Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2021, Тошкент вақти: 17:31

O‘zbekiston 27 davlatdan boradigan sayyohlar uchun vizani bekor qiladi


2017 yilning 1 aprelidan boshlab dunyoning 15 davlatidan boradigan turli yoshdagi sayyohlar, 12 davlatidan boradigan 55 yoshdan oshgan sayyohlar O‘zbekistonga vizasiz kirishi mumkin. O‘zbek rasmiy matbuotining xabar qilishicha, mamlakat prezidenti vazifasini bajarayotgan Shavkat Mirziyoev 2 dekabr kuni shu mazmundagi qarorni imzolagan.

6 dekabr kuni Uza.uz axborot agentligi "O‘zbekiston Respublikasi sayyohlik sohasini rivojlantirishni tezlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qaror matnini chop qildi.

Shavkat Mirziyoev imzolagan qarorda turzim sohasi bo‘yicha O‘zbekistonda mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solish va bu sohani yaqin kelajakda iqtisodning strategik sektoriga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Ayniqsa, O‘zbekistonda mavjud "7 mingdan ortiq unikal tarixiy obida" va ularning tegrasidagi infrastrukturani rivojlantirish alohida ta’kidlangan.

Vizasiz sayohat

Qarorda ko‘zda tutilgan eng muhim jihat dunyoning 27 davlati fuqarolariga viza tartibinining bekor qilinishidir.

Qarorda aytilishicha, 2017 yil 1 aprelidan boshlab, Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveytsariya i Yaponiya fuqarolari 30 kungacha muddatga vizasiz O‘zbekistonga borishi mumkin.

Yosh cheklovi

Belgiya qirolligi, Indoneziya, Xitoy, Malayziya, AQSh, Fransiya, Vyetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya i Chexiyaning 55 hamda undan yuqori yoshdagi fuqarolari ham 30 kungacha bo‘lgan muddatga vizasiz O‘zbekistonga borishi mumkin. Ammo, yuqorida nomi tilga olingan davlat fuqarolari yoshiga qo‘yilgan cheklov sababi hozircha izohlangani yo‘q.

Darvoqe, 17-18 noyabr kunlari prezident Rejap Tayyib Erdo‘g‘on boshliq delegatsiyaning O‘zbekistonga safaridan so‘ng bu davlat fuqarolariga vija bekor qilinishi kutilayotgan edi. Ammo, viza tartibi bekor qilinadi, deya rasmiy matbuot e’lon qilgan davlatlar ro‘yxatida hozircha Turkiya yo‘q.

Kirish to‘lovi

Nomi tilga olingan mamlakatlarning fuqarolaridan O‘zbekistonga kirayotganda 50 AQSh dollari miqdorida to‘lov undiriladi va to‘lovni tasdiqlovchi hujjat asosida sayyohlar mamlakatga kiritiladi. Sayyohlik to‘lovlaridan undirilgan mablag‘ esa davlat g‘aznasiga to‘kiladi.

Bundan tashqari, barcha davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunlik muddatga yagona viza tartibini joriy etish va bu vizani elektron shaklda olish imkonini yaratish ko‘zlanmoqda.

"Yashil koridor"

Qaror asosida "O‘zbekiston havo yo‘llari", "O‘zbekiston temir yo‘llari" hamda Milliy xavfsizlik xizmatiga yangi tizimga o‘tish uchun hozirlik ko‘rish vazifasi topshirildi.

Jumladan, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarida sayyohlar uchun "yashil koridor"lar tashkil qilish rejalanmoqda.

Bundan tashqari, rezident va norezidentlar uchun alohida pasport nazoratidan o‘tish yo‘laklari tashkil etilishi ham belgilangan.

Soliq imtiyozi

Ayni qaror bilan O‘zbekistondagi 4 yoki 5 yulduzli mehmonxona, motel qurgan tadbirkorlar 5 yillik muddatga daromad, yer, mulk va yagona soliq to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Shuningdek, sayyohlik operatorlari o‘z xizmatlaridan tushadigan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotishdan ozod qilinadi. Mehmonxonalar esa xorijiy valyutadagi tushumining faqat 25 foizini majburiy sotishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, sayyohlik shirkatlari 9 kishidan ortiq yo‘lovchi sig‘adigan avtotransport vositasini sotib olganida Respublika yo‘l jamg‘armasiga to‘lanadigan 20 foizlik yig‘imning faqat 3 foizini to‘lash imtiyozidan foydalanadi.

Chet ellik sayyohlar mamlakat ichidagi xizmatlar uchun erkin ayirboshlanadigan valyutada haq to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Yangi qo‘mita

Hozir faoliyat ko‘rsatayotgan "O‘zbekturizm" milliy kompaniyasi bazasida esa bir hafta ichida Sayyohlikni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tuzish ko‘zlangan.

Bosh vazir yangi tuziladigan qo‘mita zimmasiga mavjud va qo‘shimcha ravishda yaratiladigan turizm sektorini to‘liq standartlashtirish va zavonaviy meyorlarga moslashni topshirdi.

Qarorda "O‘zstandart" agentligi bilan hamkorlikda 2017 yilning 1 yanvaridan O‘zbekistondagi barcha sayyohlik shirkatlari, 2018 yilning 1 yanvaridan esa sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan umumiy ovqatlanish va avtoxizmat shirkatlarini majburiy standartlashtirishdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shu tariqa, ushbu qaror bilan O‘zbekistonda turizm, iqtisodiyot, moliya tizimidagi barcha davlat tashkilotlari - vazirlik, qo‘mita va boshqarmalar 3 oy ichida O‘zbekistonda sayyohlik sektorini rivojlantirish konseptsiyasini ishlab chiqishi hamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilish vazifasi yuklandi.

Ajoyib qaror

"O‘zbekturizm" shirkatining chet ellik sayyohlar ishlovchi bo‘limining ismini oshkor qilmagan mulozimi bu qaror uzoq kutilganini alohida ta’kidladi:

"Ajoyib karor. "O‘zbekturizm" nazorat kiluvchi organdan - rivojlantiruvchi organga aylanadi, deb umid qilamiz. O‘zgarishlar ko‘p. Shu paytgacha viza olish jarayoni juda qiyin edi. Shu sababli sayyohlar kamroq kelardi. Ular viza to‘g‘irlagunlaricha otpuskalari vaqti tugar yoki reyslari vaqti o‘tib ketardi. Endi erkin, istalgan vaqtida kelish imkoniyati yaratildi", dedi mulozim.

O‘zbekistondagi barcha sayyohlik shirkatlari va nufuzli mehmonxonalar ham qarordan xabardor qilingani va uning ortidan bo‘ladigan o‘zgarishlarga hozirlik ko‘rishdan ogohlantirilgani aytildi.

XS
SM
MD
LG