Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:26

Mansabdorlar 45 milliard so‘mlik paxtani talon-taroj qilgani fosh etildi


O‘zbek deputatlari davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiyaning oldini olish lozimligini aytmoqdalar. “O‘zpaxtasanoateksport” mulozimlari o‘tgan yil hosilidan milliardlab so‘mlik paxtani talon-taroj etganlar. Vazirlik va hokimliklar fuqaro murojaatiga panja orasidan qarayotgani tanqid qilindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_______________________________________________________________

Parlament: Davlat xaridlarida korruptsiyaga yo‘l qo‘ymaslik lozim

Davlat byudjetidan xarid amalga oshirilganda yetti o‘lchab, bir kesish, vijdonan qaror qabul qilish lozim (“O‘zbekiston ovozi”, 17 noyabr). Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tgan yig‘inda ana shu jihat eslatildi. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda davlat xaridlari hajmi yalpi ichki mahsulotning 11 foizini tashkil etadi. Davlat xaridlari turli tarmoqlarga sarmoya kiritish, aholi turmush darajasini oshirish, ijtimoiy vazifalarni ado etish, davlatni boshqarish va mudofaani ta’minlash kabi maqsadlarga amalga oshiriladi. Deputatlar davlat xaridlarini amalga oshirishda shaffoflik va ochiqlik mexanizmini yaratish, bu borada korrupsiyaning oldini olish lozimligiga e’tibor qaratgan.

Milliardlab so‘mlik paxtani talon-taroj qilgan mansabdorlar

“O‘zpaxtasanoateksport” kompaniyasi tizimida idoraviy nazoratning sustligi tufayli o‘tgan yil hosilidan mansabdorlar tomonidan 44,7 milliard so‘mlik paxta xomashyosi va mahsulotlari talon-taroj etilgan (“Huquq”, 2016 yil 45-son). Masalan, “Andijonpaxtasanoat” hududiy filiali va ushbu tizimdagi mansabdorlar 8,2 milliard so‘mlik paxta xomashyosini talon-taroj qilgan. Prokuratura o‘tkazgan tekshiruvlarda, shuningdek, 1 milliard 122 million so‘mlik irrigatsiya va melioratsiya inshootlari hamda ushbu yo‘nalishda ajratilgan byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgani aniqlangan. Agrar tizimda qishloq xo‘jaligi texnikasi va yonilg‘i-moylash mahsulotlarining saqlanishi bo‘yicha tadbirlarda esa 6,2 milliard so‘mlik yonilg‘i-moylash mahsulotlari hamda 203,5 million so‘mlik texnika talon-taroj etilgani fosh qilingan.

Vazirlik va hokimliklar fuqaro murojaatiga panja orasidan qarayotgani tanqid qilindi

Joriy yilning 9 oyida O‘zbekistondagi barcha davlat organlari va mahalliy hokimliklarga jismoniy va yuridik shaxslardan 338,2 mingta murojaat kelib tushgan, bu o‘tgan yilga qaraganda 3,1 foiz ko‘p (“Darakchi”, 17 noyabr). “Mahalliy hokimliklar, vazirliklar va idoralarda murojaatlarni ko‘rib chiqishning ahvolini o‘rganish natijalari haqiqatan ham joylarda jiddiy muammolar mavjudligini, ularning echimlari o‘z vaqtida topilmaganligini, murojaatlarni ko‘rib chiqishdek dolzarb masalaga rahbarlar tomonidan panja orasidan qaralayotganligi hamda mas’uliyatsizlik va sansalorlik holatlariga yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatdi” deb yozadi gazeta. Fuqarolarning murojaatlari asosan bank-kredit, ichki ishlar, nafaqa, davlat organlari ishlashi, ta’lim, ish haqi, sog‘liqni saqlash, uy va yer olish, yoqilg‘i-energetika kabi masalalarga oid. Qayd etilishicha, murojaatlarni ko‘rib chiqishda kamchiliklarni bartaraf etish borasida mas’ul idoralarga alohida vazifalar yuklangan. Bundan buyon davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari aholi va tadbirkorlar uchun kunlik soat 8 dan 11 gacha shaxsiy qabul tashkil etishi lozim.

XS
SM
MD
LG