Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:02

Jizzaxda er-xotin bir yashar qizi bilan is gazidan zaharlanib o‘ldi


Qish mavsumida O‘zbekiston qishloqlarida ko‘pchilik uylar qo‘lbola pechalar vositasida isitiladi
Qish mavsumida O‘zbekiston qishloqlarida ko‘pchilik uylar qo‘lbola pechalar vositasida isitiladi

Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida istiqomat qilgan er-xotin va ularning bir qizi is gazidan zaharlanib o‘ldi. Do‘stlik tuman militsiyasiga ko‘ra, tuman prokuraturasi er-xotin va ularning bir yashar qizi o‘limi yuzasidan tergov ishlarini olib bormoqda.

29 yashar Rustam Doniyorov, uning 25 yashar homilador xotini Feruza Doniyorova va bir yashar qizi Sevinch Rustamova 30 dekabrga o‘tar kechasi is gazidan zaharlanib o‘lgani Ozodlikka bugun ma’lum bo‘ldi.

Do‘stlik tuman gaz ta’minoti boshlig‘i Tolib Hamidovning aytishicha, yon qo‘shnilardan bir nechtasi 30 dekabr tongida Rustam Doniyorovning uyiga derazani sindirib kirganlar.

- Voqea 29 dekabr kechasi bo‘lgan. 30 dekabr kuni qo‘ni-qo‘shnilari derazani buzib kirib, ularni uyda o‘lik holda topishgan, - dedi Tolib Hamidov.

U Doniyorovlar oilasini o‘z uyida noqonuniy ravishda pechka o‘rnatib olganlikda aybladi.

- O‘zboshimchalik bilan pechka o‘rnatib olingan. Qo‘lbola, yasama pechka. Mo‘risiga, tortib ketadi deb, baklashka qo‘yishgan ekan. Hodisa is gazidan bo‘lgan. Mo‘ri tortmagani uchun yoqilgan gaz ugari ichkariga urgan, - dedi Do‘stlik tuman gaz ta’minoti boshlig‘i.

Do‘stlik tuman markaziy kasalxonasi navbatchi shifokori er-xotin va ularning farzandi shifoxonaga o‘lik holda keltirilganini aytdi.

Bizga 30 dekabr kuni soat obed payti 12:15 da "Tez yordam" mashinasida keltirishdi. Keltirilgan paytda uchchalasining ham biologik o‘lim holatida bo‘lgani qayd etilgan,” dedi kasalxona navbatchi vrachi.

U er-xotin Doniyorovlarning is gazidan o‘lgani haqida tibbiy ekspertiza xulosa berilganini bildirdi.

Asli Jizzax viloyatining tog‘li Bahmal tumanidan bo‘lgan er-xotin va ularning qizi o‘z tumanida dafn etilgan.

Ayni paytda Ozodlikka guvohlardan ma’lum bo‘lishicha¸ Doniyorovlar qo‘ni-qo‘shnilari, tuman gaz va shifoxona xodimlari savol-javob qilinmoqda.

O‘zbekistonda oxirgi yillarda kuchayib borayotgan energetik bo‘hron tufayli qish faslida xususiy hovlilar tabiiy gazdan ko‘pincha uzib qo‘yiladi.

Biroq Do‘stlik tuman gaz ta’minoti xodimlari yangi yil arafasida gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lmaganini aytdi.

O‘zbekistonda qish faslida, tabiiy gaz va elektr energiyasi taqchilligi bois, aholining aksar qismi pechka qurib, ko‘mir va propan gazini yoqishga majbur bo‘ladi.

Aholi, asosan, bozorda narxi boshqa turdagi plita va pechlardan nisbatan ancha arzon bo‘lgan Xitoy, Eronda ishlab chiqarilgan qurilmalarni xarid qiladi.

Texnika xavfsizligi qoidalariga to‘la javob bermaydigan bunday qurilmalardan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida O‘zbekistonda odam o‘limi bilan bog‘liq voqealar ko‘plab sodir bo‘lmoqda.

Ozodlik 2015-2016 yillar davomida kamida 10 odamning is gazidan zaharlanib o‘lgani tafsilotini o‘rgangan edi.

Xususan, 2016 yil 18 dekabrda Samarqand shahrining Kavarzor mahallasida yashagan yosh er-xotin gazdan zaharlanib nobud bo‘ldi.

2015 yil dekabrida ham Samarqand shahrida uch talaba is gazidan zaharlanib o‘lgan edi

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi Tibbiyot kollejining 1-kurs o‘quvchisi 17 yoshli Marhabo Bahrinova 2015 yil 5 mart kuni ijarada yashaydigan uyining hammomida is gazidan zaharlanib vafot etdi.

5 fevral kuni esa Samarqand viloyati Ishtixon tumanining Fayzobod qishlog‘ida istiqomat qilgan yosh kelin-kuyov nikoh to‘yidan ikki kun o‘tganidan so‘ng is gazidan zaharlanib o‘lgan edi.

O‘tgan yil fevralida bulung‘urlik Sharofat Begimqulova va uning 19 yoshli qizi ham is gazidan zaharlanib hayotdan ko‘z yumgan edi.

XS
SM
MD
LG