Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:13

Leningrad viloyatida muhojirni kaltaklagan politsiyachilar jinoiy javobgarlikka tortildi


Rossiyaning Leningrad viloyatida reyd paytida politsiya xodimlari qattiq kaltaklagan mehnat muhojiri og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi. Rossiya Tergov qo‘mitasi Leningrad viloyati boshqarmasi bayonotiga ko‘ra¸ politsiya xodimlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Leningrad viloyati boshqarmasi tarqatgan xabarida¸ “7 dekabr kuni Leningrad viloyatining Bugri qishlog‘i kasalxonasiga bosh va tanasiga ko‘pdan-ko‘p jarohat yetkazilgan erkak kishi keltirildi. Ushbu shaxsga yetkazilgan tan jarohatlarining politsiya xodimlari tomonidan amalga oshirilgani aniqlandi”, deyiladi.

Ushbu hodisaga aloqador politsiya xodimlariga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 286-moddasi 3-qismi (zo‘ravonlik ishlatgan holda mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergovchilar kaltaklangan shaxsning ismi sharifi, qaysi mamlakat vatandoshi ekanligi ochiqlamayotir.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Leningrad viloyati bo‘yicha rasmiysining Regnum agentligiga bildirishicha¸ Rossiya Ichki ishlar vazirligi immigratsiya nazoratining 4 nafar xodimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Aniqlanishicha, politsiyachilar reyd paytida tutilgan mehnat muhojirini qurilish ob’ektida qattiq qaltaklagan. Og‘ir tan jarohati bilan shifoxonaga olib kelingan mehnat muhojiri hozirda politsiya qo‘riqchilari nazorati ostiga olingani aytiladi.

Kuzatuvchilar Rossiyada politsiya xodimlari tomonidan mehnat muhojirlarini kaltaklash, ularga og‘ir tan jarohati yetkazish hollari kam emasligini aytib kelishadi.

Moskvadagi muhojirlar haqqini himoya qiluvchi nodavlat “Tong Jahoni” tashkiloti rahbari Valentina Chupik fikricha, Rossiyada politsiya xodimlarining muhojirlarga nisbatan qonunbuzarliklari har qadamda uchrasa-da, biroq ular kamdan-kam javobgarlikka tortiladi:

- Biz qonunni buzgan politsiya xodimlariga nisbatan jazo qo‘llash hollari ko‘paygandagina politsiya bedodligiga bo‘lgan munosabat o‘zgarayapti, deb aytishimiz mumkin. Hozirgi paytda Rossiyada qonunni buzgan politsiya xodimlarini javobgarlikka tortish hollari juda kam uchraydi. Rossiyada politsiya xodimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish qiyin ish. Boshqa tarafdan, ko‘p hollarda politsiya zo‘ravonligiga yo‘liqqan muhojir deportatsiya qilinishidan qo‘rqib, shikoyat qilishdan o‘zini tiyadi, dedi Valentina Chupik.

Ozodlik suhbatlashgan surxondaryolik Safar, Leningrad viloyatida quruvchi jiyanini politsiya xodimlari reydi paytida ushlab, qattiq do‘pposlagani va keyin politsiya bo‘limida yana bir kun ushlab turganini aytib berdi:

- Politsiya xodimlari mast holatda bo‘lgan. Jiyanim Abdulloni ish joyidan dalaga olib borib qattiq urishadi, qo‘rqitishadi. Uning hamma hujjatlari joyida, qonuniy ishlab yurgan edi. Tekshiruv paytida jiyanimning bank kartasini ko‘rib qolishadi, telefon va bank kartasini tortib olishadi. Men jiyanim uyga kelmagandan keyin, ertasiga uni politsiya bo‘limidan uyga keltirdim. Jiyanimni olib, darhol sudekspertiza markaziga olib borib, badanidagi kaltakdan qoraygan jarohat izlarini oldim. Ekspertiza hujjatlarini olganimdan keyin, sudga murojaat qilmoqchi edim. Biroq politsiya bo‘limi rahbari meni oldiga chaqirib oldi, jiyanim bank kartasi va telefonini qaytarib berdi. Shikoyat qilmasligimni so‘radi. Aks holda jiyanim ham, o‘zim ham baribir deport bo‘lishim mumkinligini ochiq aytdi. Men bola-chaqamni o‘ylab, politsiya xodimlarini sudga berish qaroridan qaytdim, deydi Safar.

Сурхондарёлик Сафар билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:18 0:00
Бевосита линк

Surxondaryolik muhojirning aytishicha politsiya xodimlari zo‘ravonligiga yo‘liqayotganlar orasida ayol muhojirlar ham bor:

- Bundan ikki oy oldin Leningrad viloyatining Kudrovo qishlog‘ida o‘zbekistonlik ikki ayolni politsiya xodimlari ushlab, politsiya bo‘limiga keltirishgan. Ayollarni kaltaklashgan, hatto zo‘rlaymiz deb qo‘rqitishgan. Ayollar qurqqanlaridan pullarini berib qutilishgan.O‘zbekistonlik ayollarning hujjatlari joyida bo‘lgan, faqat ular o‘zlari qayddan o‘tgan joyda emas, boshqa hududda ishlashgan. Ular menga bo‘lgan voqeani aytib berishdi, qo‘llari ko‘kargan joylarini ko‘rish mumkin. Ular ham deportdan qo‘rqib shikoyat qilishmadi, deydi Safar.

O‘z navbatda, Ozodlikning Safar tilga olgan hodisalar bo‘yicha Leningrad viloyati politsiya bo‘limidan munosabat olish urinishi natijasiz yakunlandi.

Politsiya xodimi jabr ko‘rgan muhojirlarning o‘zlari rasmiy ariza bilan murojaat qilishlarini maslahat berdi.

XS
SM
MD
LG