Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:41

Rossiyada mehnat muhojirlari orasida qo‘sh xotinlilik ko‘paymoqda (VIDEO)


Mirzohakim To‘liboev ikkinchi xotini va farzandlari bilan
Mirzohakim To‘liboev ikkinchi xotini va farzandlari bilan

Moskva Jome masjidi bosh imom-xatibi, Moskva diniy boshqarmasining rahbari Ildar Hazrat Alautdinov Ozodlik bilan suhbatda Rossiyada mehnat muhojirlari, jumladan O‘zbekiston va Tojikiston vatandoshlari orasida qo‘sh xotinlilik hollari ko‘payotganini aytdi. Moskva diniy boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada qo‘shxotinlilik ko‘lami bo‘yicha aniq raqamlar yo‘q. Rossiya qonunchiligida qo‘sh xotinlilik man etilgan bo‘lsada, biroq jinoiy javobgarlik belgilanmagan.

Moskva Jome masjidi bosh imom-xatibi, Moskva diniy boshqarmasining rahbari Ildar Hazrat Alautdinovning Ozodlikka aytishicha, qo‘sh xotinlilik muammosi rossiyaliklar qatori, ishga kelayotgan muhojirlar uchun ham dolzarb masala hisoblanadi.

- Markaziy osiyoliklar, asosan O‘zbekiston va Tojikiston vatandoshlari, oxirgi paytlarda rossiyalik ayol bilan nikohdan o‘tish uchun bizga juda ko‘p murojaat qiladi. Ko‘p hollarda, agar birinchi oilasining roziligi bo‘lmasa, nikohdan o‘tishga biz ijozat bermaymiz. Diniy idoramizga murojaat qilgan musulmonlarga biz qo‘yadigan eng asosiy talablardan biri – bu birinchi xotinning roziligi. Nikoh o‘qilishidan oldin, erkak birinchi xotinining roziligini isbotlay olmasa, nikoh o‘qilmaydi. Eng muhimi, har ikki nikoh Qur’oni Karimda bitilganidek adolatli, to‘laqonli bo‘lishi va ayollar haqlari kamsitilmasligi shartdir, - dedi Ildar Hazrat Alautdinov.

Марина Гордина: Кундошим мен ҳақимда билади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:54 0:00

Muftiy Alautdinovning fikricha, Rossiyada qo‘sh xotinlilikka asosan ayollar tashabbus ko‘rsatishadi.

"Yolg‘iz qolgan ayollar, zino qilmaslik uchun islom qonunlari yuzasidan oila qurishga intilishadi. Afsus, ushbu masalada aksar hollarda noto‘g‘ri tushinish ko‘p uchraydi"- deydi Moskva diniy boshqarmasining rahbari.

Moskva viloyatida yashayotgan 31 yashar Marina Gordina 17 yil oldin Rossiyaga ishga kelgan tojikistonlik Mirzohakim To‘liboevning ikkinchi xotini. Mirzokarim va Marinaning 3 farzandi bor - Lola va Sora, to‘ng‘ich qizi Alina. Marinaning aytishicha, eri Mirzokarim yiliga kamida bir marta Tojikistondagi oilasiga borib keladi va har ikki oilasiga birdek g‘amxo‘rlik qiladi.

- Ba’zi kishilar bizni oilaga ola qarashi yoki tushunmasligi mumkin. Lekin menga meni oilam, erim yoqadi. Men oilam bilan faxrlanaman, g‘ururlanaman. Erimni, bolalarimni yaxshi ko‘raman. Oilamda hamma narsa qoniqtiradi.Men haqimda boshqalar fikri esa unchalik qiziqtirmaydi. Eng muhimi, oilamizda ochiqlik hukm suradi. Kundoshim men haqimda biladi, men ham uning ahvolidan xabardorman. Murosa qilib yashaymiz. Agar qarshi chiqsam, oilam buziladi, erimni yo‘qotaman, yakka qolaman. Kundoshim o‘z urf-odatlari, biz esa o‘z qoidalarimiz bo‘yicha yashaymiz. Menga Yaratgan shunday erni nasib etgan ekan, u bilan birga yashayman. Hammasiga chidab yashayman. Nasib qilgan bo‘lsa, umrimning oxirigacha birga bo‘lmoqchiman, - dedi Marina.

Moskvada yashayotgan bloger va jurnalist Sohiba Hayitboevaning aytishicha, ko‘p hollarda o‘zbekistonliklar Rossiyada qonuniy ishlashlari, hujjatlarni rasmiylashtirish osonroq bo‘lish uchun, ikkinchi oila qurishga qaror qiladi.

-Shu qatorda O‘zbekistondagi oilasidan yashirin tarzda, rossiyalik ayolga uylanganlar ham kam emas. Yillab oilasidan uzoqda yurgandan so‘ng, albatta ikkinchi oila qo‘rish, ba’zilar uchun tabiiy holdir. Menimcha, aksar o‘zbek ayollari qo‘shxotinlikni qabul qilmaydi. O‘zbekistonda qolgan ayolidan ham ko‘proq bolalari qiynaladi. Ular otasiz, ruhan qiynalib katta bo‘lishadi. Bunday ayolning irodasi yo‘qroq bo‘lsa, yengiltak ...bo‘lib ketadi, agar irodasi kuchliroq bo‘lsa, erkaksifat bo‘lib, aravasini tortib ketadi, - dedi Sohiba Hayitboeva.

Rossiyadagi “Ivanova o‘zbeklari” jamiyati rahbari Salimjon Amirovga ko‘ra, Ivanovo viloyatiga ishga kelgan orasida asosan yoshi kattaroq muhojirlar qo‘sh xotinga ega.

- Mendagi ma’lumot bo‘yicha Surxandaryo, Qashqadaryo, Samarqand va qisman Buxoro viloyatlaridan Ivanovo viloyatiga ayollar nisbatan ishga kamroq kelishadi, asosan erkaklar ishlashadi. Ular orasida men bilgan, ikkinchi oila qurganlar kam emas. Albatta, yaxshi oila qurib, o‘zbekistondagi oilasiga ham yordam berib turganlari ham bor, lekin bundaylar kamchilikni tashkil etadi. Qo‘lida yaxshi hunari bo‘lgan, yaxshi pul topayotgan ba’zi vatandoshlarimiz bu erda, rus ayoliga uylanib olib, o‘zbeksitondagi oilasini unitadi. Ayrimlari buning oqibatida ichkilikka beriladi. Ba’zi ayollar orasida bizni jamiyatimizga murojaat qilib, “erimni, deportatsiya qilish bilan bo‘lsa ham O‘zbekistonga jo‘nating, iltimos,” deb so‘raganlar ham bor. Chunki, O‘zbekistonda qolgan bechora xotin, bolalari bilan qiynalib qoladi, Rossiyada yurgan erini butunlay yo‘qotishdan qo‘rqadi, - deydi Salimjon Amirov.

Jurnalist Sohiba Haitboevaning aytishicha, mehnat muhojirlarining chet ellarda uzoq qolib ketishi va musofirchilikda ikkinchi oila qurishi o‘zbek ayollarini qiyin ahvolda qoldirgan.

- O‘zbekistonda hozir urushga ketgandek, mahallalar erkaksiz huvillab qolgan. Erkaklar pul ishlash uchun Rossiya, Koreya, Chexiya kabi mamlakatlarga chiqib ketgan. Oilada, bolalari yonida bo‘lishi kerak bo‘lgan erkaklarning ko‘pchiligi chet ellarda. Yolg‘iz qolgan, turmushga chiqmay, o‘tirib ketgan ayollar ko‘payib ketgan. Bu ham jamiyatdagi jiddiy muammolardan biriga aylangan. O‘zbek ayollariga qiyin bo‘lmoqda, - deydi Sohiba Hayitboeva.

Moskva diniy boshqarmasi idorasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada qo‘sh xotinlik ko‘lami bo‘yicha aniq raqamlar yo‘q.

Diniy boshqarmaga ko‘ra yiliga Moskva jome masjidiga yuzlarcha markaziy osiyolik vatandoshning mahalliy yollar bilan nikohdan o‘tgani qayd etiladi.

Rossiya qonunchiligida qo‘sh xotinlik man’ etilgan bo‘lsada, biroq qo‘sh xotinlik bo‘yicha jinoiy javobgarlik belgilanmagan.

2006 yilda Butunrossiya Ijtimoiy fikrni o‘rganish markazi (VTsIOM) o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra rossiyaliklarning qariyb 60 foizi qo‘sh xotinlilik joriy etilishiga qarshi fikr bildirgan.

XS
SM
MD
LG