Линклар

Шошилинч хабар
22 январ 2021, Тошкент вақти: 08:45

Buxoroda ota-onasini tiriklay yoqib yuborishga uringan yigit 16 yilga qamaldi


Surxondaryoda pochta bo‘limi boshlig‘i nafaqa va dafn pullarini o‘zlashtirdi. Sirdaryolik oila itining tug‘ilgan kunini nishonlab, jonivorga to‘n kiygazdi. Ta’lim maskanlarida “yig‘-yig‘”lar avj olgani tanqid qilindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

________________________________________________________________

Surxondaryoda pochta bo‘limi boshlig‘i 200 ga yaqin fuqaro haqiga xiyonat qildi

Surxondaryo viloyati “Karvon” pochta aloqa bo‘limi boshlig‘i 200 ga yaqin fuqaroning nafaqa va dafn pullarini o‘zlashtirgan (“Huquq”, 2016 yil 50-son). 10 yildan beri tizimda ishlab kelgan pochta rahbari “davring keldi, sur begim” qabilida ish tutgani xabar qilingan. Ismi oshkor etilmagan mansabdor 2016 yilning fevral, mart va aprel oylarida 198 nafar fuqaroning qonuniy haqi sanalgan dafn, boquvchisini yo‘qotganlik va nogironlik pullari hamda nafaqalarini egalariga bermasdan, hujjat va imzolarni soxtalashtirib, talon-taroj qilgan. Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudi pochta rahbariga tegishli jazo bergan.

Matbuot: Maktab va bog‘chadagi “yig‘-yig‘”lar – poraxo‘rlik sari dastlabki qadam

Bog‘cha, maktab, akademik litsey va kollejlarda o‘qituvchi hamda tarbiyachilarning ota-onalardan pul yig‘ishi odatiy tusga kirib bormoqda (“Oila davrasida”, 22 dekabr). “Zimmasida ta’lim-tarbiya berishdek ulkan vazifa bo‘lgan ayrim murabbiylar bu “an’ana”ning yangi ko‘rinishlarini topib, kundan-kunga avj olishiga hissa qo‘shyapti. Tilida “Sizlardan menga hech narsa kerak emas...” deb qayta-qayta takrorlasa-da, sovg‘a bilan yo‘qlab turmagan o‘quvchisiga nisbatan o‘z-o‘zidan e’tibori susayib qolyapti”, deb yozadi gazeta. Mazkur holat “tamagirlik va poraxo‘rlik sari dastlabki qadam”, deb baholangan.


Buxorolik yigit ota-onasini tiriklay yoqib yuborishga urindi

Buxorolik Farhod Egamov mudhish jinoyatga qo‘l urdi.“Huquq” gazetasi xabariga ko‘ra, 2016 yilning 25 yanvarida “ko‘rnamak farzand” F. Egamov ota-onasini tiriklay yoqib yuborishga uringan. Mast holda to‘ydan qaytgan jinoyatchi ota-onasi yashaydigan xonaga 2 ta yelim idishda benzin sepib, o‘t yoqqan va eshikni tambalab qo‘ygan. Dod-faryodni eshitgan kelin qaynota-qaynonani qutqarib qolgan. Buxoro viloyati prokuraturasi katta tergovchsi Ulug‘bek O‘rinovning ma’lum qilishicha, muqim bir ishning boshini tutmagan Farhod Egamov uzoq yillar davomida ota-onasiga tirik tovon bo‘lib kelgan, besh marta uylansa-da, oila qadriga etmagan. Tanbeh berib uni to‘g‘ri yo‘lga solmoqchi bo‘lgan ota-onasi esa ko‘ziga xavfli dushmandek ko‘rina boshlagan va shu bois ular joniga qasd qilgan. Sud hukmiga binoan, F. Egamov 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Mashina o‘g‘risi militsiya xodimini jarohatladi

Toshkent shahri Mirobod tumanida noma’lum shaxs “Matiz” haydovchisiga pichoq bilan jarohat yetkazib, avtoulovni tortib olgan va olib qochgan (“Postda”, 17 dekabr). Voqea joriy yil 24 noyabr tunida ro‘y bergan. Jinoyatchi uni to‘xtatishga uringan “Nazarbek” blokposti noziri Dilshod Jo‘raevni urib ketishga harakat qilgan. Militsiya xodimi mashina kapotiga tirmashib, avtoulovni to‘xtatishga uringan. Shu holatda u 80 metrgacha sudralib borgan va jarohatlangan. Militsiya xodimini shu erdan o‘tib ketayotgan haydovchi X. Pirnazarov shifoxonaga olib borgan. Jinoyat ishiga oid boshqa tafsilotlar oshkor etilmagan. Qayd etilishicha, militsiya noziriga o‘z vaqtida ko‘mak bergan haydovchi X. Pirnazarovga Ichki ishlar vazirligi rahbariyati minnatdorlik xati yo‘llagan.

Sirdaryolik oila iti uch yoshga to‘lishi munosabati bilan ziyofat berdi

Sirdaryoda istiqomat qiluvchi oila iti uch yoshga to‘lishi munosabati bilan ziyofat berdi. Shu hududda yashovchi Aziza Qarshiboevaning “Oila davrasida” gazetasi muxbiriga aytishicha, katta bazm uyushtirgan it egasi jonivorga to‘n ham kiydirgan. Toshkentlik Muqaddam Shayzoqova esa qo‘shnisi mushugiga etikcha kiydirib yurishini aytgan. Umuman, keyingi paytlarda mushuk, it kabi uy hayvonlarini boshdan-oyoq yasantirib, hatto sirg‘a taqib qo‘yish holatlari uchramoqda. Qayd etilishicha, bundan xurmacha qiliqlar insoniylikka ham, hayvonot dunyosini muhofaza qilishga oid qonunlarga ham ziddir.

Toshkentda “tez yordam” yuragi xuruj qilgan bemorni davolashga kechikib keldi

Toshkentda yuragi xuruj qilgan keksa ayolga tez yordam ko‘rsatishga chaqirilgan shifokorlar guruhi yarim soatdan ko‘proqqa kechikib keldi (“Darakchi”, 22 dekabr). Mazkur holatdan arz qilgan bemorning nevarasi Nadejda Yermakova shifokorlarning xatti-harakatini “loqaydlik” deb atagan. Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh vrachi o‘rinbosari Elvira Yermanovaga ko‘ra, “tez yordam” chaqiruvga sabab bo‘lgan xastalikning turiga qarab 15 dan 30 daqiqagacha vaqt oralig‘ida etib borishi kerak. Agar yetib kelgan tibbiy guruh bemorni shifoxonaga yotqizishdan bosh tortsa, 236-73-60, 236-73-32 raqamlari orqali stansiya yetakchi mutaxassislariga murojaat etish mumkin.

XS
SM
MD
LG