Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:53

Muxolifat faoli Ismoil Dadajonov Shvetsiyada vafot etdi (VIDEO)


“Birlik xalq harakati” partiyasi raisi o‘rinbosari Ismoil Dadajonov 64 yoshida Shvetsiyada olamdan o‘tdi. Umr adog‘ini muxojirlikda o‘tkazgan Ismoil Dadajonov o‘z faoliyati davomida "Erk"ning Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi vazifasini ado etgan. Qo‘qon Demokratik kuchlar forumiga asos solgan, undan keyin “Birlik xalq harakati” viloyat bo‘limini boshqargan.

Ismoil Dadajanovni yaxshi bilgan jurnalist Pahlavon Sodiqning aytishicha, marhum umrini muxolifat faoli sifatida o‘tkazagan:

- "Qo‘qonlik" desa, mening ko‘z oldimga Ismoiljon aka keladi. Qo‘qondagi uylarida ko‘p marta mehmon bo‘lganmiz. 2004 yilda, oxirgi marta vodiyga safarga borganimda bir shikoyat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasiga kirdik. Prokuror samarqandlik ekan. Odatda prokurorlarning jurnalistlar bilan gaplashishi osonmas. Avvaliga kotiba qiz kutib turinglar, dedi.

Keyin birdaniga yo‘qolib qoldi. Keyin bilsak, orqa eshikdan chiqib solibdi. Ismoiljon aka u bilan avvalroq qo‘qonlik bir jabrdiydaning ishi yuzasidan tortishib qolib, "qo‘qonliklar adolatsizlikka chidamaydi, esingdan chiqarma bola!" deb tanbeh bergan ekan. "Shu-shu meni ko‘rsa qochadi" deb kulishgandi.

1980-1990 yillarda Qo‘qondagi juda ko‘p voqealarning faol ishtirokchisi bo‘lgani uchun uni ko‘pchilik tanir, hokimiyatlarning eshiklarini bemalol ochib kirar, amaldorlar bilan tengma-teng gaplashardi. Vaholanki, o‘zi muxolifatchi bo‘lgani uchun ishidan haydalgan, har-xil yumushlar bilan bola-chaqa boqardi.

Adashmasam, u kishining otasi sovet davrida O‘rmon xo‘jaligi vaziri bo‘lgan. Ziyoli oilada o‘sgan, o‘zi ham oliy ma’lumotli muhandis, mard va tanti odam sifatida taassurot qoldirgan. Ichki madaniyatli odam edi. Qo‘qonlik ekanidan, o‘zbekligidan faxrlanardi. 2000 yilda amerikalik bir jurnalist bilan Qo‘qonga bordik.

Ismoil aka saxarning kallasida mehmonxonaga kelib, bizni uyg‘otgan va Qo‘qonning nahor oshiga olib borgandi. Amerikalik do‘stim Toshkentga qaytganimizdan keyin ham ancha vaqt Qo‘qon oshining mazasini gapirib yurdi. Toshkentga kelsa, jurnalistlarni choyxonaga chaqirib, osh qilib beradigan odati bor edi. O‘sha paytlar Qo‘qondan makulatura yig‘ib kelib, Toshkentga topshirardi.

Bir oy to‘plagan makulaturasining puli bitta choyxonaga etarmidi, yo‘qmi, bilmayman.

Oshga limon bosishni Ismoil akadan o‘rganganman. 2004 yilda Kievning Maydonida palatka tikib, inqilobchilarga doshqozonda osh damlab yurdi. Qo‘qonda, vodiyda, keyinroq Ukraina va Shvetsiyada ko‘pgina o‘zbeklarga yordami tekkanidan xabarim bor.

Oxirgi yillarda sog‘ligi yomonlashgan, davolanib yurardi. Ukrainaga bir necha marta muolajaga borganlarini eslayman¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlik arxivida Ismoil Dadajonov bilan qilingan videosuhbat mavjud.

Suhbat 2011 yilning may oyida Berlinda o‘tkazilgan O‘zbekiston xalq harakati qurultoyida tasvirga olingan.

Исмоил Дадажонов: Халқни уйғотишга уриндик
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:02 0:00

XS
SM
MD
LG