Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:39

Bag‘dodda xudkush hujumlarda 40 odam halok bo‘ldi (VIDEO)


Iroq poytaxti Bag‘dodda sodir etilgan bir necha portlash oqibatida 40 nafardan ortiqroq odam halok bo‘ldi.

Iroq poytaxti Bag‘dodda 2 yanvar kuni terrorchilar tomonidan sodir etilgan bir nechta portlashda 40dan ortiq odam halok bo‘ldi va yuzdan ko‘proq odam yaralandi. Mazkur portlashlar uchun mas’uliyatni “Islomiy davlat” guruhi o‘z zimmasiga oldi.

Birinchi portlash dushanba kuni ertalab shialar yashaydigan Madinat as Sadr mavzesida sodir etildi. Guvohlarga ko‘ra, xudkush hujumchi mina o‘rnatilgan avtomashinani portlatgan. Oradan ko‘p o‘tmay mazkur mavzedagi kasalxona oldida ikkinchi bomba yorilgan. Uchinchi portlash esa Bag‘dod markazida sodir etildi.

Бағдоддаги портлашларда 40 одам ҳалок бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:56 0:00

Shu kuni Bag‘doddan 100 kilometr narida joylashgan Samarra shahrida ham terror hujumlari uyushtirildi. Xabarlarga qaraganda xudkush kamarini bog‘lagan bir necha terrorchi ikkita politsiya uchastkasiga kirib, o‘zlarini portlatgan. Buning oqibatida yetti nafar politsiyachi halok bo‘lgan.

Iroq poytaxtida so‘nggi paytlarda janggarilar hujumlari tez-tez yuz bermoqda. 31 dekabr kuni Bag‘dodda terror hujumi natijasida 29 odam halok bo‘lgan edi.

1 yanvar kuni esa Najaf shahrida portlatilgan bomba 7 politsiyachining umriga zomin bo‘ldi.

Xabarlarda aytilishicha, “Islomiy davlat” guruhi mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan terror hujumlari va portlashlar asosan shialar yashaydigan hududlarda sodir etilmoqda.

“Islomiy davlat” guruhi 2 yanvar kuni Istambulda 1 yanvarga o‘tar kechasi tungi klubga qilingan hujum uchun ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Mazkur hujumda 39 odam halok bo‘lgan va 69 odam yaralangan edi.

Mazkur xabarlar ortidan Germaniya politsiyasi ham 2 yanvar kuni “Islomiy davlat” guruhiga aloqador bo‘lgan hamda terror harakatini rejalashtirgan shaxs qo‘lga olinganini bildirdi.

Ma’lumotlarda aytilishicha, qo‘lga olingan shaxs 2 yil oldin Germaniyaga kelgan va bu yerdan qochqinlik maqomini olgan.

Saarbryukken shahri prokuroriga ko‘ra, qo‘lga olingan odam 38 yoshda, ishsiz. U terror harakati uyushtirish uchun “Islomiy davlat” guruhidan 180 ming yevro pul olishga harakat qilganlikda gumonlanmoqda.

Dastlabki tergov ma’lumotlariga qaraganda, bu pulning bir qismiga gumonlanuvchi yuk avtomashinasi va 400-500 kilo portlovchi modda sotib olishi kerak bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG