Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:48

Atambaev: Xalqlarimiz chegara borligini his qilmasligi uchun hamma ishni qilishimiz kerak


Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev 24 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Samarqand aeroportiga tushgan qirg‘iz prezidenti rasmiy tashrifini O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qabriga gul qo‘yish bilan boshladi. Bu Shavkat Mirziyoev prezident bo‘lganidan so‘ng ilk prezidentning rasmiy tashrifidir.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev urashuvlari kun tartibida ikki tomonlama hamkorlik, xalqaro va mintaqaviy muhim masalalarni muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Atambaev rasmiy tashrifini Samarqand shahrida dafn etilgan Islom karimovning qabriga gul qo‘yishdan boshladi. Shavkat Mirziyoev ham u bilan birga bo‘lib, gul qo‘ydi. Marhum haqiga Qur’on oyatlaridan tilovat qilindi.

Shundan so‘ng Atambaev va Mirziyoev Samarqand shahridagi «Man Auto-Uzbekistan» o‘zbek-nemis qo‘shma korxonasiga borib, u yerda ishlab chiqarilgan texnika namunalarini ko‘rishdi.

Kunning ikkinchi yarmida ikki mamlakat prezidentlari O‘zbekiston tekstil va avtomobil sanoati ishlab chiqargan mahsulotlar, xalq iste’moli mollari qo‘yilgan ko‘rgazmasini tomosha qildilar.

Shanba kuni kechqurun ikki davlat rahbarlari yakkama-yakka va delegatsiyalar ishtirokida ikki tomonlama manfaatli muhim masalalarni muhokama qilishdi.

Atambaev: "Siz o‘zbek xalqi kutgan lidersiz!"

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Almazbek Atambaev marhum Islom Karimovni yaxshi so‘zlar bilan xotirlab, shunday degan:

"Islom Abdug‘anievichning o‘z xizmati bor, u O‘zbekistonni haqiqatan ham mustaqil qildi. Biz 2010 yildagi voqealarni to‘xtatishda, provakatsion voqealar sodir bo‘lmasligida Islom Karimovning sabrli pozitsiyasi xizmatini yaxshi eslaymiz. Men 2010 yilning iyunida siz bilan(Mirziyoev nazarda tutilyapti-tahr) har kuni bir necha marta gaplashardik. O‘sha paytda bizga yordam berganlaring uchun juda ham minnatdorman", dedi Almazbek Atambaev.

Qirg‘iziston prezidenti Mirziyoevga qarab har bir davrning o‘z lideri borligini aytgan:

"Siz O‘zbekiston xalqi kutgan lidersiz. Mustaqillik uchun kurash bosqichi tugadi, endi iqtisodiyot va munosabatlarni taraqqiy ettirish, cheklovlar va keraksiz to‘siqlarni olib tashlashga harakat qilish kerak", dedi prezident.

Atambaev tarixda ikki qardosh xalqning yagona davlati - Qo‘qon xonligi borligini, ular orasida chegara bo‘lmaganini eslatib shunday degan:

"Biz xalqlarimiz chegara borligini his qilmasligi uchun hamma narsani qilishimiz kerak", dedi Almazbek Atambaev.

O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov rahbarligi davrida ikki davlat munosabatlarida izchil hamkorlik bo‘lmagan. Qirg‘izistonning "Qambarota" GESi qurilishiga O‘zbekiston doim qarshilik qilib kelgan.

Ikki yil burun Moskvadagi MDH sammitlaridan birida Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev va O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov aytishib ham qolgan edi.

O‘zbekistonning yangi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoevning qo‘shnilar bilan aloqalarni yaxshilash kerak degan gapidan so‘ng, qo‘shni davlatlar bilan iliq munosabatlar ko‘zga tashlana boshladi.

XS
SM
MD
LG