Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2021, Тошкент вақти: 18:08

Xalq banki binosini qurgan ishchilar 9 oydan beri maosh ololmayapti


Maoshini ololmayotgan quruvchilar qurgan Xovosdagi Xalq banki binosi

Sirdaryo viloyatining Xovos shaharchasida Xalq banki filiali binosini qurgan o‘nlab ishchilar aprel oyidan buyon maosh olmagani haqida Ozodlikka shikoyat qildi. Ishchilarning aytishlaricha, firma rahbari ulardan qochib yuribdi, telefon qo‘ng‘iroqlariga esa javob bermayapti. Quruvchi firma rahbari Ozodlik bilan suhbatda ishchilarga maosh berilmaganini tan oldi va bu muammo dekabr oyida hal bo‘lishiga va’da berdi.

Xalq bankining Xovos shaharchasidagi filialini qurishda ishtirok etgan ishchilarning Ozodlikka yozgan shikoyatida aytilishicha, ular to‘qqiz oydan buyon maoshsiz qolmoqda:

“Xalq banki binosi qurilishini firmasi zimmasiga olgan. Biz, mahalliy va O‘zbekistonning turli viloyatidan kelgan quruvchilar, bahordan buyon maoshimizni ololganimiz yo‘q. Firma rahbari Mahmud degan odam nomiga oz-moz pul berib turdi. Ishni bitirganimizdan so‘ng esa qochib yuribdi. Uni bir amallab, topib uchrashgan paytimizda har safar kelasi oyning birinchisida olasizlar, deydi. Shunday qilib oradan 9 oy o‘tib ketdi”, deb yoziladi shikoyatda.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan ishchilardan birining aytishicha, firmaning ishchilardan umumiy qarzdorligi 50 million so‘mdan oshib ketgan:

“Bitta meni brigadamda 6 kishi ishlagan. Svarshik, plita yotqizuvchi, malyar va boshqalar. Bankning hamma xonalariga, jumladan seyf turadigan xonasiga biz marmar yotqizganmiz. Qo‘qondan, Surxondaryodan yigitlar kelib ishlab ketgan edi. Ular ham oylikni kutib-kutib axiyri ketib yuborishdi. Mana, Hasan, Sherali, Sanjar, Ilyos, Rustam, Igor, Mahmud, Oybek, aka-uka Furqat, shuhrat, Mahfuza, Manzura,.. bu mening yodimda qolgan ishchilar. Yana o‘nlab boshqa odamlar ham bor. Shuncha odamni Mahmud aldab yuribdi”, deydi ishchilardan biri.

Bank binosi qurilishi prorabi Anvar Mahkamov ham Ozodlik bilan suhbatda ishchilar oylab maoshsiz qolganini tasdiqladi:

- Hamma yigitlar mening qo‘limda ishlagan. Hech kim maoshlarini ololmayapti. Ozgina berganu, lekin asosiy qismi turibdi. Masalan, mening ham besh oylik maoshim turibdi. So‘rasak, bankdagi hisob raqamimni arestovat qilgan, ochilsa beraman deydi. Prokuraturaga ham arz qilgandik, ularga ham shunday deyapti, dedi prorab Anvar Mahkamov.

“Mahmud – Doston” qurilish firmasi rahbari Mahmud Otaboboevni Ozodlik qidirib topdi. Firma rahbari Ozodlik bilan suhbatda, ishchilarga maosh berilmayotganini tan oldi va bu muammoning sabablarini quidagicha izohladi:

-To‘g‘ri, to‘g‘ri. Yarim oyliklarini berolganim yo‘q. Sababi, menga bir ikkitasi inkassa qo‘ygan edi. O‘shalarni qarzini berguncha shunaqa bo‘lib qoldi. Xudo xohlasa, bu muammo hal bo‘lyapti. Uzog‘i bilan dekabr oyining 20-25iga maoshlarini to‘liq beraman. Mabodo berolmasam, uchta vagonim bor, o‘shalarni sotib bo‘lsa ham beraman. Keyingi yilga qoldirmayman, dedi Mahmud Otaboboev.

Oxirgi yillarda Ozodlikka O‘zbekistonda pensiya, stipendiya va moshlarning o‘z vaqtida berilamayotgani to‘g‘risida muntazam shikoyatlar kelmoqda.

Mamlakatda naqd pulning taqchillashib boraëtgani oqibatida maosh¸ nafaqa va pensiyalarning olti oylab berilmayotgani kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG