Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:42

Muammolar "virtual quti"si ochildi - Mirziyoev saylovdan so‘ng ularga real yechim topa oladimi?


Gaz¸ svet¸ naqd pul taqchilligi¸ ishsizlik¸ pasport nazoratidagi cheklovlar va huquq tizimlari adolatsizligidan shikoyat o‘zbekistonliklarning Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan arizalari ko‘pchiligini tashkil etadi.
Gaz¸ svet¸ naqd pul taqchilligi¸ ishsizlik¸ pasport nazoratidagi cheklovlar va huquq tizimlari adolatsizligidan shikoyat o‘zbekistonliklarning Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan arizalari ko‘pchiligini tashkil etadi.

Virtual qabulxona ochib¸ xalqqa "hal etilmagan masalalar/muammolar, ariza, shikoyat yoki takliflar" bilan bevosita o‘ziga murojaat qilish imkonini bergan Shavkat Mirziyoev¸ kuzatuvchilarga ko‘ra¸ "o‘zbekistonliklar ichidagi parni chiqarish uchun 20 yildan ko‘proq yopiq kelgan qozon qopqog‘ini ko‘tardi". Bu tashabbus¸ "par chiqarish bilan" tugaydimi¸ yoki virtual qabulxona orqali ko‘ringan ijtimoiy fikr bo‘lajak prezident siyosatiga ta’sir qiladimi¸ bu savol javobi hozircha ochiq qolmoqda.

Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev 24 sentabr kuni hukumat rasmiy portalida virtual qabulxona ochib¸ unga qo‘rqmasdan shikoyat va arizalarini yo‘llashni taklif qildi.

Yaxshisini oshirib¸ yomonini yashirishga o‘rgatilgan xalq bu imkondan ikkilanib bo‘lsa ham foydalanishga kirishdi va o‘tgan 2 oydan ko‘proq vaqt davomida Mirziyoevga 200 mingdan oshiq shikoyat yubordi.

Bu shikoyat va arizalarning katta qismi¸ Ozodlik suhbatlashgan virtual qabulxona rasmiylari¸ oddiy o‘zbekistonliklar¸ qolaversa¸ rasmiy statistikaning o‘z e’tiroficha¸ Toshkent propiskasi¸ biometrik pasport olish va chiqish vizasi kabi harakat erkinligini cheklovchi qarorlar bilan bog‘liq.

Yana bir katta guruh muammolar huquq-tartibot tizimlari¸ birinchi galda IIV va sudlar faoliyati bilan bog‘liq bo‘lsa¸ uchinchi ulkan guruh muammolar iqtisodiy siyosatga taalluqlidir. Ishsizlik¸ naqd pul¸ gaz va elektr taqchilligi¸ konvertatsiya yo‘qligi virtual qabulxonaga kelgan shikoyatlardan o‘zbekistonliklarni eng ko‘p qiynauotgan muammolar turkumi bo‘lib chiqdi.

Oddiy o‘zbekistonliklar 25 yil ichida birinchi bor hukumat rahbariga qaysi muammolar o‘zini qiynayotgani va prezidentlikka kelayotgan rahbardan qaysi muammolar yechimini kutayotganini bildirdi. 4 dekabr kungi saylovlarda prezidentlikka saylanishi kutilayotgan Shavkat Mirziyoev o‘z tashabbusi bilan xalqdan kelgan bu talab va takliflarni qanchalik inobatga oladi¸ 25 yil davomida taxlanib kelgan bu muammolarni hal qilish uchun davlat boshqaruvi¸ huquq tizimlari faoliyati¸ qolaversa¸ mamlakat iqtisodida tub islohotlar qilishga jur’at qiladimi¸ yo‘qmi¸ bu savolga saylovdan keyingi kunlarning javob berishi kutilmoqda.

Muammolar qutisining chorak asr berkitilgan qopqog‘i ochildi

8 sentabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi qo‘shma palatalari qarori bilan mamlakat prezidenti vakolatlari vaqtincha zimmasiga yuklangan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev 24 sentabr kuni hukumat portalida virtual qabulxona ochdi.

“Sizda hal etilmagan masalalar/muammolar, ariza, shikoyat yoki takliflar bormi? U holda murojaatingizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yuborishingiz mumkin”¸ degan taklif bilan o‘zbekistonliklar o‘z muammolarini Shavkat Mirziyoev idorasiga bevosita yo‘llashga rag‘batlantirildi.

5 oktabr kuni Samarqandda saylovchilar bilan uchrashgan Mirziyoevning o‘zi virtual qabulxonaga qilinadigan har bir murojaatning shaxsan o‘z nazoratida ekanini ta’kidladi va hokimlar va vazirlik rahbarlari oldiga shikoyatlarni zudlik bilan hal qilish topshirig‘ini qo‘ydi.

Virtual qabulxona g‘oyasi o‘zbekistonliklar 20 yildan ko‘proq vaqt davomida rahbarlar va mahalliy matbuotdan eshitib kelgan bayonotlardan farqlandi. Mirziyoev "obod va ozod yurt" aholisida ham muammolar borligini e’tirof etdi va bu e’tirof aksar o‘zbekistonliklar tomonidan ijobiy qarshi olindi.

- Men Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasi chiqqanidan juda xursandman. Chunki shu qabulxona orqali yillardan beri bitmay kelayotgan ishlarimiz bita boshladi¸ deydi bir oy ichida bu qabulxonaga 7 marta telefon orqali murojaat qilgan farg‘onalik fermer Ozodlik bilan suhbatda.

Mirziyoev virtual rag‘batidan xabar topganlar¸ yechimini topmay kelayotgan oddiy maishiy muammolar tortib¸ mamlakat iqtisodi mohiyatini tubdan isloh qilishni talab qiluvchi shikoyatlarga qadar virtual qabulxonaga yuborishga kirishdi.

Virtual qabulxona yangilanayotgan statistikani taqdim etmoqda

Virtual qabulxonada ochiqlanayotgan rasmiy statistikaga ko‘ra¸ 1 dekabrga qadar “o‘tgan ikki oy mobaynida virtual qabulxonaga 217 mingga yaqin murojaat kelib tushgan va ularning 135 mingdan ziyodi ko‘rib chiqilgan, nafaqat ko‘rib chiqilgan, balki murojaatchini qiynayotgan savollarga javob berilgan yoki mavjud muammolar hal qilingan.”

Eng ko‘p shikoyat¸ toshkentliklardan tushgan – Bosh vazir qabulxonasiga Toshkent shahridan 68 278 ¸Toshkent viloyatidan esa¸ 30 715 marta murojaat bo‘lgan. Hududiy arizalar bo‘yicha Toshkentdan keyin ikkinchilikka qo‘yilgan Farg‘onadan 16 256¸ uchinchilikdagi Qashqadaryodan esa¸ 15 850 marta murojaat bo‘lgan va Toshkent bilan bu nisbatan faol ikki viloyat o‘rtasidagi farq qariyb bir necha baravarni tashkil etgan.

(Kuzatuvchilar¸ shikoyatlar sonining hududiy bo‘linmasida Toshkent shahri va viloyatining birinchilikda ekanini¸ poytaxt va unga tutash mududlarda internetga kirish imkoni ko‘proq ekani¸ bu hududlarda elektr ta’minotidagi uzilishlarning O‘zbekistonning qolgan qismiga nisbatan kamroq ekani bilan izohlashmoqda.)

Mirziyoev virtual qabulxonasi 1 dekabr kuni ochiqlagan statistik raqamlarga ko‘ra¸shikoyatlarning 45 foizi pm.gov.uz saytiga elektron murojaat qilish orqali¸ 41 foizi 1000-210 000 maxsus raqamlariga telefon qilish¸ qolgan 4 foizi esa¸ Mirziyoev mansub O‘zLiDeP orqali qabul qilingan.

Eng ko‘p shikoyat harakat erkinligini cheklovchi qonun-qoidalar va IIV faoliyatiga oid

Virtual qabulxonaning o‘z statistikasiga ko‘ra¸ 1 dekabrga qadar kelgan 217 ming shikoyatdan son jihatdan eng ko‘pi Toshkent shahar hokimligi¸ respublika idoralariga taqsimlanganda esa¸ Ichki ishlar vazirligi faoliyati bilan bog‘liq. Aholidan bu vazirlik bilan bog‘liq 25 657 ariza tushgan (1 dekabrga qadar) va bu umum shikoyatlarning qariyb 12 foizini tashkil etadi.

Mirziyoev virtual qabulxonasi mas’ullaridan birining Ozodlikka aytishicha¸ Toshkent shahar hokimligi va Ichki ishlar vazirligiga tushgan shikoyatlarning ko‘pchiligi harakatlanish erkinligining cheklangani¸ aniqrog‘i Toshkent shahar va viloyatida ham vaqtincha¸ ham doimiy propiskadan o‘tishning aksar aholi uchun yopiqligi bilan bog‘liq. Shikoyatlar daxldorligi bo‘yicha birinchi uchlikni tashkil etgan Toshkent shahri va viloyati hokimligi¸ shuningdek Ichki ishlar vazirligiga tushgan arizalar esa¸ virtual qabulxonaga 1 dekabrga qadar qilingan murojatlarning 30 foizini tashkil etadi.

Yozuvchi Salomat Vafo viloyatlardan ish izlab kelib¸ o‘z mamlakati poytaxtida muntazam quvg‘inda yashayotgan yuz minglab o‘zbekistonlik uchun bu masala hayot-mamot masalasiga aylangani va shu boisToshkent shahar hokimi va boshqa idoralar rahbarlari bilan oktabr oxirida o‘tkazilgan bevosita muloqotda ham uni tilga olganini aytadi.

- Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududiga pasport ro‘yxatidan o‘tish va propiska qilinishi mumkin bo‘lgan 59 ta korxona bor. Bugungi kunda Toshkent bozorlarida propiskasiz bolalarini bog‘chaga va maktabga berolmayotgan, birovning nomiga sotib olgan uylariga egalik qilisha olmayotganlar ko‘p. Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni reforma qilinishi lozim¸ deydi yozuvchi Salomat Vafo.

Virtual qabulxonaning Ozodlik suhbatlashgan mas’uli¸ Ichki ishlar vazirligi faoliyatiga oid eng ko‘p shikoyat Toshkent propiskasidan keyin biometrik pasport olish bilan bog‘liq murakkabliklar, ichki ishlar organlarining noqonuniy harakatiga taalluqli ekanini bildirdi.

IIV xodimlari hatti-harakati ustidan shikoyat qilgan gulistonlik Dilshod¸ virtual qabulxonaga militsiya xodimlari hatti-harakatini videotasvirga olish mumkinmi¸ degan savol bilan murojaat qildi. Bu savolga IIV yuqori darajali rasmiysidan tasdiq javobini olgan Dilshod¸ bu yangilikni Ozodlik orqali jamoatchilik bilan o‘rtoqlashdi.

- O‘zbekistonimizda hamma militsiya xodimlaridan qo‘rqadi. Ular “militsiyani videoga olishga hech kimning haqqi yo‘q” degan narsani kallasiga quyib olgan. Bu narsani militsiyadagilarning o‘zlari o‘ylab chiqargan. Bu o‘zlarini pora olayotganda tasvirga tushib qolmaslik uchun qilingan. Ular urmoqchi bo‘ladi, so‘kadi, qo‘rqitadi. Endi men O‘zbekistonda to‘liq s’yomka qilishga haqqim borligini bilaman, kerak bo‘lsa Youtubelarga qo‘yvoraman. Masalan, militsiya xodimlari soqol bilan O‘zbekistonda yurish mumkin emas, degan qoidalarni o‘ylab topgan. Tasvirga olish odamlarning korruptsiyaga qarshi kurashishga juda katta yordam beradi, deydi Dilshodbek.

Ish yo‘q¸ naqd pul yo‘q¸ kredit yo‘q; gaz yo‘q¸ elektr yo‘q¸ suv yo‘q...

Virtual qabulxona statistikasiga ko‘ra¸ Shavkat Mirziyoevga qilingan shikoyatlar soni bo‘yicha¸ IIV dan keyingi o‘rinlarni Mehnat vazirligi¸ Markaziy bank va tijorat banklari¸ Adliya vazirligi¸ O‘zbekneftgaz va Moliya vazirligi egallagan.

Hukumatning virtual qabulxonasi mas’ul xodimi ham Ozodlikka murojaatlarning katta guruhi O‘zbekiston banklarida naqd pul , qishloqlarda elektr energiyasi va gaz yo‘qligi,haqidagi shikoyatlar ekanini aytadi:

- Viloyatlarda elektr energiyasi va tabiiy gazda muntazam uzilishlar bo‘layotgani, toza ichimlik suvi yo‘qligi haqida shikoyatlar ko‘p. Shuningdek, banklarda naqd pul yo‘qligi haqida ham ko‘plab murojaatlar bo‘lyapti. Shu bilan birga ko‘pchilik salonlardan mashina olish qiyin, deyapti. Hamma shikoyatlar birma-bir o‘rganilayapti, - dedi ismi sir qolishini istagan hukumat mulozimi.

Virtual qabulxona mas’uli tilga olgan energetik taqchillik¸ ishsizlik¸ tadbirkorlik muammolariga daxldor shikoyatlar 1 dekabrga qadar yuborilgan murojaatlarning 16 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etgan.

“Bu shikoyatlarning o‘rganilayotgani bor gap¸ lekin bu ularga yechim topildi¸ degani emas”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan bank tizimi mulozimi.

Naqd pul yo‘qligi bu faqat Markaziy bank (MB) muammosi emas¸ uni hal qilish ham faqat MB qo‘lidan kelmaydi. Aksariyat shikoyatlar pul-kredit siyosati bilan bog‘liq. Bu hukumat siyosati¸ unga doir qonunlar bor¸ banklar shunga rioya qiladi. Qonunlarni o‘zgartirish ham MB vakolatida emas. Mashina olishga¸ uy olishga garovsiz yoki foizsiz kredit ber¸ degan murojaatlar ko‘p. Biz bunday qilolmaymiz¸ qonun yo‘l qo‘ymaydi”¸ deydi O‘zbekistondagi etakchi bank mulozimi.

Yillar davomida qabul qilingan qonun va qarorlar asosida yuzaga kelgan O‘zbekistondagi gaz va elektr taqchilligi muammosi bo‘yicha kelayotgan shikoyatlar¸ Ozodlik suhbatlashgan mulozimlarga ko‘ra¸ viloyatlardan kelayotgan shikoyatlarning asosiy qismini tashkil etadi.

- Karimov bor gazning ko‘pini Xitoyga¸ Rossiyaga sotaman deb¸ 30 yillik shartnomalar imzolab ketgan bo‘lsa¸ biz gazni qaydan olaylik. Bu muammoni biz tugul¸ ertaga prezident bo‘lganidan keyin Mirziëev ham hal qila olmaydi. Bu shartnomalarni buzaman desa¸ uning shartlari¸ jarimasi juda og‘ir¸ deydi kuniga o‘nlab shunday shikoyatlarga rad javob berishga majbur bo‘layotganini aytgan vodiydagi gaz idoralaridan biri rahbari.

Virtual qabulxona to‘planib qolgan parni chiqardi¸ ammo..

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik tahlilchilar¸ Shavkat Mirziyoev virtual qabulxonasini haqiqiy ijtimoiy fikrni o‘rganish urinishi sifatida olqishlaydilar.

“Yillardan beri o‘zbekistonliklar dunyodagi eng baxtiyor¸ eng shukurlik¸ eng erkin xalq kabi sifatlarni ko‘z-ko‘z qilish uchun ijtimoiy fikr soxtalashtirilib¸bo‘yab-bejab kelindi. Virtual qabulxona¸ o‘zbekistonliklar ichida minglab muammo yig‘ilib ketganini birinchi marta e’tirof etish bo‘ldi”¸ degan kuzatuvchilar¸ bu qabulxonaga tushgan shikoyatlar Shavkat Mirziyoevga prezident sifatida qaysi muammolar ustida ishlashni belgilashda yo‘l xaritasi sifatida qabul qilinishiga umid bildirdilar.

- 32 millionlik xalqni bir qo‘lda boshqarishning samara bermasligini 25 yillik tarix ko‘rsatdi. Shavkat Miromonovich¸ qozonning qopqog‘ini ochib¸ to‘planib qolgan parni chiqardi va o‘zi shundoq ham yaxshi bilgan pishib-yiringlab ketgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishning qanaqangi yo‘llari borligini tekshirib ko‘rdi¸ deb o‘ylayman. Bu qabulxonaning samarasi vaqtincha. Hozir odamlar o‘z muammolarini bayon qilish barobarida davlat hokimiyati idoralari oldiga nimalarga ko‘proq e’tibor qilish kerakligini ko‘rsatib berishdi¸ deydi o‘zbekistonlik publitsist Alimardon Annaev.

Bu ko‘rsatmalarni amalga oshirish esa¸ tahlilchilarga ko‘ra¸ davlat boshqaruvi¸ Islom Karimov tutgan iqtisodiy-ijtimoiy siyosatni jiddiy isloh qilmay turib¸ mumkin emas.

Bunday fikrni tahlilchilar barobarida¸ O‘zbekistondagi boshqaruv hokimiyatining taniqli arboblari ham aytmoqda.

"Agar siyosiy matritsa o‘rnidan siljimasa, biz iqtisodiy ko‘tarilishga erisha olmaymiz. Xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi qonunlar qabul qilinmasa, inson huquqlari, tadbirkorlar huquqlari kafolatlanmasa, sarmoyadorlar uchun qulay muhit yaratilmasa iqtisodiy o‘sish bo‘lmaydi. Ya’ni, demokratizatsiya bo‘lmasa, iqtisodiy taraqqiyot ham yo‘q”, - dedi jumladan 1 dekabr Press Club: Elections.uz-2016 brifingida Oliy Majlis Senati Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Sodiq Safoev.

Bunday islohotlarga qo‘l urishga Shavkat Mirziyoevda siyosiy iroda va jur’at topiladimi¸ yoki oddiy xalq bilan hokimiyatning virtual qabulxona orqali ochilgan muloqot darichasi saylovlardan so‘ng sekin-asta yopilib¸ davlat siyosati karimovcha o‘zanlarga qaytadimi-yo‘qmi¸ Ozodlik suhbatlashgan tahlilchilar¸ bu savollarga 4 dekabrda saylanajak prezidentning birinchi 100 kunlik faoliyatidan javob topishga umid qilmoqdalar.

XS
SM
MD
LG