Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:54

Donald Tramp prezidentligidan nimalar kutilmoqda?


AQSh-Meksika chegarasida devor qurish, nolegal immigratsiyaga barham berish va’dalari, Vladimir Putinga hushomadlar - Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampning 2016 yilgi saylovoldi chiqishlaridagi asosiy mujdalar bo‘ldi. Tramp 8 noyabr kuni saylovda g‘olib chiqar ekan, u bergan va’dalar qanchalik ro‘yobga chiqishi mumkin, degan savol ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda.

Prezident vakolatlari

AQSh Konstitutsiyasidagi nazorat va muvozanat (inglizcha checks and balances) tizimiga ko‘ra, Tramp siyosatining amalga oshishi Kongressning qo‘llab-quvvatloviga bog‘liq.

Agar Tramp korxonalar uchun soliqlarni kamaytirish, tuhmat haqidagi qonunlarni o‘zgartirish, Barak Obama boshlagan sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni yo‘q qilish kabi va’dalarini bajarmoqchi bo‘lsa, unga qonun chiqaruvchilar va ijroiya hokimiyat bo‘g‘inlarining dastagi kerak bo‘ladi.

Shu o‘rinda tahlilchilar Tramp o‘zining ko‘plab rejalarini prezident farmonlari bilan ham amalga oshirishi mumkinligiga e’tibor qaratishmoqda.

Qolaversa, Tramp komandasi uning prezidentligining ilk kuni – 20 yanvarda imzolashi kerak bo‘lgan 25 ta farmonni tayyorlab qo‘ygan.

Londondagi Strategik tadqiqotlar instituti (IISS) ning AQSh tashqi siyosati bo‘yicha eksperti Dana Ellin fikricha, tashqi siyosat bo‘yicha prezident vakolatlari nazariy jihatdan ancha keng.

– Bu vakolatlarni Kongress cheklay olishini tasavvur qilish qiyin. Prezident qaergadir qo‘shin kiritish yoki harbiy amaliyotni boshlash bo‘yicha turfa qarorlarni berishi mumkin. Aynan mana shu sohada uni hech kim nazorat qilolmaydi,- deydi Dana Ellin.

Rossiya va NATO

Tramp Rossiya bilan do‘stlashish tarafdori ekani borasida ko‘p bora gapirgan. ​Uning ta’kidicha, ikki mamlakatning yaqinlashuvi “Islomiy davlat” jangarilarini tor-mor qilish imkonini berishi mumkin.

Sentabrdagi chiqishida Tramp prezident Putin bilan “juda-juda yaxshi munosabatlar”ni yo‘lga qo‘yishi va u bilan prezident Obamaga qaraganda samaraliroq ish olib borishiga amin ekanini aytgandi.

Trampning tanqidchilari esa, uning bu qarashlariga qo‘shilmaydi, ularga ko‘ra, Obama qaytanga Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashga uringan, o‘zining birinchi prezidentlik muddati davrida bu borada oshig‘ich urinishlar qilgan.

Bundan tashqari Trampning muxoliflari uning Rossiya agressiyasiga qarshi tura olishiga shubha bildirishadi.

Tramp o‘z chiqishlarida Putinga qoyil qolganini yashirmagan va uni Obamadan ko‘ra yaxshiroq lider deb atagan.

Mart oyida Tramp NATOni “eskirgan” deb atadi va tashkilotning boshqa a’zolari o‘z harbiy harajatlarini oshirmasa va AQSh oldida olgan o‘z majburiyatlarini bajarmasa, ularga harbiy yordamni to‘xtatib qo‘yishni va’da qildi.

Germaniya Tashqi siyosat kengashi qoshidagi “AQSh transatlantika munosabatlari” dasturi rahbari Xenning Rikke fikricha, agar AQSh Tramp prezidentligi davrida Rossiya tomon yuz bursa, bu Yevropa xavfsizligi uchun o‘ta tahlikali oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

- O‘z ittifoqchilarini himoya qilish majburiyati AQShni o‘ta qudratli davlat deyishga asos bo‘luvchi jihatdir. Rossiya esa G‘arb xavfsizlik tizimidagi har qanday bo‘shliqdan foydalanishga urinadi. Moskva “Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropada mavqeini kuchaytirish” maqsadida bor kuchi bilan “NATO va Evropa Ittifoqini zaiflantirish”ga urinib kelmoqda. Agar AQSh prezidenti Rossiya uchun bu ishni qilib bersa Putin faqat bundan xursand bo‘ladi, - deydi Rikke.

Eron yadroviy dasturi

Tramp Eronni o‘z yadroviy dasturidan voz ​kechtirishga ko‘ndirish evaziga bu davlatga sanktsiyalarni engillatish bo‘yicha erishilgan kelishuv shartlarini o‘zgartirish vakolatlariga ham ega bo‘ladi.

Lekin, Xenning Rikke fikricha, Tramp uchun buni qilish oson bo‘lmaydi, buning uchun muzokaralarning boshqa ishtirokchilari, jumladan Rossiya va Yevropa Ittifoqini ham muzokara stoliga jalb etishga to‘g‘ri keladi.

Bunday qadam Erondagi qat’iy siyosat tarafdorlari foydasiga o‘ynaydi va Tehronni yadroviy qurol ishlab chiqarish urinishlaridan to‘xtatuvchi shartnomaning barbod bo‘lishiga olib keladi.

Yadro qurolini tarqatmaslik

Tramp o‘z chiqishlarida “Islomiy davlat” janggarilariga qarshi yadroviy qurol qo‘llashini nazardan soqit qilmagan va Yaponiya hamda Janubiy Koreyaga o‘z yadroviy qurollarini yaratishni taklif qilgan.

Rikke va Allin fikricha, Trampning saylovoldi chiqishlaridagi bunday ritorika yadro qurolini tarqatmaslik borasidagi xalqaro maydondagi urinishlarni chippakka chiqarishi mumkin.

- Boshqa davlatlar o‘z xavfsizlik tamoyillari va yadroviy qurolga extiyojini qayta ko‘rib chiqishga kirishishi mumkin, - deydi Allin.

Atrof-muhit himoyasi

Tramp “global iqlim o‘zgarishi nazariyasini Xitoy AQSh sanoatini raqobatbardosh qilmaslik uchun o‘ylab topgan”, deb aytgan.

Prezident lavozimiga kirishganidan so‘ng u atmosferaga chiqindi gazlarni chiqarishni cheklovchi Parij bitimidan AQShni chiqarish borasida bergan va’dasini bajarish salohiyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari Tramp davlat darajasida ekologik me’yorlarni kamaytirishni ham va’da qilgan, Kongressda ko‘pchilikni tashkil etuvchi respublikachilar tarafidan bu hush qarshilangandi.

Tramp farmonlar chiqarib, Alyaska va Shimoliy Muz okeanidagi himoyalangan hududlarda neft konlarini qidirish ishlarini boshlashga va Obama prezidentligi davrida to‘xtatilgan Kanadadan o‘tuvchi neft quvurini yotqizishga ruxsat berishi mumkin.

Muhojirlik

Tramp o‘z saylovoldi chiqishlarida noqonuniy muhojirlar oqimini to‘xtatish va mamlakatdagi 11,3 million noqonuniy muhojirni ikki yil ichida badarg‘a qilishga va’da bergan.

U buning uchun noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish bilan shug‘ullanadigan maxsus idora tuzishni ham taklif etgan.

Bu dasturni moliyalashni esa Kongress ma’qullashi kerak. Kongressdagi ko‘plab respubilikachilar ham Trampning mazkur taklifiga qarshi.

Vashingtondagi American Action Forum hisob-kitobiga ko‘ra, Trampning bu rejasini ikki yil ichida to‘laqonli amalga oshishi misli ko‘rilmagan infrotuzilmani barpo etish va AQSh immigratsiya xizmatlari saflarini kengaytirishni talab etadi.

Bundan tashqari, noqonuniy muhojirlarning AQShdan quvilishi AQSh yalpi ichki maxsulotini 1,6 trillion dollarga kamaytirib yuboradi va bu ikki yil ichida mamlakatda iqtisrdiy retsessiyani keltirib chiqarishi mumkin.

Shuningdek, Trampning AQSh janubiy sarhadlarida Meksika harajatlari hisobidan devor qurish rejasining amalga oshishiga ham shubhalar bor.

Meksika bu devor qurilishiga pul to‘lamasligini aytgan. Washington Post nashriga ko‘ra, devor qurilishi 25 milliard dollarga tushishi mumkin.

Tramp meksikalik noqonuniy muhojirlarning pul o‘tkazmalarini "Vatanparvarlik akti" deb nomlanuvchi qonun doirasida konfiskatsiya qilishni ham taklif etgan.

Lekin, huquqshunoslar buning amalga oshishiga shubha bildirishgan.

Tramp farmonlar chiqarib, musulmonlarning AQShga kirishini vaqtincha taqiqlash va qochqinlar uchun dasturlarni to‘xtatish haqidagi va’dalarini bajarishi mumkin.

Lekin, bu borada to‘la-to‘kis qaror qabul qilinishi sudda ko‘p vaqtga cho‘zilishi tayin.

Soliqlarni kamaytirish

Trampning iqtisodiy dasturiga ko‘ra, mamlakatdagi korxonalarga soliqlar hozirgi 35 foizdan 15 foizga tushirilishi kerak. Bu reja sarmoyadorlarni rag‘batlantirish orqali iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlari yaratishni ko‘zda tutadi.

Respublikachilar umumiyatla soliq kamaytirilishi tarafdori. Lekin, mustaqil va boshqa guruhlar bunga qarshi.

Vashingtondagi Tax Foundation tahliliy markaziga ko‘ra, soliqlarning kamaytirilishi davlat haznasiga pul tushumini 5,9 trillion dollarga kamaytiradi.

Vashingtondagi Davlat byudjetini mas’uliyatli tuzish qo‘mitasi esa Trampning soliqlarni kamaytirish bo‘yicha rejasi mamlakat yalpi qarzining 2026 yilga borib 28,4 trillion dollarga oshishiga olib kelishi haqida ogohlantirgan.

Savdo shartnomalari

Tramp o‘z saylovoldi chiqishlarida Amerika shirkatlari “fojiali” savdo kelishuvlaridan aziyat chekayotgani va bu kelishuvlar qayta ko‘rib chiqlishi lozimligini ta’kidlagan.

Tramp prezidentlik vazifasini qabul qilib olganida AQShni Tinch okeani hamkorligi (TPP) va Shimoiy Amerika erkin savdo hududi (NAFTA) dan chiqarish vakolatiga ega bo‘ladi.

Tramp, shuningdek, AQShni 164 mamlakat a’zo Jahon savdo tashkilotidan ham chiqarish haqida bayonotlar qilgan.

Moody’s Analytics markazi tahlilchisi Mark Zandi fikricha, Trampning bunday iqtisodiy siyosati AQSh iqtisodini xalqaro savdo, immigratsiya va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarning kamayishi evaziga sezilarli zaiflashtiradi.

XS
SM
MD
LG