Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2021, Тошкент вақти: 18:28

O‘zlidepchilar Mirziyoevning g‘alabasini bayram qildi


Mirziyoev g‘alabasi nashidasini surayotgan O‘zlidepchilar.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev saylovda g‘alaba qozongani e’lon qilinganidan keyin 5 dekabr oqshomida Toshkentda o‘z tarafdorlari oldida chiqish qildi va qo‘llov uchun barchaga minnatdorchilik bildirdi.

O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoev O‘zLiDeP vakillari qarshisida nutq so‘zlamoqda, Toshkent, 2016 yil 5 dekabri.
O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoev O‘zLiDeP vakillari qarshisida nutq so‘zlamoqda, Toshkent, 2016 yil 5 dekabri.

Tadbirda O‘zLiDeP faollari, tadbirkorlar va ishbilarmonlar, turli soha vakillari, san’at va madaniyat namoyandalari ishtirok etdilar.

Kecha O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi 4 dekabrdagi saylovda Shavkat Mirziyoev, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 88,61 foiz ovoz olib, g‘alaba qozonganini ochiqlagan.

Tadbir ishtirokchilari.
Tadbir ishtirokchilari.

​Saylovda 3,73 foiz ovoz olib, ikkinchi o‘rinni egallagan O‘zbekiston xalq-demokratik partiyasi nomzodi Hotamjon Ketmonov Shavkat Mirziyoevni g‘alaba bilan tabriklagan.

O‘z partiyasi saylov natijalarini tan olishini bildirgan Ketmonovga ko‘ra, O‘zbekistonda prezident saylovi ochiq va demokratik tamoyillar asosida o‘tgan.

MDH kuzatuvchilar missiyasi ham yakshanba kuni O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovga ijobiy baho berdi, biroq YeXHT missiyasi saylov jiddiy qonunbuzarliklar bilan o‘tganini qayd etdi.

Madhiya kuylagan yulduzlar va Yulduz

Shavkat Mirziyoev g‘alabasi munosabati bilan O‘zLiDeP dushanba oqshomida uyushtirgan tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova ham ishtirok etdi.

Yulduz Usmonova Shavkat Mirziyoevni tabriklash tadbirida (Qalampir.uz fotosurati).
Yulduz Usmonova Shavkat Mirziyoevni tabriklash tadbirida (Qalampir.uz fotosurati).

Kechagi tadbirda Usmonova o‘zbek qo‘shiqchilari va sportchilari bilan birgalikda O‘zbekiston madhiyasini kuylaganiga e’tibor qaratgan mahalliy nashrlar buni qo‘shiqchining “katta sahnaga qaytishi” o‘laroq baholamoqdalar.

Saylovdan oldin videomurojaat bilan chiqqan Yulduz Usmonova saylovda Liberal-demokratlar partiyasi nomzodi Shavkat Mirziyoevga ovoz berishini ma’lum qilgan va muxlislarini ham shu nomzodni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan:

Karimov davrida rasmiy davralardan chetlatilgan Sherali Jo‘raev, Yulduz Usmonova va Obid Asomov kabi san’atkorlar katta sahnaga qaytayotganiga oid xabarlar oktabr oyida paydo bo‘lgan.

Yulduz Usmonova “Xalqlar do‘stligi” saroyida so‘nggi bor bundan qariyb o‘n yil muqaddam konsert bergandi. Xonanda 2005 yildan beri davlat tadbirlariga chaqirilmay qo‘ygani aytiladi.

Ketayotgan Ban Ki Mun va kelayotgan Mirziyoev

BMT bosh kotibi Ban Ki Mun Shavkat Mirziyoevni O‘zbekiston prezidenti lavozimiga saylangani bilan tabrikladi. Bu haqda BMT yangiliklar markazi xabar qiladi.

Ban Ki Mun 2010 yili Orolga safar qilganida unga o‘sha paytda bosh vazir lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoev hamrohlik qilgandi.
Ban Ki Mun 2010 yili Orolga safar qilganida unga o‘sha paytda bosh vazir lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoev hamrohlik qilgandi.

“Bosh kotib saylovdan so‘ng mamlakatda barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun barcha siyosiy kuchlarni birgalikda ishlashga chaqiradi”, deya bildirdi Ban Ki Munning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik.

Ban Ki Mun BMT bosh kotibi lavozimida joriy yil oxirigacha ishlaydi. 2017 yil 1 yanvaridan bu lavozimni Portugaliya sobiq bosh vaziri Antonio Gutterish egallaydi.

Saylov natijalari e’lon qilinishi bilanoq Mirziyoevni g‘alaba bilan Tojikiston, Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston prezidentlari va boshqalar ham qutlagandi.

XS
SM
MD
LG