Линклар

Шошилинч хабар
27 январ 2021, Тошкент вақти: 16:30

Yil yakunlari - 2016: Toshkent va Bishkek o‘rtasida muzlar eridi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev (chapda) Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaevni 24 dekabrda Samarqandda kutib oldi.

2016 yil O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi sovuqlashgan munosabatlarning keskin iliqlashuvi davri bo‘ldi.

Joriy yilning 1 oktabrida keyingi o‘n yilda birinchi marta Qirg‘iziston rahbarlari, madaniyat, san’at va sport arboblaridan iborat 130 kishilik delegatsiya O‘zbekistonga safar qildi. Toshkent tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirga O‘zbekiston Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Adham Ikromov mezbonlik qildi. Uchrashuvda tomonlar ikki davlat munosabatlarini yaxshilash to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.

Mazkur memorandum imzolanganidan bir necha kun o‘tib, yillar davomida yopiq bo‘lib kelgan chegaralar ochildi. Chegaradan o‘tishda ikki davlat vatandoshlariga bir qator engilliklar berildi.

26 oktabr kuni Qirg‘izistonning O‘sh shahriga O‘zbekistondan bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikromov boshchiligida 140 kishilik delegatsiya tashrif buyurdi.

Bu ikki uchrashuvda o‘zbek va qirg‘izlarning gapi bir bo‘ldi: Chegaralarni ochish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, yaqin qo‘shnichiplik aloqalarini o‘rnatish davri etib keldi.

Shundan kelib chiqqan holda, Qirg‘iziston chegarasiga yaqin hududda yashovchi o‘zbekistonliklar ham tez orada ikki davlat vatandoshlarining bordi-keldisiga qo‘yilgan barcha to‘siqlar olib tashlanishidan umid qilmoqda.

-Saylov juda yaxshi o‘tdi. Men ham saylovga qatnashdim. Xalqimiz deyarli bir ovozdan Shavkat Mirziyoevni prezident qilib saylab oldi. Chunki Mirziyoev qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilab, chegaradan o‘tish tartibini yengillashtiraman, deb va’da berdi.Biz bu va’dalar bajarilishiga ishonib turibmiz, -dedi O‘shga qarindoshlarini ko‘rgani kelgan o‘zbekistonlik Qahramon Eshonov.

Qirg‘izistonlik Olmaxon Qurbonova ham O‘zbekistonning yangi prezidenti qo‘shnilar bilan munosabatlarda ijobiy siljishlarga erishadi, deb umid qilishini bildirdi:

-To‘g‘ri, Mirziyoev Karimovning kadri. Biroq uning ham o‘z insoniy irodasi bor. Mana shunday irodaga ega bo‘lgan inson qatorida u chegaralarni ochib, xalqlarimizni qiyinchiliklardan qutqarsa yaxshi bo‘lar edi. Mirziyoev Karimov davrida bordi-keldiga qo‘yilgan cheklovlarni, to‘siqlarni olib tashlab, aloqalarni yaxshilashga e’tibor qaratishi kerak.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlaridagi iliqlashuvning yana bir pog‘onasi qirg‘iz prezidenti Almazbek Atambaevning 24 dekabrda Samarqandga ish safari bilan borgani bo‘ldi.

Mazkur uchrashuvdan so‘ng tegishli idoralarga yanvarь oyining o‘rtalarigacha O‘zbekiston –Qirg‘iziston chegarasidagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirig‘i berildi.

Chegara masalalari bo‘yicha qirg‘izistonlik ekspert Salamat Alamanov prezidentlar siyosiy irodalarini bildirsalar, 20 yildan beri hal etilmay kelinayotgan bu muammo o‘z echimini topishiga ishonadi:

-Bu har bir davlat o‘zi egallab kelgan erlarga egalik qilishi kerak, deganidir. Sodda qilib aytganda, 1955 yildagi chegaraga oid hujjatlar asos qilinib olinishi lozim. Shunda O‘zbekistonga ham, Qirg‘izistonga ham foydali bo‘ladi. Bugungi kungacha esa tomonlar 1955 yildan avvalgi xaritalarni va hujjatlarni asos qilib, o‘zaro chegarani aniqlay olmay kelayotgan edi, -dedi Salamat Alamanov.

Qirg‘izistondagi taniqli siyosatchi Sultanbay Ayjigitov esa 2017 yilda O‘zbekiston-Qirg‘iziston iqtisodiy aloqalarini so‘nggi o‘n yildan keyin jonlantirish va qayta tiklash yili bo‘ladi, deb hisoblaydi:

-O‘zbekiston iqtisodiy hamkor sifatida Qirg‘iziston uchun juda ahamiyatlidir. Biz ham O‘zbekiston uchun jon qo‘shnimiz. O‘zbekiston boy davlat, biroq suvga kambag‘al. Suvni asosan Qirg‘iziston beradi. Shuning uchun ham iqtisodiy va siyosiy hamkorlikning rivojlantirilishidan har ikki davlat katta foyda oladi, -dedi Sultanbay Ayjigitov.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev 1 dekabrda o‘tgan matbuot anjumanida o‘z mamlakati Qambarota-1 GESini O‘zbekiston bilan hamkorlikda barpo etishdan manfaatdor ekanini va bu loyihaga O‘zbekistonni rasman taklif qilayotganini aytgan edi. O‘zbekiston ko‘p yillardan beri Qamborota GESi qurilishiga qarshi chiqib kelayotgan edi.

Shu bilan bir qatorda Atambaev 24 dekabrda Samarqandda Mirziyoev bilan uchrashuv jarayonida Xitoy-Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha so‘zlashgan, Qirg‘iz prezidenti ma’muriyatining bildirishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev mazkur temir yo‘l qurilishi bo‘yicha Bishkek pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan.

XS
SM
MD
LG