Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:11

O‘shlik Dilnoza yarim yildan buyon Yekaterinburg bolalar uyida qolmoqda


Dilnoza Jo‘raboeva
Dilnoza Jo‘raboeva

Ota-onasi Qirg‘izistonning O‘sh viloyatidan bo‘lgan Dilnoza Jo‘raboeva yarim yildan buyon, Yekaterinburg shahridagi balog‘at yoshiga etmagan bolalar uyida saqlanmoqda. Yekaterinburg rasmiylariga ko‘ra Dilnoza shaxsiyatini aniqlovchi biror rasmiy hujjat yo‘q va bo‘lmagan. Hozirda uch davlat – Rossiya, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ombudsmenlari Dilnozaning ona yurti O‘sh viloyatiga yuborishga urinishmoqda.

Sverdlov oblasti ombudsmeni Tatyana Merzlyakovaning Ozodlikka aytishicha¸ Dilnoza hech bir hujjatsiz qarindoshlari bilan Qirg‘iziston orqali Rossiyaga kelgan va politsiya ushlaganiga qadar Yekaterinburgda noqonuniy yashab yurgan:

- Rossiya tomoni Dilnozani vataniga yuborishni judayam istaydi. Lekin Qirg‘iziston tomoni hozircha Dilnozaning onasini oldiga, O‘sh shahriga qaytishiga yo‘l bermayapti. Chunki Dilnoza shaxsini tasdiqlovchi biror rasmiy hujjat yo‘q. Qizning onasi Halima Jo‘raboevaning aytishicha¸ Dilnoza 19 yoshga kirgan. Biz Dilnozaning o‘ta ozg‘in va gavdasi kichik bo‘lganini hisobga olib, uni deportatsiya markaziga emas, balog‘at yoshiga yetmagan bolalar uyida saqlashga qaror qildik. Chunki bu yerda sharoit nisbatan yaxshiroq. Lekin rus tilini bilmagan qiz bola uchun juda og‘ir, u ruhan ezilgan. Biz hozir Dilnozani vataniga yuborishga yordam berishni so‘rab Qirg‘iziston va O‘zbekiston ombudsmenlariga murojaat qildik. dedi Tatyana Merzlyakova.

Sverdlovsk ombudsmeni idorasi Dilnoza shaxsiyatini aniqlash uchun kerakli hujjat yuborilishini so‘rab, ikki oy oldin O‘zbekiston ombudsmeniga maktub yuborgan. Yekaterinburg ombudsmeni idorasi rasmiylariga ko‘ra¸ O‘zbekiston tomoni bu masalada yordam berishini bildirgan.

O‘z navbatda Qirg‘iziston ombudsmeni idorasi rasmiy vakili Chinara Belekova, Ozodlik bilan suhbatda rasmiy Bishkek Dilnozani vataniga qaytarish uchun zarur hujjat to‘playotganini bildirdi.

Aytilishicha¸ Dilnozada tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning yo‘qligi bu jaraëndagi asosiy muammo bo‘lib qolmoqda:

- Biz Dilnozaning Farg‘ona shahri tug‘ruqxonasida tug‘ilganiga oid spravka O‘zbekistondan yuborilishini kutayapmiz. Bu borada O‘zbekistonga rasmiy so‘rov yubordik. O‘zbek tomoni, ushbu masalada yordam berishga ishontirdi. Kecha Dilnozaning onasi Halima Jo‘raboeva Qirg‘iziston pasportini oldi. To shu paytgacha unda eski pasport bo‘lgan. O‘ylaymanki, birgalikda Jo‘raboevalar muammosini hal etamiz, dedi Chinara Belekova.

Ozodlik bilan suhbatda Halima Jo‘raboevaning aytishicha¸ Dilnoza 2010 yilgi O‘shdagi qonli voqealar ortidan Rossiyaga kelib qolgan:

- Dilnoza 1997 yilda Farg‘ona viloyat tug‘ruqxonasida tug‘ildi. O‘shanda Farg‘ona tug‘ruqxonasida qizimning tug‘ilganiga oid spravka berishgan edi. Lekin spravkani yo‘qotib qo‘ydim. O‘shga qaytib kelganimdan keyin, qizimga guvohnoma olish uchun ancha yugurdim, biroq hujjat ololmadik. Keyin 2006 yilda, erimning salomati yaxshi bo‘lmagani sababli, Rossiyaga ishga ketishga to‘g‘ri keldi. Bolalarimni uyda otasi va qarindoshlarim qaramog‘iga qoldirishga to‘g‘ri keldi.

2010 yilda, O‘sh voqealari ortidan, Dilnozani tanishlarim oldimga Yekaterinburg shahriga keltirishdi. Rossiyada qizim asosan uy ishlariga yordam berib yashadi. Shu yilning may oyida menda registratsiya muhlati tugadi. Politsiya xodimlari meni ko‘chada ushlab politsiya bo‘limiga¸ keyin deportatsiya markaziga keltirishdi. U yerdan meni Qirg‘izistonga deportatsiya qilishdi. Men ushlangandan bir necha kundan keyin Dilnozani ham politsiya ushladi, deydi Halima Jo‘raboeva.

Halima opa rus tilini yaxshi bilmagan qizining Yekaterinburg shahri bolalar uyida qolib ketganidan qattiq xavotirda ekanligi va qizining uyga tezroq qaytarilishini orziqib kutaytganini aytadi:

- Juda sog‘inganman qizimni. U bilan telefonda gaplashib turibman. Sog‘lig‘im yaxshi, deydi. Telefonda gaplashganda yig‘laydi, “Meni qachon olib ketasizlar?” deb so‘raydi. Bizga qizimni kelishini va’da berishayapti, biroq hanuz natija yo‘q. Yarim yil bo‘ldi, qizimning Yekaterinburgda qolganiga”¸ deydi Halima Jo‘raboeva.

XS
SM
MD
LG