Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2021, Тошкент вақти: 12:54

O‘zbekistondan ko‘chib ketayotganlar ko‘chib kelayotganlardan ko‘ra ko‘proq


Tahlilchilar o‘zbekistonliklar orasida Qozog‘iston va Rossiyaga ko‘chish istagi kuchli ekanini aytib keladilar.

2016 yilning yanvar-dekabr oylari orasida O‘zbekiston bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 141 ming 700 kishini, ko‘chib ketganlar soni esa 168 ming 300 kishini tashkil etdi. O‘tgan yili respublikada migratsiya saldosi – 26,6 ming kishini tashkil etganini xabar qilgan Davlat statistika qo‘mitasiga ko‘ra, aholi orasida ko‘chib ketish Toshkent va Samarqand viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda ko‘proq kuzatilayotganini qayd etadi.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan 16 yanvar kuni yoyinlangan ma’lumotlarda respublika doimiy aholisi soni 2017 yil 1 yanvar holatiga 32 million 121 ming 100 kishini tashkil etgani, bu aholi sonining yil boshiga nisbatan 545 ming 8000 kishiga yoki 1,7 foizga o‘sganini anglatishi aytiladi. Bularning 16 million 238 ming 500 nafari shaharlarda (50,6 foiz),15 million 882 ming 600 nafari qishloqlarda istiqomat qiladi.

Tug‘ilish kamaydi

Qo‘mita ma’lumotlaridan kelib chiqilsa, 2016 yili O‘zbekistonda 726 ming 800 nafar bola tug‘ilib, tug‘ilish koeffitsienti 22,8 promilleni tashkil qilgan. Bu 2015 yildagi tug‘ilish koeffitsientidan 0,7 promillega kamdir.

“Tug‘ilish koeffitsientining sezilarli darajada pasayishi Qoraqalpog‘iston Respublikasida (23,3 promilledan 21,8 promillegacha), Surxondaryo (27,0 promilledan 25,8 promillegacha), Buxoro (21,9 promilledan 20,9 promillegacha), Toshkent (21,1 promilledan 20,3 promillegacha), Andijon (24,1 promilledan 23,4 promillegacha), Qashqadaryo (26,2 promilledan 25,5 promillegacha) va Sirdaryo (22,8 promilledan 22,1 promillegacha) viloyatlarida qayd etildi”, deyiladi Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida.

Ayni paytda qo‘mita Toshkent shahri (18,0 promilledan 18,4 promillegacha) va Navoiy viloyatida (22,0 promilledan 22,1 promillegacha) tug‘ilish koeffitsientining biroz oshganini qo‘shimcha qiladi.

Viloyatlarning yarmida o‘lim koeffitsenti oshdi

Davlat statistika qo‘mitasi o‘tgan yili O‘zbekistonda 154 ming 500 ta o‘lim qayd etilganini ma’lum qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy (4,5 promilledan 4,7 promillegacha), Surxondaryo (4,1 promilledan 4,3 promillegacha), Sirdaryo (4,8 promilledan 5,0 promillegacha), Qashqadaryo (4,0 promilledan 4,1 promillegacha), Xorazm (4,5 promilledan 4,6 promillegacha) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (4,6 promilledan 4,7 promillegacha) 2016 yilda o‘lim koeffitsenti oshgan.

Ayni paytda Andijon (5,2 promilledan 5,1 promillegacha), Namangan (4,7 promilledan 4,6 promillegacha), Toshkent (5,9 promilledan 5,8 promillegacha), Farg‘ona (5,0 promilledan 4,9 promillegacha) viloyatlarida va Toshkent shahrida (6,9 promilledan 6,8 promillegacha) o‘lim koeffitsenti pasaygan.

Qo‘mita olamdan o‘tganlarning 59,6 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,4 foizi – o‘simtalardan, 6,7 foizi - baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 5,9 foizi - ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 4,9 foizi - nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 1,9 foizi - yuqumli kasalliklardan, 11,6 foizi esa boshqa kasalliklardan vafot etganini qayd etadi.

Go‘daklarning katta qismi perinatal davrdagi holatlardan nobud bo‘layapti

O‘tgan yili O‘zbekistonda 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar ichida 7 ming 700 ta o‘lim holati kuzatilgan. Go‘daklarning 56,7 foizi perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan o‘lgani aytilmoqda. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, bu murg‘aklarning 22,4 foizi nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 9,8 foizi - tug‘ma anomaliyalardan, 3,1 foizi - yuqumli kasalliklardan, 1,9 foizi - baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 0,6 foizi - ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 5,5 foizi esa boshqa kasalliklardan vafot etgan.

O‘zbekistonda nikohlanayotganlar kamayib, ajrashayotganlar ko‘paymoqda

2016 yilning o‘tgan 12 oyi ichida O‘zbekistonda nikoh qurish koeffitsientining pasayishi barcha hududlarda kuzatilgan.

Sezilarli darajada nikoh qurish koeffitsientining pasayishi Qashqadaryo (10,4 promilledan 9,3 promillegacha), Namangan (9,6 promilledan 8,6 promillegacha), Andijon (9,8 promilledan 8,9 promillegacha), Xorazm (9,4 promilledan 8,5 promillegacha), Surxondaryo (9,8 promilledan 9,1 promillegacha) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (7,8 promilledan 7,1 promillegacha) qayd etilgan.

Ayni paytda nikohdan ajralish koeffitsientining o‘sishi Jizzax (0,6 promilledan 0,7 promillegacha), Sirdaryo (1,0 promilledan 1,1 promillegacha), Xorazm viloyatlarida (0,6 promilledan 0,7 promillegacha) kuzatilgan. Buxoro, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida esa, Davlat statistika qo‘mitasiga ko‘ra, ajralish koeffitsienti biroz pasaygan.

Qo‘mita o‘tgan yili FHDYo organlari tomonidan 275 ming 100 ta nikoh va 29 ming 400 ta nikohdan ajralishlar qayd etilganini ma’lum qiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqilsa, O‘zbekistonda hatto rasmiy raqamlar ham tasallibaxsh emas. Ozodlik bilan yil davomida suhbatlashgan tahlilchilar migratsiya, aholi o‘sishi , o‘lim holatlari, nikoh va ajralishlarga mamlakatda turmush darajasining tobora pasayib borayotgani, tibbiy xizmat sifatining talab darajasida emasligi va boshqalar sabab bo‘layotganini qayd etgandilar.

XS
SM
MD
LG