Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:14

Rossiyaliklarning 6 foizi Mirziyoevga ishonch bildirdi


Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VTsIOM) o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, oxirgi ikki yilda O‘zbekistonga ishonchi oshgan rossiyaliklar soni 7 foizga ko‘paygan. Xususan, O‘zbekistonda yangi saylangan prezident Shavkat Mirziyoevga o‘z ishonchini bildirgan ruslar soni ham 6 foizni tashkil etdi.

Rossiyaning asosiy so‘rov markazlaridan biri – VTsIOM, MDH ittifoqiga kirgan qo‘shni davlatlar va ularning hukumat rahbarlariga o‘z munosabatlarini bildirishni so‘rab rossiyaliklarga murojaat qildi.

VTsIOM mutaxassislari rossiyaliklar orasida MDH hududidagi davlatlarning rivojlanish reytingi, u yerdagi rus aholisining huquqiy holati va bu davlatlar rahbarlariga bo‘lgan ishonch darajasi bo‘yicha so‘rov o‘tkazgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, “xalqaro sahnadagi Rossiyaning eng ishonchli hamkorlari” qatorida hamda “barqarorlik va muvaffaqiyatlilik” reytingi bo‘yicha O‘zbekiston 11ta MDH mamlakatlari orasida 4 o‘rinni egalladi. Shu tariqa, rossiyaliklarning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi 2014 yildagi 3 foizdan hozirda 10 foizga oshgani qaydga olindi.

Oxirgi bir yilda mamlakatda yashayotgan “rus aholisining siyosiy, ijtimoiy, fuqaroviy va hok. huquqlari ta’minlanganligi” ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham 5 foiz rossiyalik ijobiy baho bergan, vaholanki, bu o‘tgan yili 2 foizni tashkil etgan.

Rossiya aholisidan O‘zbekistonning yangi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoevga munosabat bildirish ham so‘raldi. Ro‘yxatda 5- o‘rinni egallagan O‘zbekistonning yangi prezidentiga 6 foiz rossiyalik o‘z ishonchini bildirdi. VTsIOM olimlari keltirgan ro‘yxatda o‘tgan yillar davomida rossiyaliklarning atigi 2-3 foizi marhum prezident Islom Karimovga o‘z ishonchini bildirib kelganini ko‘rish mumkin.

Ta’kidlash joyizki, ruslarning qo‘shnilar orasida eng katta ishonchini ittifoqchi davlatlar - Belarus (69%) va Qozog‘iston (38%) egalladi. MDH davlat rahbarlari orasida esa rossiyaliklar e’tiborini Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko (65%) va Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev (54%) qozondi. Oxirgi yillarda rossiyaliklar ishonchi Rossiyaning ittifoqchisiga aylanib borayotgan Armaniston davlati va hukumatiga nisbatan ham oshib borayotgani keltirilgan raqamlarda o‘z aksini topdi.

Rossiya aholisi orasida ishonchsizlik reytingi bo‘yicha Turkmaniston prezidenti Qurbonquli Berdimuhamedov va Tojikiston rahbari Imomali Rahmon (4 foizdan), Gruziya prezidenti Georgiy Margvelashvili (3 foiz) va Ukraina prezidenti Petro Poroshenko (2 foiz) oldingi o‘rinlarni egalladi.

Bor-yo‘g‘i 5 rossiyalik ishonch-e’tiborini ruslarning Markaziy Osiyodagi eng yirik ittifoqchisi Almazbek Atambaev qozondi.

Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VTsIOM) bu so‘rovni 2016 yilning 10-11 dekabr kunlari o‘tkazgan. So‘rovda qatnashgan 1600 respondent savol-javobi statsionar va mobil telefonlar orqali o‘tkazilgan. Mutaxassislar maksimal taxminiy xato ko‘rsatkichi 2,5 foizdan oshmasligini belgilab bergan.

XS
SM
MD
LG