Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:09

I.Hoshimjonov: M-39 avtoyo‘li ochilishi o‘zbek-qozoq do‘stligini yanada mustahkamlaydi


Qozog‘iston Respublikasi o‘zbeklari “Do‘stlik” hamjamiyati raisi Ikrom Hoshimjonov.
Qozog‘iston Respublikasi o‘zbeklari “Do‘stlik” hamjamiyati raisi Ikrom Hoshimjonov.

Qozog‘istonlik o‘zbeklar 2006 yilda yopilgan M-39 avtoyo‘li joriy yil fevralida qayta ochilishini xushxabar o‘laroq qabul qilmoqdalar.

Qozog‘iston Respublikasi o‘zbeklari “Do‘stlik” hamjamiyati raisi Ikromjon Hoshimjonov fikricha, xalq orasida “Betonka” deb atalgan mazkur avtotrassaning qayta ochilishi o‘zbek va qozoq xalqi orasidagi do‘stlikni yanada rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.

- Chegara albatta har ikki tomondan bekatlab qo‘yiladi. Lekin, bilasizmi, bu xalqlarning orasini faqat Yaratganning o‘zi bo‘lmasa, bandasi bo‘lolmaydi. Bizning viloyatdan juda ko‘p yurtdoshlarimiz Samarqand, Buxoro, Xivaga boradi, Ostona va Olmaotadan kelgan birodarlarimiz bilan o‘tgan yili ham mana shu shaharlarga sayohatga chiqqanmiz. 110 kilometr masofani qisqartirib, mana shu “Betonka” ochiladigan bo‘lsa, bu xalqimizning quvonchi, deb bilaman, - dedi Ikromjon Hoshimjonov.

"Betonka" nomi bilan mashhur Toshkent-Jizzax magistral yo‘lining Qozog‘iston janubiy hududlaridan kesib o‘tuvchi qismini fevral oyida ochishga oid qaror Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Erik Utembaev va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining maxsus toshpiriqlar bo‘yicha elchisi Ilhom Ne’matov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda olingan. Janubiy Qozog‘iston viloyat hokimiyatida oldingi hafta o‘tkazilgan bu uchrashuvda Qozog‘iston bosh vazirining investitsiyalar va taraqqiyot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Roman Sklyar va viloyat hokimi Janseit Tuymebaev ham ishtirok etgan.

Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish qabatida M-39 avtoyo‘lining Qozog‘iston janubidagi Paxtaorol tumani hududidan o‘tuvchi qismini foydalanishga topshirish va bu joyda nazorat-o‘tkazish maskani qurish masalasi ham qaralgan. Uchrashuv ishtirokchilariga ko‘ra, bu yo‘lning ochilishi har ikki davlat vatandoshlari uchun qulaylik yaratadi. Xususan, qozoq elchisi Utembaev bugungi kunda toshkentliklar Samarqandga Jizzax orqali 89 kilometrlik aylanma yo‘l orqali o‘tishga majbur bo‘layotganini urg‘uladi.

- Foydalanishga topshirilganidan so‘ng yangilangan yo‘l 65 kilometrga qisqaradi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanishiga hamda savdo-sotiq va turizm rivojlanishiga yordam beradi. Bundan tashqari, O‘zbekiston poytaxti Toshkent va Janubiy Qozog‘iston viloyati o‘rtasida aloqa kuchayadi, deb umid qilaman, - dedi elchi Utembaev.

M-39 trassasi Olmaotadan – Termizgacha davom etib, umumiy uzunligi 808 kilometrni tashkil qiladi.

Trassa Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning bir necha viloyatlari hududidan o‘tadi.

Qozog‘iston Respublikasi o‘zbeklari “Do‘stlik” hamjamiyati raisi Ikromjon Hoshimjonov iddaosicha, o‘zbek-qozoq aloqalari Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboevning do‘sti bo‘lgan O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov davrida ham yaxshi bo‘lgan. Hoshimjonov ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy aloqalar prezident Shavkat Mirziyoev davrida yanada rivojlanadi, degan umidda.

- Men o‘ylayman, Shavkat Mirziyoev bugungi kunda qo‘shni davlatlar bilan aloqani yana ham kuchaytiradi, bir-birlariga bo‘lgan mehrni ochadi. Asosan, bugungi kunda mana shu chegara bekatlaridan yurtdoshlarimiz qiynalmasdan, tezroq o‘tishiga imkoniyat yaratiladigan bo‘lsa, mana shuning o‘zi xalqimizning ko‘nglidagi gap va amaliy ish bo‘ladi, degan so‘zni aytaman, - dedi Ikromjon Hoshimjonov.

XS
SM
MD
LG