Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:41

Mirziyoevga videomurojaat qilgan andijonlik tadbirkor ustidan hukm kechiktirildi


Rafiqjon Isroilov va uning "Magnit" shirkati andijonliklar orasida muzqaymoq va boshqa shirinlik mahsulotlari bilan tanilgan.
Rafiqjon Isroilov va uning "Magnit" shirkati andijonliklar orasida muzqaymoq va boshqa shirinlik mahsulotlari bilan tanilgan.

3 yanvar kuni Youtube.com portali orqali O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga nazorat organlari bedodligidan qutqarishni so‘rab murojaat qilgan Rafiqjon Isroilov shirkati ustidan o‘tkazilgan mahkamada hukm chiqarish kechiktirildi.

11 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:00 da Andijon viloyat xo‘jalik sudida viloyat Soliq boshqarmasining “Magnit Savdo Ishonch” MChJga nisbatan mulkiy da’vosini ko‘rib chiqdi. Ozodlik muxbiri mahalliy vaqt bilan oqshomgi soat 6 da bog‘langanida¸shirkat egasi Rafiqjon Isroilov sud qaror chiqarishni kechiktirganini bildirdi:

- Juma kunga qoldirildi. Ko‘p narsa aniq bo‘lmapti shekilli tomonlardan. Sud belgilanganidan bir soat kechikib boshlandi. Unda mening konsultantim¸ soliqchilar tomoni vakillari qatnashdi. Sud’ya qaror chiqarishni juma kunga qoldirdi. Xudo xohlasa¸ bu yaxshilikdan nishon bo‘lsa kerak. Yaxshilik kutayapmiz¸ dedi Rafiqjon Isroilov.

11 yanvar kuni Andijon viloyat Xo‘jalik sudi Andijon soliq boshqarmasining “Magnit Savdo Ishonch” shirkatini soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha 1 milliard 952 million 165 ming 568 (9 tiyin) soliq qarzini undirish uchun mol-mulkka qaratilgan da’vo arizasini ko‘rib chiqib¸ hukm chiqarishi kutilgan edi.

Mahkamada 100 ga yaqin odamni ish bilan ta’minlab kelgan “Magnit” shirkati mulkining musodara qilinib¸ uning bankrot bo‘lish ehtimoli kuchaygani ortidan shirkat egasi 49 yashar Rafiqjon Isroilov 3 yanvar kuni YouTube portali orqali prezident Shavkat Mirziyoevga bevosita murojaat qilgan edi.

“Xo‘jalik sudi tomonidan qilinayotgan ishlarni tushunmayapmiz. Tadbirkorga biror bir yaxshilik qilish rejasi yo‘q bularning. Hurmatli Shavkat Miromonovich! Sizdan yordam so‘raymiz. Bizning ishxonamiz yopilib ketish arafasida. Mening iltimosim¸ Xo‘jalik sudi qarorlarini qayta ko‘rib chiqishini¸ qonuniy yordam ko‘rsatishini iltimos qilgan bo‘lardim”¸ deb tugatgan edi 7 daqiqalik videomurojaatini andijonliklar orasida muzqaymoq va tortlari bilan yaxshi tanilgan tadbirkor Rafiqjon Isroilov.

Shavkat Mirziyoev “ikkita ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimda ko‘tarishga tayyorman” deb bayonot berib turgan bir paytda 100 ga yaqin odamga ish bergan xususiy tadbirkorning soliqchilar bosimi bilan sindirilayotgani haqidagi bu murojaat ijtimoiy tarmoqlarda ancha keng tarqaldi.

Rafiqjon Isroilov va uning shirkatida ishlayotganlar ham Andijon xo‘jalik sudi hukm chiqarishni kechiktirganini voqeaning keng jamoatchilik¸ balki yuqori davlat idoralari diqqatiga tushgani ehtimoli bilan bog‘lamoqda.

Andijon Xo‘jalik sudi 100 ga yaqin odamni ishsizlar armiyasi safiga tashlovchi qaror qabul qiladimi¸ yoki tadbirkorning o‘z faoliyatini davom ettirib¸ yangi ish o‘rinlari yaratishi uchun imkon beradimi¸ hozircha noma’lum.

Bu savolga oydinlik kiritadigan qarorning qanday bo‘lishini juma kuni Ozodlikda kuzatishda davom eting.

XS
SM
MD
LG