Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:15

M. Solihning “jihodga” da’vati faollarning keskin noroziligini uyg‘otdi


2011 yilning mayida tuzilgan “O‘zbekiston xalq harakati” (O‘XH) kuni kecha tarqatgan bayonotda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev “davlat to‘ntarishi sodir etganlikda” ayblandi va bu holat uning “boshqaruviga qarshi kurashning eng radikal shakllarini qonuniy holga olib kelgani” iddao qilindi.

Bu bayonot ketidan O‘XH raisi Muhammad Solih e’lon qilgan maqolada bir necha marta “jihod” so‘zi ishlatildi.

O‘zbekiston va uning tashqarisidagi bir necha tashkilot va shaxslar O‘XH bayonotiga va Harakat liderining maqolasiga keskin norozilik bildirdi.

Ular kurashning har qanday radikal ko‘rinishi va ayniqsa jihodga qarshi ekanliklari to‘g‘risida bayonotlar bilan chiqdi.

Norozilar orasida O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Vasila Inoyatova ham bor.

O‘XH raisining “jihodga” da’vati aks etgan “Endi biroz yomon bo‘laylik” degan sarlavha ostida yoritgan maqolasiga munosabat bildirar ekan, Inoyatova boshqarayotgan jamiyat “O‘zbekiston Xalq Harakati singari to‘dalarning har qanday radikal xatti-harakatlarini keskin qoralab, Turkiya hukumatini ularning faoliyatini o‘rganish va huquqiy baho berishga” chaqirdi.“Demokratik kuchlarni ogoh bo‘lish, fuqarolik jamiyati vakillarini bunday shubhali harakatlarga aralashib qolmaslikka” undadi.

Toshkentda faoliyat yuritayotgan “Ezgulik”nikiga o‘xshash pozitsiyada ekanligini O‘zbekistonda tashkil etilgan va hozirda Fransiyada faoliyat yuritayotgan inson huquqlari “O‘tyuraklar” klubi ham e’lon qildi.

Klub rahbari Mo‘’tabar Tojiboeva va boshqa o‘zbekistonlik faol siyosiy muhojirlarning ishonishicha, O‘XH bayonotidagi quyidagi fikrlar mutlaqo zararlidir va ularni qabul qilib bo‘lmaydi:

“Shavkat Mirziyoevning Konstitutsiyani oyoq osti qilib, Prezidentlik kursisini egallashi va zulmni kuchaytirishi kabi huquqsizliklar, muxolifat uchun boshqaruvga qarshi kurashning eng radikal shakllarini ham mashru (qonuniy)holga olib keldi.

Bundan so‘ng bo‘lishi mumkin bo‘lgan kataklizmalar uchun javobgarlik Konstitutsiyani buzib, to‘ntarish yo‘li bilan iqtidorga kelgan noqonuniy hokimiyatning zimmasidadir”, deyilgan O‘XHning bayonotida.

O‘zbekistondagi va chet eldagi o‘zbek jamoatchiligining faol qatlami noroziligiga sabab bo‘lgan bayonotning shu qismi yuzasidan Ozodlik savollariga O‘XH raisi Muhammad Solih bunday javob berdi:

Ozodlik: “Radikal shakllar” degan ibora nimani angalatadi?

- Radikal shakllar nima ekanligi ma’lum. Masalan, xalqning oyoqqa turishi bor. Xalq qo‘zg‘oloni bor. Fuqarolar bo‘ysunmasligi degan tushuncha bor. Ish tashlashlar bor. Bularning hammasi radikal shakllarga kiradi. Agar hukumat bunday qo‘zg‘olonlarni, odamlarning ko‘chaga chiqishini qurol ishlatib bostiradigan bo‘lsa Andijondagiday (2005 yil 13 may voqealari nazarda tutilmoqda - tahr.), u paytda xalq ham zolimlarga qarshi qurollanishi ham mumkin. Radikal shakllar shulardir.

Ozodlik: O‘zbekistonda shunday radikal shakllar yuzaga kelayotganining alomatlarini ko‘rayapsizmi yoki O‘XH uyushtirmoqchimi ularni?

- Yo‘q. Savolni bunday qo‘ymaslik kerak. Bizning bunday plainimiz yo‘q. Agar bunday planimiz bo‘lsa, oldindan aytamiz. Lekin bugungi kunda bunday planimiz yo‘q.

Ozodlik: Agar O‘XHning bunday rejasi bo‘lmasa, unda bu fikrning o‘zi qanday paydo bo‘ldi? Yoki xalq o‘zidan o‘zi radikal qadamlarga borishi mumkinligi alomatlarini ko‘rayapsizmi?

- Yo‘q, alomatlari – shu. Yangi hukumatdan bir narsa umid qilayotgan bir guruh kishilar chiqib gapira boshladi. “Hukumat unday, hukumat bunday” qabilida. Ammo ularga qarshi javoban, xususan vodiyda, Surxondaryo va Qashqadaryoda zulm yanada oshdi. Odamlarni tintuv qilayaptilar. Hukumat tarafidan yuborilgan banditlar juda aktiv harakatga keldi. Karimovning o‘limi arafasida biroz susaygan bosim yanada kuchaydi. Bu - Karimov o‘tkazgan repressiv siyosat - davlat terrori eng avj nuqtalarida davom etadi. Agar shunday davom etaveradigan bo‘lsa, bulajak narsalarga hech kim kafolat bermaydi, degan bayonotni berdik, dedi Muhammad Solih.

U O‘XH bayonotidan so‘ng “Endi biroz yomon bo‘laylik” degan sarlavha bilan maqola e’lon qildi va unda bir necha bor “jihod” so‘zini ishlatdi.

O‘zbekistonlik siyosiy muhojir, AQShda yashayotgan jurnalist Jahongir Muhammad Solihning maqolasi haqida Ozodlikka bunday dedi:

- Jihod nimaligini, musulmonlar jihoddan uzoqlashib ketganligini, O‘zbekistonda qiyinchiliklar odamlarning boshiga jihod bo‘lmagani uchun kelayotganligini – mana shularni tushuntirib bergan.

Jahongir Muhammad boshqa faollar bilan birgalikda kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, “Tug‘yon” Internet radiosida O‘XH bayonoti va Solihning maqolasini muhokama qildi. O‘sha muhokamada bildirgan fikrini eslar ekan, Jahongir Muhammad bunday dedi:

- Siyosiy kurash bunday emasligini eslatdim. Va aytdimki, agar bular bu yo‘ldan to‘xtasa, ularning o‘ziga ham yaxshi, O‘zbekiston xalqiga ham yaxshi, hammaga yaxshi, degan bir fikrni aytdim. Va ko‘rayapmanki, mening murojaatim natija berdi. Muhammad Solih darhol “Biz jihodga chaqirmayapmiz”, degan bayonot bilan chiqdi, dedi Jahongir Muhammad.

Chindan ham O‘XH raisi “Endi biroz yomon bo‘laylik” maqolasidan so‘ng yana bir maqola yoritdi.“Fasod ahliga” degan sarlavha ostida berilgan o‘sha maqolasida Solih o‘z tanqidchilarini til bilmaslikda ayblab, bunday yozdi:

“Fasodchilar “o‘z xaqlarimiz uchun jihod qilmaymiz” o‘rniga “o‘z xaqlarimiz uchun kurashamiz”, desa “tushungan” bo‘lishardi. Ular jihod mujohada (kurash) so‘zidan olinganini bilmaydigan darajada savodsizlar”.

Bayonoti uchun O‘XH ni hamda maqolasi uchun uning raisi Muhammad Solihni tanqid qilayotganlardan yana biri AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik muhojir Mirrahmat Mo‘minovdir. U shu yil yozda, o‘zining manbalariga tayanib, Muhammad Solihning diniy-ekstremistik guruhlar bilan aloqasi mavjudligi to‘g‘risida yozgan edi. Mo‘minov bugun Ozodlik muxbiriga yozdagi xabari uchun asoslari borligini ta’kidlab aytdi, lekin o‘sha “aloqa” tafsilotlarini aytishni istamadi.

Mirrahmat Mo‘minovning aytganlaridan kelib chiqqan savolni Ozodlik Muhammad Solihga berdi.

Ozodlik: Tanqidchilaringizdan ba’zisi “Muhammad Solihning ekstremistik tashkilotlar bilan aloqasi bor”, degan iddaoni qildi. Bunga nima deysiz?

- Hammasi iftiro va tuhmat. Bironta hujjat keltirishsin, men shundan keyin gaplashaman ular bilan, dedi Muhammad Solih.

O‘XH raisini kurashning “eng radikal shakllari”ga, “jihod”ga chaqirganidan qattiq norozilik bildirganlardan yana biri, inson huquqlari “O‘tyuraklar klubi” rahbari Mo‘’tabar Tojiboeva o‘zining rasmiy saytida bunday yozdi:

“Biz Muhammad Solih janoblari aytganidek “BIROZ YoMONROQ” bo‘la olmaymiz. Chunki biz bugungi kungacha haqqi huquqlari toptalib kelgan, xorlangan 32 millionlik MILLATDOShLARIMIZ, VATANDOShLARIMIZ boshiga yanada og‘ir kulfatlarni tushishiga, insonlar o‘limiga sabab bo‘lishga, beayb bo‘lganlari holatida diniy ekstremizm, terrorizmda ayblanib, umrbodlik va uzoq yillarga qamoq jazolariga xukm qilingan, bir necha yuz minglab qamoqlarda vaxshiyona qiynoqlarga solinayotgan, o‘ldirilayotgan diniy mahkumlar, ularning yaqinlari, ota ona diydoriga zor bo‘lib va kamsitilib voyaga yetayotgan farzandlar soni ko‘payishiga, O‘zbekiston Xalq Harakatining yolg‘onlariga ishonib, uning jihodga chorloviga ergashib adashgan insonlarning ommaviy qamashlar boshlanishiga, qiynoqlarga tutishlar, adolatsiz sudlar xukmlari bilanozodliklar mahrum qilishlar boshlanishiga jim qarab tura olmaymiz. Biz qonun yo‘li bilan O‘zbekiston huqumatini qonunlarga itoat etishi, xalqaro majburiyatlarni bajarishi talabini davom ettiramiz. O‘zbek xukumatini biz fuqarolik jamiyati vakillari bilan muloqotlar olib borishga chaqirishga, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida ularga maslakdosh bo‘lishga tayyor ekanligimizni ta’kidlashdan to‘xtamaymiz. Bizning boshqa yo‘limiz yo‘q.

Xuddi shunday fikrni Mo‘’tabar Tojiboeva Ozodlik bilan suhbatda ham bildirdi.

O‘XH va uning raisi tanqidchilari orasida yana bir o‘zbekistonlik siyosiy muhojir, Frantsiyada yashayotgan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ham bor.

Ozodlik bilan suhbatda Rabbimov masalaga kenroq yondoshar ekan, O‘zbekistondagi va muxolifatdagi umumiy vaziyatga baho berarkan, bunday dedi:

- Muxolifat maqsad va vazifalariga ko‘ra, ikkiga bo‘linadi. Muxolifatning aksar qisi – 99 foizining maqsadi O‘zbekistondlagi mavjud avtoritar rejimni transformatsiyalashdir. Ya’ni u kamroq zulm qilsin, kamroq kuch ishlatsin, majburlov mexanizmlarini kamroq ishga solsin. Imkon qadar rag‘batlantirish, lekin asosan ishontirish orqali vaziyatni ushlab tursin. Bu talab muxolifatning aksariyat qismini birlashtiradi. Lekin muxolifatning juda kam sonli, asosan 2-3 odami bor, ularga transformatsiya kerak emas, ularning yagona maqsadi – hokimiyat. Va ularning maqsadi qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, hokimiyatga kelish. O‘zbekistonda qanchalik ijobiy o‘zgarishlar bo‘lsa, ular shunchalik og‘ir ahvolga tushadi. Bu mening ko‘p yillik kuzatishimidir, dedi Rabbimov.

Bu gapni aytar ekan, siyosatshunos konkret ismlarni tilga olmadi, lekin agar Muhammad Solihni nazarda turgan bo‘lsa, bu tanbehga u o‘zining maqolasida bunday javob bergan:

“…biz bir siyosiy harakatmiz, siyosiy harakatlarning istisnosiz hammasi (agar u qo‘g‘irchoq partiya bo‘lmasa) iqtidorga kelish uchun faoliyat ko‘rsatishadi”.

Muhammad Solih aytayotgan siyosiy harakat to‘g‘risida Kamoliddin Rabbimov Ozodlikka bunday dedi:

- O‘zini O‘zbekiston xalq harakati, deb nomlayotgan tashkilot bugungi kunda nolegal va nolegitim. Chunki Nizomiga zid o‘laroq, 2012 yilgi Praga qurultoyida rais saylovi bo‘lmagan va u yerda jamoatchilikni to‘laqonli manipulyatsiya qilish yuz bergan. Yangi Nizom va yangi dasturga ovoz berildi va shu bilan oldingi raisni tasdiqlaganday bo‘lishdi. Yangi qabul qilingan Nizomga binoan har uch yilda qurultoy bo‘lishi kerak edi. 2015 yili qurultoy bo‘lmadi, dedi Kamoliddin Rabbimov.

O‘XH rasmiy saytiga ko‘ra, bundan bir necha kun muqaddam o‘tkazilishi kerak bo‘lgan qurultoy qoldirilgan.

“Joriy yilning 15-iyulida Turkiyada amalga oshmay qolgan harbiy to‘ntarish ortidan joriy qilingan favqulotda vaziyat kuchda qolmoqda.

Qurultoyda ishtirok etish uchun 150 dan ortiq odam yig‘ilgan. O‘zbekistondan kutilgan 4 kishidan bir nafarigina etib kelgan. Aytilishicha, qolganlar aeroportda to‘xtatib qolingan.

To‘planganlar orasida Qirg‘iziston sobiq ombudsmani va Oliy majlis deputati Tursunboy Bakir o‘g‘li, Rossiyadan jurnalist va tahlilchi Orxan Jamol, Istanbuldagi “Turkiston Birligi Jamiyati” raisi Burxon Qovunchilar ham bor”, deyilgan O‘XH rasmiy saytida.

“O‘zbekiston xalq harakati” 2011 yilning mayida tuzilgan. Keyinroq uning ta’sischilari bo‘lgan ba’zi tashkilot va shaxslar mazkur harakatga a’zoligini to‘xtatgan.

XS
SM
MD
LG