Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:32

Toshkentda saylov xavfsizligini ta’minlash maqsadida pasport berish to‘xtatildi


Ushbu tadbir pasport bo‘limlari oldidagi uzundan-uzun navbatlarni bartaraf etish maqsadi bilan izohlanmoqda.
Ushbu tadbir pasport bo‘limlari oldidagi uzundan-uzun navbatlarni bartaraf etish maqsadi bilan izohlanmoqda.

Poytaxtda biometrik pasport berish bir oy muddatga to‘xtatildi. Rasmiylar tanaffusni profilaktik ta’mir bilan izohlagan bo‘lsada, bu saylov xavfsizligiga bog‘lanmoqda. Xabarlarga ko‘ra, shaharda odam ko‘p to‘planadigan joylarda nazoratni kuchaytirish topshirilgan. Saylov xavfsizligi to‘la IIB xodimlari zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, uchastka bo‘limlarida kunu tun navbatchilik tashkil qilingan.

Toshkentda biometrik pasport berish 11 noyabr kuni to‘xtatilgan. Biroq bu haqdagi xabar mahalliy matbuotda oradan 5 kun o‘tib paydo bo‘ldi.

Mahalliy nashrlar Ichki ishlar vazirligidagi manbaga tayanib, pasport berishdagi bir oylik tanaffusni profilaktik ta’mir bilan bog‘liq ekani haqida yozdi.

Lekin IIV saytida 17 noyabr kuni ham bu haqda biror xabar joylashtirilgani yo‘q.

Pasport bo‘limlaridan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, 12 dekabrgacha poytaxtdagi barcha pasport bo‘limlari biometrik pasportni rasmiylashtirish va berishni to‘xtatish borasida buyruq olishgan.

Poytaxt militsiyasidagi manbaning aytishicha, pasport bo‘limlaridagi “muvaqqat tanaffus” saylov xavfsizligi bilan bog‘liq:

“Saylov bilan bog‘liq xavfsizlik Ichki ishlar vazirligiga topshirilgach, bir qancha tadbirlar ishlab chiqildi. Shulardan biri - odam ko‘p to‘planadigan joylarda nazoratni kuchaytirish. Pasport bo‘limlarida navbatlar uzunligi bor gap. Shuning uchun saylov o‘tguncha bu narsani bartaraf qilish topshirilgan”, dedi militsiyadagi manba.

Vaqtinchalik tanaffus natijasida biometrik pasportga hujjat topshirganlar o‘z pasportini faqat 11 dekabrdan keyin, ya’ni prezident saylovidan kamida bir hafta o‘tgach, olishlari mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, “Pasport olishga ulgurmaganlar saylovda qanday ishtirok etadi?” degan savolni tug‘diradi. Bu savolga O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidan hozircha biror rasmiy javob bo‘lgani yo‘q.

O‘tgan oy O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi saylov xavfsizligini ta’minlashni Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yukladi. Mahalliy matbuot joriy oy boshida rasmiylarga tayanib, saylov arafasi xavfsizlik choralari kuchaytirilishi haqida xabar qilgandi.

Hozirda militsiya bo‘limlari saylov uchastkalarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida u yerlarda kuni tun navbatchilik qilayotgani aytilmoqda.

Barmoq izlari

Asiaterra nashri saylovoldi poytaxtda shubhali ko‘ringan shaxslarning barmoq izlari olinayotgani haqida yozdi.

Nashrning yozishicha, shahardagi istirohat bog‘lari va ko‘chalarda “shubhali” ko‘ringan shaxslar militsiya bo‘limlariga olib borilib, ularning barmoq izlari olinmoqda, sobiq mahkumlar esa uylaridan IIBga chaqirtirilayapti.

Ayni paytda toshkentliklar shaharda hozircha xavfsizlik bilan bog‘liq jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmayotganini aytishdi:

"Avvallari har bayram oldi yoki biror jiddiy tadbir payti ko‘chalarni militsiya bosib ketardi. Hozircha ko‘chalarda militsiya ko‘paygani yo‘q. Yaqinda boshqa shaharga samolyotda uchib borib keldim. Aeroportda ham nazorat kuchaytirilgani deyarli kuzatilmadi. Ishxonalarda ham hozircha nazorat borasida biror gap-so‘z bo‘lgani yo‘q", dedi toshkentlik yigit.

4 dekabr kuni o‘tkaziladigan saylovda o‘zbekistonliklar to‘rtta nomzoddan birini prezidentlikka saylaydilar.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod - prezident vazifasini bajaruvchi va amaldagi bosh vazir Shavkat Mirziyoev, Xalq-demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov, Milliy tiklanish partiyasidan Sarvar Otamurodov va Adolat partiyasidan Narimon Umarovlar o‘zaro "kurash" olib bormoqda.

Joriy yilgi prezidentlik saylovi keyingi chorak asr ichida ilk bor Karimov ishtirokisiz o‘tadi.

Bu saylovda ilk marta YeXHTga a’zo bo‘lgan 13ta mamlakat vakillaridan tuzilgan 17 kishilik kuzatuvchilar missiyasi qatnashadi.

Shunga qaramasdan O‘zbekistondagi siësiy faollar Karimov o‘limidan keyingi saylovlar eski uslubda davom etishidan tashvish bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG