Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:49

Guliston hokimi bozorchilarni yangi joyga majburan ko‘chirish uchun bozor darvozalarini yopti


Darvozalari yopilgan Guliston dehqon bozori
Darvozalari yopilgan Guliston dehqon bozori

Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi dehqon bozori ma’muriyati savdogarlarni shahar chetida qurilgan yangi bozorga ko‘chirish uchun 6 yanvar kuni darvozalarini ochmadi. Bozor darvozasi oldida yig‘ilgan o‘nlab savdogar va xarid qilgani kelgan shaharliklar sovuqda bir necha soat turib, tarqaldi. Ozodlik suhbatlashgan bozorchilarning aytishicha, hali to‘la qurib bitkazilmagan va ijara narxlari ikki baravar qimmat bo‘lgan yangi bozorga qishning qahraton kunida ko‘chishga ularda xohish yo‘q.

Guliston shahri markazidagi dehqon bozori 6 yanvar kuni ishlamadi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan tadbirkorlardan birining aytishicha, bu tadbir shahar hokimi qaroriga binoan amalga oshirilgan.

“Bugun ertalabdan dehqon bozorining to‘rt darvozasi ham ochilmadi. Izg‘irin sovuqda tadbirkorlar darvozalar qachon ochilar ekan deb, rosa kutishdi. Bozorga xarid uchun kelgan odamlar ham qaytib ketishdi. Bozorqo‘mning aytishicha, hokim bugundan darvozalarni ochmaslik haqida buyruq bergan. Buning o‘rniga hokim kelib xalq bilan maslahat qilsa bo‘larmidi? Bozorni ko‘chirishni juda ham istagan bo‘lsa, shu ishni yozda qilsa bo‘lmaydimi”, dedi Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorlardan biri.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir savdogar, yangi bozor shaharliklar talab-istaklarini inobatga olmay qurilgan va hali tayyor emasligi bois, savdogarlar u yoqqa ko‘chishni istashmaëtganini aytadi.

“Birinchidan, yangi bozor talabga umuman javob bermaydi. Eski bozordan kichik qilib qurilgan, hamma tadbirkorga ham joy bo‘lmaydi. Ikkinchidan, yangi bozorga boradigan yo‘l tor, hozirdan mashinalar tirband bo‘lib yotibdi. Uchinchidan, shaharning chetidagi “Jilgorodok” degan joyga qurilgan. Shaharning bu chekkasidagi xaridorlarga qiyin bo‘ladi. To‘rtinchidan, do‘konlar juda oz qurilgan. Bu esa tadbirkorlar o‘rtasida joy talashish janjaliga sabab bo‘ladi”, deydi bu tadbirkor.

Suhbatdoshning aytishicha, yangi bozordagi joy va ijara narxlari ham eski bozorga nisbatan ikki baravar qimmat qilib belgilangan.

“Joylarning narxi qimmat. Masalan¸ qishloq xo‘jalik mahsulotlari sotadiganlar uchun bir kunlik patta puli 5 ming so‘m bo‘lsa, yangi bozorda 10 ming so‘m qilishibdi. Yangi qurilgan do‘konlar narxi ham juda qimmat qilib belgilangan. Patta va do‘konlarning ijara narxi behad oshirilgani tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘layapti”, deydi gulistonlik bu tadbirkor.

Dehqon bozori darvozalari yopilganini tasdiqlagan Guliston shahar hokimi yordamchisi, bu masalaga to‘liq izoh olish uchun hokimlikning iqtisod bo‘limiga murojaat qilishni maslahat berdi.

Iqtisod bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi esa bu masala bilan hokimning o‘zi shug‘ullanayotganini aytib, “bizning bundan xabarimiz yo‘q”, deya javobni qisqa qildi.

Ozodlik yana qaytib hokim qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qilganida, hokim yordamchisi “Iqtisod bo‘limi bilmasa, bizning ham bundan xabarimiz yo‘q”, deb go‘shakni ilib qo‘ydi.

O‘zbekiston marhum prezidenti qarori asosida 2012 yildan beri mamlakat bo‘ylab shahar va tumanlardagi markaziy dehqon bozorini yangilash, obodonlashtirish, kengaytirish, aholi va sotuvchilarga har tomonlama qulaylik yaratish¸ bozor infratuzilmasini mukammallashtirish va yangilash iddaosi bilan keng ko‘lamli buzish va qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Ijrosi uchun 2016 yil sentabriga qadar mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev mas’ul bo‘lgan bu qaror¸ aksar joylarda¸ mahalliy savdogarlar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG