Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:51

Mirziyoev Surxondaryoda agrofirmalar tuzish haqida qaror chiqardi


O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 9 noyabr kuni Surxondaryo viloyatidagi dehqon xo‘jaliklari imkoniyatlaridan samarali foydalanish haqida qaror qabul qildi. Bu qarorda viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tayyorlaydigan, saqlaydigan, qayta ishlaydigan va xorijga eksport qiladigan agrofirmalar tashkil etilishi nazarda tutilgan. Biroq, fermerlarning aytishlaricha, toki bu agrofirmalar davlat ulushidan chiqarilmas va fermer etishtirgan mahsulot raqobat asosida sotib olinmas ekan, dehqonning kosasi oqarmay qolaveradi.

Vazirlar mahkamasi qaroriga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyat(MChJ) shaklidagi agrofirmalar Surxonadryo viloyatining meva-sabzavot yetishtiruvchi har bir tumanida tuziladi.

Qarorda Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy bankiga bir oy mobaynida agrofirmalarga eng kami 2 milliard so‘mlik kreditlar ajratishi shartligi aytilgan.

Tuziladigan agrofirmalarga meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini ulgurji savdosi bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.

Ayni kunlarda, mamlakatning janubiy tumanlarida agrofirmalar tuzish ishlari jadal boshlab yuborilgan.

Denov tumani hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Dilmurod Allaberdievning aytishicha, agrofirmalar tuzishdan asosiy maqsad fermerlar va aholining shaxsiy tomorqalarida yetishtirilgan hosilga chet elda xaridorlar topib, uni sotishdir:

- Bizda mahsulot etarli, ba’zan ortib ham qoladi. Mana, joriy yilning may-iyun oylarida bizda piyoz 50 so‘m bo‘lib qoldi. Narx juda ham past bo‘lgani bois, ba’zi odamlar dalasidagi piyozni terib olish xarajatidan qochib, piyozi bilan erini haydab tashladi. Agar shunday agrofirmalar bo‘lganida, uni aholidan 300-400 so‘mdan sotib olib, uni xorijga chiqarib sotishi kerak edi. Yoki uni sotib olib saqlaganda edi, hozir katta foyda olgan bo‘lar edi. Chunki, ayni paytda, bozorda piyozning narxi 800 so‘mga chiqib ketdi. Agrofirmalar xalq uchun ham, davlat uchun ham foydali bo‘ladi, dedi hokim o‘rinbosari.

Allaberdievning aytishicha, kelajakda agrofirmalar xorij davlatlari bilan shartnomalar tuzadi va o‘sha shartnomaga asosan mahsulot yetkazib beradi:

- Masalan chet eldagi tashkilot agrofirma bilan “menga fevral oyiga karamning “Aysberg” navidan falon tonna yetkazib ber”, degan mazmunda shartnoma tuzadi. Agrofirmalar esa o‘z navbatida fermer xo‘jaliklari va aholiga bu haqda buyurtma beradi. Agrofirmalar ishini endi boshlayapti. Hozircha buyurtma berish yo‘q, xalqimiz etishtirgan mahsulotlarni xorijga sotish imkoniyatlarini qidirish ishlari boshlanyapti, dedi Dilmurod Allaberdiev.

Biroq, ismi sir qolishini so‘ragan surxondaryolik fermerlardan birining aytishicha, davlat ulushi hisobidan tashkil qilinayotgan agrofirmalar vositachi tashkilot hisoblanadi va dehqon yetishtirayotgan mahsulot raqobat asosida sotib olinmas ekan, asosiy foydani faqat agrofirmalar ko‘radi:

- Agrofirmalar “O‘zagroeksport” tashkilotiga bo‘ysunadi. Yana monopoliya. Paxta, bug‘doy kabi, mana meva-sabzavot ham monopoliya bo‘lyapti. Agar shunday bo‘lsa hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Masalan, meva pishdi deylik. U ho‘l narsa, uzog‘i bilan bir haftada terib sotish kerak. Bu mevani sotib oladigan raqobatchi tashkilot yoki xaridor bo‘lmas ekan, agrofirmaga o‘xshagan monopolistlar o‘zi istagan narxni qo‘yadi. Yana dehqon arzon-garovga sotishga majbur bo‘ladi, deydi fermer.

Fermer bu jarayonda o‘zi guvoh bo‘lgan voqeani gapiradi:

- Toshkent viloyatining Parkent tumanida mening do‘stim bor. U uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Hozir davlat tashkiloti unga uzumingni kilosini 800 so‘mdan sotgin deyapti ekan. Lekin, ayni paytda Rossiyaga uzum olib borib sotadigan xususiy tadbirkor kilosiga 14 ming so‘mdan taklif qilyapti. O‘rtadagi farqni ko‘ryapsizmi, 15 baravar arzon olyapti, davlatniki. Xuddi shuningdek, meva-sabzavot etishtiruvchi o‘z mahsulotini erkin va kelishilgan narxda sotish imkoniyatiga ega bo‘lmas ekan, hech narsa o‘zgarmaydi. Eng avvalo, agrofirmalardan davlat ulushini bekor qilish kerak, chet elga mahsuotni bemalol sotadigan agrofirmalarni ko‘paytirish kerak. Ana o‘shanda dehqonga ham foyda bo‘ladi, valyuta tushumi ham ko‘payadi, dedi fermer.

O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi va Statistika bo‘yicha davlat qo‘mitasi qo‘shma hisobotiga ko‘ra, 2016 yilning dastlabki to‘qqiz oyi ichida o‘tgan yilning aynan shu davriga nisbatan yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarining eksport hajmi 40 foizga o‘sgan.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev 20 sentabrdan boshlab O‘zbekistondagi meva-sabzavot eksporti bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun valyuta tushumini majburiy tartibda sotish miqdorini ikki barobarga kamaytirish haqida qaror chiqargan edi.

Qarorga ko‘ra, meva-sabzovat eksportyorlari endilikda valyuta tushumining 25 foizini sotadi. Shu paytgacha tushumning 50 foizini sotish majburiyati belgilangan edi.

Joriy yilda davlat tashkilotlari dehqonlardan mahsulotini arzon narxda davlatga sotishga majburlash holatlari kuzatilgan edi.

Iyul oyida Samarqand viloyatining Ishtixon tumani hokimligi o‘z tomorqasida uzum yetishtirgan odamlarga hosilni bozor narxida emas, balki arzon-garov davlatga topshirishga majburlagan edi.

XS
SM
MD
LG