Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:55

Samarqandda kelin-kuyov gazdan zaharlanib nobud bo‘ldi


Tabiiy gaz yo‘qligi sabab ayrimlar propan gazi vositasida uylarini isitishmoqda.
Tabiiy gaz yo‘qligi sabab ayrimlar propan gazi vositasida uylarini isitishmoqda.

Samarqand shahrining Kavarzor mahallasida yashagan yosh er-xotin gazdan zaharlanib nobud bo‘ldi. Voqea guvohlarining aytishicha, gaz bosimi past bo‘lgani uchun kechasi o‘chib qolgan va gaz takror kelgan paytda uxlab yotgan yoshlar zaharlangan. Rasmiylar er-xotinning o‘zlarini xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaganlikda ayblamoqda.

Kavarzor mahallasining Sadriddin Ayniy ko‘chasida yashagan yosh er – xotin (ularning ismi-sharifi Ozodlikka ma’lum – tahr.)18 dekabr ertalab o‘z uyida o‘lik holda topilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan samarqandlik manbaning aytishicha, yosh kelin-kuyov tabiiy gazdan zaharlanib o‘lgan:

“Bu yoshlarning to‘yi bo‘lganiga endigina ikki oy bo‘lgan edi. Qo‘shnilarining aytishlaricha, gaz bosimi past bo‘lgani uchun mahalla pul yig‘ib gaz so‘radigan nasos sotib olgan va uni GRPga o‘rnatishgan. O‘sha kuni svet o‘chib qolib, nasos ishdan to‘xtagan va yarim kechasi yana svet yonib nasos ishlab ketgan. Oqibatda bular uxlab yotganda pechkalariga gaz to‘lib, uyga sizib chiqqan va ularni zaharlagan”, dedi manba.

Samarqand shahar gaz ta’minoti idorasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, shunday voqea bo‘lganini tasdiqlar ekan, er-xotin tabiiy gazdan emas, balki propan gazidan zaharlanib o‘lganini aytadi:

“Yo‘q, bular tabiiy gazdan zaharlanmagan. Ular uylariga qo‘lbola pechka o‘rnatib, unga ballonda bo‘lgan propan gazini ulab qo‘ygan. Kechasi yotishganda, qandaydir sabab bilan is gazi pechkadan uyga sizib chiqqan va ularni zaharlagan. Bu yoshlar texnika xavfsizligiga rioya qilmagani uchun nobud bo‘lishdi”, dedi mulozim.

Samarqand shahridagi ismi sir qolishini so‘ragan pensionerlardan birining aytishicha, har yili gaz bosimining past bo‘lishi yoki umuman gaz berilmay qo‘yilishi odamlarni o‘z hayotlarini xavf ostida qoldirib, isinish uchun turli "ixtirolar" qilishga majburlamoqda.

“Odamlar gaz bosimi past bo‘lgani uchun turli xil moslamalarni qo‘yishga majbur bo‘lyapti. Kimdir nasos qo‘yadi, kimdir qo‘lbola pechka yasaydi. Oddiy mantiq, agar gaz bosimi yaxshi bo‘lsa hech qanaqa qo‘lbola moslama ham bo‘lmaydi, odamlar ham qurbon bo‘lmaydi”, deydi pensioner.

O‘zbekistonda kuz va qish faslida is gazidan zaharlanib o‘lish holatlari to‘g‘risida Ozodlik oldin ham bir necha marta xabar qilgan.

2015 yilning 5 fevral kuni esa Samarqand viloyati Ishtixon tumanining Fayzobod qishlog‘ida istiqomat qilgan yosh kelin-kuyov ham nikoh to‘yidan ikki kun o‘tganidan so‘ng is gazidan zaharlanib vafot etgan edi. Mahalla faolining aytishicha, yoshlar uy ichiga o‘rnatilgan Xitoyda ishlab chiqarilgan gaz pechkasidan chiqqan isdan zaharlangan.

2015 yilning fevral oyida esa bulung‘urlik Sharofat Begimqulova va uning 19 yoshli qizi ham is gazidan zaharlanib hayotdan ko‘z yumgan edi.

XS
SM
MD
LG