Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:36

R.Azimov: O‘zbekistonda yangi erkin iqtisodiy hududlar barpo etiladi


Rustam Azimov Bishkekda
Rustam Azimov Bishkekda

O‘zbekistonda yana uchta yangi - Farg‘ona viloyatida "Qo‘qon", Samarqand viloyatida "Urgut" va Buxoro viloyatida "G‘ijduvon" Erkin iqtisodiy hududlar (EIH) barpo etiladi. Bu iqtisodiy zonalar zimmasiga mahalliy aholini ish bilan ta’minlash, davlat byudjet tushumini oshirish hamda xorij sarmoyalarini jalb qilish yuklatilgani aytilmoqda.

O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov Bishkekda o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti yig‘ilishida mamlakatda yana uchta yangi erkin iqtisodiy hudud yaratilishini e’lon qildi.

Bular Farg‘ona viloyatida "Qo‘qon", Samarqand viloyatida "Urgut" va Buxoro viloyatida "G‘ijduvon" erkin iqtisodiy hududlar ekani ochiqlandi. Rustam Azimov bu zonalar tashkil etilishi tashabbusi prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev ekanini bildirdi.

2016 yilning 26 oktabrida Shavkat Mirziyoev shu maqsadda "Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonini imzolagan edi.

Bu farmon O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish, yangi yuqori texnologik ishlab chiqarish maydonlarini kengaytirish uchun sharoitlarni yaratish, mahalliy aholini ish bilan ta’minlashga qaratilgani aytildi.

- Bu farmonga ko‘ra, xorijiy investorlarga ular tomonidan "Navoiy", "Angren" va "Jizzax" erkin iqtisodiy hududlarida faoliyatlarini amalga oshirishda misli ko‘rilmagan qo‘shimcha boj va soliq imtiyozlari taqdim qilinadi, deb aytdi Azimov.

Bundan oldinroq O‘zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev oktabr oy boshlarida Samarqandga qilgan safari chog‘ida Urgut tumani iqtisodiy hudud uchun ma’qul hisoblanishini bildirgan edi. Mahalliy axborot vositalari Urgut ishlab chiqarish hududida 19 qo‘shma korxonaga doxil 40 ta ishlab chiqarish korxonasi mavjudligi va ularda qariyb 1200 o‘zbekistonlik ish bilan bandligini xabar qilgandi. Bu korxonalar o‘tgan yilning o‘zida 10 million dollardan oshiq hajmda mahsulot eksport qilgani ma’lum qilindi.

Rustam Azimov Bishkekda yig‘ilgan hukumat a’zolari oldida O‘zbekiston davlati ayniqsa Rossiya va Xitoydan sarmoya kiritilishiga katta umid bog‘layotganini bildirdi.

Ozodlik Urgut tumanida yangi tuzilajak iqtisodiy zona faoliyati bilan bog‘liq mutassadi bilan suhbatlashdi.

Ismi ma’lum sabablarga ko‘ra sir qolishini so‘ragan suhbatdosh nima uchun aynan Urgut tumani bunday hudud sifatida tanlangani boshqa sabablarini ko‘rsatib o‘tdi.

- Birinchidan, Urgut tumani aholi zich joylashgan hududlardan sanaladi. Yeri kam – aholisi zich. Bu hudud rivojlanishini va yig‘ilib qolgan muammolarni bartaraf qilishni sanoatsiz tasavvur qilish qiyin. Ikkinchidan, Urgut tumani sanoat o‘sishi bo‘yicha Samarqand shahridan keyingi o‘ringa chiqib oldi. Mustaqillikkacha bizda bor-yo‘g‘i ikkita zavod va bitta tamaki fabrikasi bo‘lgan. Aslini olib qaraganda, “promzona”, ya’ni “sanoat zonasi” degan joyimiz ham bor edi, dedi suhbatdosh.

Mutaxassis hozirga kelib “Urgut” Erkin iqtisodiy hududni tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilganini ham aytdi.

U iqtisodiy zonada meva-sabzavot qayta ishlash, ishlab chiqarish hamda logistika markazlari tashkil qilinishi ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan Samarqand aholisiga biroz bo‘lsada yengilik keltirishini taxmin qildi.

- Obodonlashtirish ishlaridan boshlandi. Hozir sanoat loyihalari qabul qilinishi boshlandi. Keyin, tog‘li hududda 11 ming gektar joyda bodom, yong‘oq, unabi, uzum, olma va boshqa mevali daraxtlar ekilishi tashkil qilinayapti. Erkin zonaga qarashli fermer xo‘jaliklari bo‘yicha loyihalash ishlari ketyapti. Boshqa viloyatlardan tadbirkorlar qiziqish bildirayapti allaqachon. Kecha aholini uchmas elektr liniyalari bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi. Bu zona ortidan mahalliylarga gazlashtirish muammosi bartaraf qilinsa ham hech yaxshi bo‘lardi. Ishqilib, loyihalar qog‘ozda qolib ketmasin-da, dedi urgutlik vatandosh.

U erkin iqtisodiy zonaga bo‘lgan tadbirkor va ishlab chiqaruvchilar qiziqishini hududda tinimsiz va asossiz tekshir-tekshirlar va bosimlardan panoh topish mumkinligiga bo‘layotgan ishonch bilan izohladi.

Rejaga ko‘ra, 2017 yilda Samarqandning “Urgut” erkin iqtisodiy hududida 78ta sanoat loyihasi ishga tushirilib, ish o‘rni 3400taga yetkazilishi kerak.

Hozirga kelib O‘zbekistonda uchta erkin iqtisodiy hudud – 2008 yilda tuzilgan Navoyi viloyatidagi "Navoiy", 2012 yilda tashkil topgan Toshkent viloyatidagi "Angren" va 2013 yilda tuzilgan Jizzax viloyatidagi "Jizzax" iqtisodiy zonalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG