Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:56

Shavkat Mirziyoev: Xalq rozi bo‘lishi uchun prokuror tadbirkor bilan do‘st bo‘lishi kerak


Prokurorlar bilan 7 yanvar kungi uchrashuvida "Prokuratura faqat jazolaydigan repressiya organi bo‘lib qolmasligi” lozimligini ta’kidlagan prezident Shavkat Mirziyoev prokurorlarni “tadbirkorlar bilan do‘st bo‘lish”ga chaqirdi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar huquqlari himoya qilingan jamiyatda taraqqiyot haqida gapirish mumkin bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning ta’kidlashicha, tadbirkorlik O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy omilidir.

-U shu yo‘l bilan nafaqat o‘zini, oilasini, balki el-yurtni ham boqadi. Shu ma’naoda tadbirkor haqiqiy fidoiy inson. Shaxsan men bunday odamlarni yoki ikkitagina ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman, -degan prezident, davlat nazorat organlarining tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashgani oqibatida ko‘pgina kichik korxonalar o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lganlarini aytdi.

-Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimiz bo‘yicha kichik biznes sub’ektlarining 16 mingtasi yoki qariyib 7 foizi o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Prezident iqtisodiyotini rivojlantirish, farovon turmushini ta’minlashda muhim o‘rin tutayotgan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasi davlat siyosatining strategik yo‘nalishlaridan biri ekanini yana bir bor esga oldi.

Shavkat Mirziyoev prokuratura xodimlaridan prokurorlardan tadbirkorlar faoliyatiga korrupsion to‘siqlarni qo‘yayotgan amaldorlarni jinoiy javobgarlikka tortishni iltimos qildi.

-Tadbirkor yo‘liga qarshi chiqish davlat siyosatiga, prezident siyosatiga qarshi chiqishdir. Afsuski, bu borada aytilayotgan gaplar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlarga nisbatan ta’magirlik holatlari hali-beri uchrab turibdi. Bu esa tadbirkorlarda haqli norozilik uyg‘otmoqda. Bunday holatlarning har biri bo‘yicha aybdor shaxslarni aniqlab,so‘zsiz jinoiy javobgarlikka tortish shart, -dedi Mirziyoev.

Prezident bundan buyon prokurorlar ishiga muayyan hududda qancha tadbirkorlik sub’ektlar faoliyat yuritayotgani nuqtai nazaridan baho berilishini ta’kidladi:

-Biz bundan buyon har qaysi tuman va viloyat prokurorlari faoliyatiga, u ishlayotgan hududda qancha yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilganiga, qancha tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilganiga qarab baho beriladigan yangi tizim joriy qilamiz.

Shavkat Mirziyoev tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinliklar qo‘yilishi ishsizlikning ko‘payishiga, buning ortidan esa jinoyatchilikning o‘sishiga sabab bo‘lishini prokurorlarga eslatib o‘tdi.

-Ma’lumki, ishsizlik birinchi navbatda jinoyatchilikning o‘sishiga sabab bo‘ladi. Andijon va Namangan viloyatlarida jinoyat sodir etganlarning yarmi, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa har uchtadan bitta ishsiz odamlar... Kim jinoyat qiladi? Ishsiz odam jinoyat qiladi. Kollejga bormagan yoshlar jinoyat qiladi. Bir o‘ylab ko‘raylik, jinoyat qachon kamayadi? Qachonki odamlar ishli bo‘lsa, daromad manbaiga ega bo‘lsa. Shundagina odamlar hayotidan, davlat va jamiyatdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lishi uchun prokuror tabdirkor bilan do‘st bo‘lishi kerak. Prokurorning kabineti tadbirkor uchun doimo ochiq bo‘lishi kerak, -dedi Shavkat Mirziyoev.

Prokurorlar bilan uchrashuv O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 19 dekabrdagi qonuniga muvofiq, 8 yanvar O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni etib belgilangani munosabati bilan bayram arafasida o‘tkazildi.​

XS
SM
MD
LG