Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:55

Rossiya Dumasi qoida buzgan muhojirni birdaniga badarg‘a qilmaslikka ruxsat berdi


21 dekabr kuni Rossiya Davlat Dumasi sud hakamlariga migratsiya qonunchiligini buzgan ayrim xorijliklarni mamlakatdan birdaniga badarg‘a qilmaslik ruxsatini beruvchi qonun qabul qildi. Yangi qonunga ko‘ra, bir yil davomida qoidani takror buzgan muhojirga 7 mingdan 10 ming rublgacha jarima solinib, deportatsiya qilinadi.

Rossiya parlamenti mahalliy migratsiya qonunlarini buzgan muhojirlarga nisbatan qo‘llanilib kelingan jazo choralarini birmuncha engillashtirdi.

Chorshanba kuni Rossiya Dumasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilgan qonun loyihasiga ko‘ra, bir yil davomida takroriy qoidabuzarlik sodir etgan migrantgina Rossiyadan majburiy ravishda chiqarib yuboriladi. Rus parlamenti migratsiya qonunchiligini buzganlarga deportatsiya va mamlakatga kiritmaslik choralarini qo‘llash qoidalariga aniqlik kiritgani ma’lum qilindi.

Qonun mahalliy sudlarga bir marotaba migratsiya tartiblarini buzgan muhojirlarni deportatsiya qilmaslik mumkinligi ruxsatini ham berdi. Ma’muriy qonunbuzarliklar Kodeksiga joriy etilgan “mazkur qonun tashabbuschisi Rossiya hukumati” ekani rasman xabar qilindi.

Shu tariqa, mamlakatdan deportatsiya qilingan mehnat muhojirlarining aksariga tanish bo‘lgan Rossiya Ma’muriy qonunbuzarliklar Kodeksining 18.8 moddasiga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan:

1 Band. Rossiyaga kirish va u yerda yashash qoidalarini buzgan: migratsiya qaydiga vaqtida turmagan, Rossiyada yashash joyini tegishli idoralarga aniqlashtirmagan, Rossiya hududidan tranzit harakatlanish qoidasini buzgan xorij vatandoshiga 2 mingdan 5 ming rublgacha jarima solinadi va ehtimol – sudyaning ixtiyoriga ko‘ra -Rossiyadan ma’muriy badarg‘a qilish chorasi qo‘llaniladi.

1.1 Bandi. Rossiya hududida yashashga oid tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan yoki hujjatlarini yo‘qotib qo‘ygan, ammo tegishli idoraga (politsiyaga) bu haqda xabar bermagan, yohud yashash muhlati tugab Rossiyadan chiqib ketmagan xorijlikka, garchi bu harakatlar jinoiy jazoga tortuvchi alomatlarga ega bo‘lmasagina -2 mingdan 5 ming rublgacha jarima solinadi va Rossiyadan ma’muriy badarg‘a qilish chorasi qo‘llaniladi.

2 Bandi. Rossiya hududida migratsiya kartasida belgilagan faoliyat bilan shug‘ullanmagan xorijlikka 2 mingdan 5 ming rublgacha jarima solinadi va – sudyaning ixtiyoriga ko‘ra -Rossiyadan ma’muriy badarg‘a qilish chorasi qo‘llaniladi.

3 Bandi.1 va 2 bandlarda ko‘rsatilgan qoidabuzarliklar Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida yoki Moskva va Leningrad viloyatlarida sodir etilsa, 5 mingdan 7 ming rublgacha jarima solinadi va ehtimol Rossiyadan ma’muriy badarg‘a qilish chorasi qo‘llaniladi.

3.1 bandi. 1.1 bandida ko‘rsatilgan qoidabuzarliklar Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida yoki Moskva va Leningrad viloyatlarida sodir etilsa, 5 mingdan 7 ming rublgacha jarima solinadi va ehtimol Rossiyadan ma’muriy badarg‘a qilish chorasi qo‘llaniladi.

4 bandi. Agarda xorij vatandoshi 1 va 2 bandda belgilangan qoidabuzarliklarni bir yil davomida takroriy marotaba sodir etsa, 5 mingdan 7 ming rublgacha jarima solinadi va majburiy tarzda Rossiyadan badarg‘a qilinadi.

5 band. Agarda xorijlik yuqorida ko‘rsatilgan qonunbuzarliklarni bir yil davomida takroran sodir etgan bo‘lsa, unga 7 mingdan 10 ming rublgacha jarima solinadi va u Rossiyadan majburan chiqarib yuboriladi.

Yangi joriy etilgan o‘zgartishlarda sud hakamlari qoidabuzar muhojirning oilaviy sharoiti, uning Rossiyada yashab kelishi davomiyligi, Rossiya vatandoshligiga qilgan murojaati, topayotgan daromadi, Rossiyada yashayotgan yaqinlari bor-yo‘qligi, sog‘ligi va boshqa shu kabi xususiyatlarni inobatga olishi mumkinligi ham belgilandi.

Ta’kidlash joizki, migratsiya mutaxassislari va huquq himoyachilari Rossiyada korruptsiya va inson haqlari buzilishining ko‘plab holatlarini yuzaga keltirayotgan deportatsiya va badarg‘a qilish choralarini mutlaqo bekor qilishni talab qilib kelmoqda.

Boz ustiga, Rossiya Ichki ishlar vazirligi Rossiyaning deyarli barcha mintaqalarida ochilgan o‘nlab Xorij vatandoshlarini saqlash markazlari (SUVSIG lar) deportatsiya qilinayotgan muhojirlar bilan to‘lib toshgani, sud pristavlari esa ularni badarg‘a qilishga federal byudjetda mablag‘ yo‘qligini tan olib kelayotgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bugunga kelib Rossiyaga kirish taqiqlangan muhojirlar soni 2 millionga yaqinlashib qolgan.

XS
SM
MD
LG