Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:46

Ruminiyada andijonlik qochqin hibsga olindi


I.Muhammadsobirov
I.Muhammadsobirov

Ruminiya chegarasida O‘zbekiston talabi bilan xalqaro qidiruvda bo‘lgan 37 yoshli Izatulloh Muhammadsobirov hibsga olindi. Shvetsiya vatandoshi bo‘lgan andijonlik bu qochqin Interpol ro‘yxatida ekani sababli 1 oyga hibsda qoldirildi. Karimov hukumati tomonidan Andijon voqealariga aloqadorlikda ayblanayotgan Izatulloh bundan 6 yil muqaddam Rossiyadan ketib, Yevropada panoh topgan “Ivanovo o‘zbeklari”dan biridir.

2016 yilning 11 noyabrida Ruminiya bilan Bolgariya chegarasida Shvetsiya vatandoshi bo‘lgan 37 yoshli andijonlik Izatulloh Muhammadsobirov Kalafat shahri chegara punkti nazoratchilari tomonidan hibs etildi.

Qo‘lga olish tafsilotlarini Ozodlikka so‘zlab bergan mahbusning do‘sti Asrorbek rumin chegarachilari Izatullohda Stasburg sudi qarori va Shvetsiya vatandoshligi borligini ham inobatga olmaganini aytadi.

- Bizlar Stambuldan chiqib, Bolgariyadan o‘tdik va Ruminiya chegarasiga kelganimizda, pasportlarni olib tekshirgani olib kirib ketdi.2 soat o‘tdi, “Kutinglar!”, dedi. Ekspertlar kelib, Izzatullohni olib ketdi so‘roqqa. Keyin meni so‘roq qildi. “Izzatullohni qaerdan taniysan? Shvetsiyada birgamisizlar? Qachon?”, deb so‘radi. Keyin qo‘yvoradigan bo‘ldi – xursand bo‘lib chiqsak, uni Kalafat shaharchasiga olib ketishibdi. U yerdan Krayovaga olib ketibdi. U yerdagi turklar bilan tanishib oldim-da, ertasi kuni Izzatulloh ushlab turilgan joyga bordim. “Muammosi – Andijon voqealaridan keyin u qidiruvga berilgan”, deyishdi. “Ularni Yevropa sudi oqlab Rossiyadan chiqarib yuborgan”, dedim. Ular bo‘lsa gapni aylantirib Suriyaga olib taqaydi. “Meni ishim O‘zbekiston bilan, Shvetsiya bilan, men tinch yashashni xohlayman”, dedim, dedi Asror.

Suhbatdosh ular Yevropaning deyarli barcha davlatlarida muammosiz yurgani ham rumin maxfiy xizmat xodimlarini ishontira olmadi, deydi.

Krayovada yashayotgan turklar unga oxirgi paytlarda Ruminiya chegarachilari “Muhammad, Ahmad, Abdullo” kabi ism egalarini sinchkovlik bilan tekshirayotganini bildirgan.

- Ular shunday ismlarni Suriya masalasi bilan bog‘lamoqda. Umuman olganda, sistemasi yaxshi emas ekan. Menga avval juda qo‘pol muomalada bo‘ldi – ruslarni tabiati bor ekan ruminlarda. O‘zbekiston sharoitini gapirsam kuladi – “Shunday davlat ham bo‘ladimi?!”, deb. Keyin menga tez ketishni va qaytib kelmaslikni buyurishdi, dedi Asrorbek.

12 noyabr kuni Krayova shahar sudi Izzatullohni hibsda qoldirish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Aniqlanishicha, Krayova shahar qochqinlar markazida saqlanayotgan Izzatulloh Muhammadsobirov himoyasiga Tommi Deniel ismli mahalliy advokat tayinlangan.

Himoyachi Muhammadsobirov Andijon voqealari asosida Ruminiya xavfsizlik xizmati tomonidan ushlab qolinganini tasdiqladi.

- Meni uning suddagi vakiliman.U qidiruvga O‘zbekistonda prokuratura tomonidan 2005 yilgi andijon voqealariga aloqadorlikda gumonlanib Interpolga berilgan ekan. Terrorchi sifatida. U shanba kuni chegarada hibs etildi. Endi O‘zbekiston prokuraturasidan unga tegishli bo‘lgan hujjatlar kelguncha 5 dekabrgacha hibsda qoladi. Ishonamanki, biz uni ekstraditsiyasiga yo‘l qo‘ymaymiz, dedi himoyachi Tommi Deniel Ozodlikka.

Advokat bugundan boshlab o‘zbekistonlik qochqin himoyasiga Shvetsiya elchixonasini ham jalb qilishini bildirdi. U shu kunlarda Izzatulloh bilan borib hibsxonada ko‘rishishini ham qo‘shimcha qildi.

Ozodlik Izzatulloh Muhammadsobirov bundan 6 yil oldin Rossiyadan chiqib ketgan “Ivanovo o‘zbeklaridan” biri ekanini aniqladi.

Andijondagi 2005 yilgi qonli voqealarga aloqadorlikda ayblanib xalqaro qidiruvga berilgan o‘zbek qochqinlari hanuzgacha Interpol ro‘yxatida turgani ma’lum, deydi Ozodlikka ukasi to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot bergan Abdurrauf Muhammadsobirov.

U ukasi Turkiyaga tadbirkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yishga borganini bildirib, dedi:

- O‘tgan yili men ham, ukam ham oilaviy Shvetsiya vatandoshligini oldik. Ammo O‘zbekiston fuqaroligimiz ham kuchida turibdi, muammo - chiqmaganizda. Ukam oldin ham Yevropaning deyarli hamma davlatlarida bo‘lib chiqqan, Shengenga kirmaydigan barcha davlatlar orqali bir necha marotaba o‘tgan. Turkiyada biznes ochish niyatida qatnagan edi. Lekin muammo chiqmagan edi shu paytgacha! O‘zbekiston hukumati yaqinda Interpol qidiruvida bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangilagan, degan taxminlarimiz bor, dedi Abdurrauf.

Abdurrauf ukasi shu paytgacha tahsil olib kelgani va endi o‘z ishini yo‘lga qo‘yish niyatida Turkiyaga qatnay boshlaganini bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Izzatulloh Muhammadsobirovni Shvetsiyada to‘rt nafar farzandi kutib qolmoqda.

Ozodlik vaziyatni kuzatib boradi.

Eslatib o‘tamiz, Ivanovo shahridagi “Rosteks” firmasida ishlayotgan 12 o‘zbekistonlik va bir qirg‘izistonlik 2005 yilning 18 iyunida Rossiya militsiyasi tomonidan qamoqqa olingan edi.

O‘zbekiston hukumati bu shaxslarni Andijon voqealariga aloqadorlikda ayblab, Rossiyadan ekstraditsiya qilishni so‘ragan.

2008 yilning aprel oyida esa Yevropa inson huquqlari sudi “Ivanovo o‘zbeklari”ga nisbatan oqlov hukm chiqargan edi.

2010 yilda andijonlik qochqinlar Yevropa davlatlarida boshpana topdi.

XS
SM
MD
LG