Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:02

Prezidentlikka nomzod inson a’zolarini ko‘chirishga ruxsat bermoqchi


Toshkentda bog‘cha mudirasi pora bilan qo‘lga tushdi. Malayziyadan uchadigan yo‘lovchilar Samsung Note 7 telefonini olib chiqishi taqiqlandi. Buxorolik erkak rashk sababli xotini va ikki bolasini chavaqladi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Davlat hokimiyati rahbarlariga fuqarolarni har kuni qabul qilish majburiyati yuklandi

O‘zbekistonda davlat hokimiyati organlarida faoliyat yurituvchi rahbarlarga fuqarolarni har kuni qabul qilish majburiyati yuklandi. Bu haqda bir qator matbuot nashrlari xabar berdi. Vazirlar Mahkamasi 2016 yil 27 oktabrda qabul qilgan qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tuman hokimliklari aholi va tadbirkorlar uchun har kuni soat 08:00 dan 11:00 gacha shaxsiy qabul tashkil qilish chorasini ko‘rishi lozim. Davlat hokimiyati organlari mutasaddilari zimmasiga, shuningdek, aholi va tadbirkorlar bilan ishlashni qayta ko‘rib chiqish, muammo va e’tirozlarni joyida hal etish, veb-sayt va ishonch telefoni orqali murojaat etish tizimini tubdan yaxshilash vazifalari yuklangan.

Prezidentlikka nomzod Narimon Umarov: O‘zbekistonda inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalari – transplantologiyaga ruxsat berish lozim

O‘zbekiston prezidentligiga “Adolat” partiyasidan nomzod sifatida ko‘rsatilgan Narimon Umarov mamlakatda transplantologiya, ekstrakorporal urug‘lantirish va boshqa zamonaviy tibbiy xizmatlarga ruxsat berish lozimligini taklif etmoqda (“Oila davrasida”, 10 noyabr). Ayni vaqtda O‘zbekistonda mazkur tibbiy amaliyotlarga qonunan ruxsat berilmagan. N.Umarov, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni faqat qonun yo‘li bilan muvofiqlashtirish, qonunosti hujjatlari soni va doirasini qisqartirish, to‘rachilik va rasmiyatchilikka qarshi keskin kurashni yoqlamoqda. “Adolat” partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodga ko‘ra, poytaxt Toshkent va viloyatlar o‘rtasidagi keskin iqtisodiy va ijtimoiy tafovutning oldini olish uchun yirik kompaniyalarning markaziy boshqaruv organlarini kichik shaharlarga ko‘chirish lozim.

O‘zbekistonda 2017 yildan dori-darmon narxining asossiz oshishiga qarshi tartib kuchga kiradi

2017 yil 1 yanvardan O‘zbekiston dori-darmon bozorida narxlar ustidan nazorat kuchaytiriladi (“Darakchi”, 10 noyabr). O‘zbekiston Prezidentining 31 oktabrdagi qaroriga ko‘ra, xorijdan olib kelinadigan va mamlakatda ishlab chiqariladigan dori-darmon va tibbiyot buyumlarining asossiz oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunga muvofiq, dori-darmon ulgurji savdoda sotib olingan qiymatdan 15 foiz, chakana savdoda esa ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan ustama asosida sotilishi mumkin. Narxni belgilash tartibini buzgan yuridik shaxslar litsenziyadan mahrum etiladi. Qarorga ko‘ra, aholini dori-darmon va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni tizimli nazorat qilish uchun Respublika komissiya tashkil etiladi. Mazkur komissiya ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun narxlarni belgilaydi va narxlar monitoringini olib boradi.

Toshkentda bog‘cha mudirasi pora bilan qo‘lga tushdi

Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi “Kamalak” nomli maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi pora bilan qo‘lga tushdi (“Huquq”, 10 noyabr). Ismi oshkor etilmagan mudira farzandini bog‘chaga qabul qilish evaziga uning onasidan 150 AQSh dollari pora talab qilgan. O‘z navbatida, ota-onalar huquq idoralariga murojaat etgan. Bog‘cha mudirasi ashyoviy dalil – 150 dollarni olayotganda ushlangan. Chilonzor tuman prokuraturasi tergovchisi Saydirasul Nabixojaevga ko‘ra, poraxo‘r mudiraga nisbatan amnistiya akti qo‘llanilgan.

Malayziyadan uchadigan yo‘lovchilar Samsung Note 7 telefonini olib chiqishi taqiqlanadi

Malayziyadan uchadigan yo‘lovchilarga havo kemalari sahnida Samsung Note 7 uyali telefonlarini olib ketish taqiqlandi. Bu haqda “Darakchi” nashri “O‘zbekiston havo yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmatiga tayanib xabar beradi. “Mazkur cheklovlar ilgari ro‘y bergan Samsung Note 7 markadagi smartfonlarning yonib ketganligi holatlari munosabati bilan kiritilgan bo‘lib, shu sababli yo‘lovchilar telefonni qo‘l yuki sifatida olib ketishlari, bagajga topshirishlari yoki Malayziyadan uchib ketadigan qatnovlarda yuk sifatida jo‘natishlari mumkin emas” deyiladi “O‘zbekiston havo yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati xabarida.

Tuman hokimliklari veb-saytlari bir necha yildan beri yangilanmayotir

O‘zbekistondagi aksar tuman hokimliklarining veb-saytlari bir necha yildan beri yangilanmayotir (“Hurriyat”, 9 noyabr). “Nahot oradagi shuncha vaqt ichida tumanlarda aytishga arzigulik o‘zgarishlar bo‘lmasa?! Ba’zi hokimliklarning umuman veb-saytlari yo‘q. Sayt har doim, juda bo‘lmaganda qonunda aytilganidek, kamida haftada bir marotaba yangilanib turishi kerak” deb yozadi gazeta. Qayd etilishicha, mahalliy davlat hokimiyati organlari rasmiy veb-saytlari talabga to‘la javob bermaydi. Bugun og‘riqli nuqtalarga barham berish, xususan, onlayn murojaatlarni hadeganda yagona davlat interaktiv xizmatlari portaliga yuklayvermay, mahalliy hokimiyatlarning o‘zida hal etish ustuvor vazifaga aylangan.

Buxorolik erkak rashk sababli xotini va ikki bolasini chavaqladi

Buxoroda bir kunda bir oilaning barcha a’zolari nobud bo‘ldi (“Postda”, 5 noyabr). Ismi oshkor etilmagan erkak mast holatda dastlab rafiqasini, so‘ng norasida qizi va o‘g‘lini pichoqlab o‘ldirgan. Shundan keyin o‘z joniga qasd qilgan. Qayd etilishicha, jinoyatga noo‘rin rashk sabab bo‘lgan. Jinoiy ishning boshqa tafsilotlari ochiqlanmagan.

XS
SM
MD
LG