chaqirtirilib, so‘roq beryapti”, dedi ichki ishlar boshqarmasi mulozimi.

Namangan shahrida istiqomat qiladigan pensioner Olimjon Yo‘ldoshevning aytishicha, so‘nggi paytda yo‘l harakatini nazorat qiluvchi militsiya xodimlari ustidan aholida norozilik kuchaygan edi:

“Namangan militsiyasida korrupsiya juda kuchaygan. Inspektorlarning duch kelgan moshinani to‘xtatib, bir narsani bahona qilib haydovchilardan pul undirishi odatiy hol bo‘lib qolgan edi. O‘sha poraga olgan pulni hammasini inspektor o‘zlariga olib qoladi, deb o‘ylaysizmi? Albatta yo‘q. Ular komandiriga, komandiri esa tepaga uzatadi. Mana bizning Oromgoh degan joyda melisalar baland-baland qasr uylar solib yotishibdi. Axir oylikka yashagan odam bunday uylarni bir umrda ham qura olmaydiku. Buning hammasining ortida korruptsiya va poraxo‘rlik turibdi”, dedi Olimjon Yo‘ldoshev.

Joriy yilning 27 oktabr kuni Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘ini MXX hibsga olgan edi.

Ozodlikning Andijon IIB sidagi manbalarining aytishicha, “Andijon Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidagi uyushgan jinoiy guruh chiroyli nomerlarni 1000 dollargacha narhda sotish bilan” shug‘ullanishgan.

Bundan avval Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning tekshiruvchilari Andijon viloyati YHXBdan avval 9 kishini, keyin yana 13 nafar rahbar va inspektorlarni hibsga olgan edi.

XS
SM
MD
LG