Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:51

Toshkentda “Lukoyl”ning ilk zapravkasi ish boshlaydi


Rossiyaning “Lukoyl” shirkatining yonilg‘i quyish shoxobchalari 30 yanvardan boshlab toshkentlik haydovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.

Bu haqda Ozodlikka "LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani" shirkati vakili ma’lum qildi.

Ozodlik suhbatlashgan “O‘zneftmahsulot” mutahasislari yaqin kelajakda O‘zbekistonda “Lukoyl” brendi ostidagi avtozapravkalar tarmog‘i vujudga kelishi mamlakat yonilg‘i bozori muvozanatiga sabab bo‘lishini taxmin qilishmoqda.

“O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining ismi sir qolishini istagan muxandisi Ozodlik bilan suhbatda Toshkent shahrining Qorasuv massivida joylashgan sobiq aviatsiya zavodi yaqinida Rossiyaning “Lukoyl” neft kompaniyasining avtomobillarga yonilg‘i qurish shoxobchasi (AYoQSh) qurilishi tugallanganligini aytdi.

Muhandisga ko‘ra¸ AYoQSh davlat standartlariga mos keladi va 30 yanvar kuni mijozlarga xizmat ko‘rsatishga hozir:

- Toshkent shahrining Qorasuv massivida joylashgan sobiq aviatsiya zavodi yaqinida Rossiyaning “Lukoyl” neft kompaniyasining avtomobillarga yonilg‘i qurish shoxobchasi (AYoQSh) qurilishi tugallandi.

Shaharning boshqa joylarida ham ayni AYoQShlar qurilishi rejaga kirtilgan¸ dedi muhandis.

Benzin Rossiyadan keltiriladi

Suhbatdoshga ko‘ra¸ 30 yanvarda ochiladigan shoxobchada Rossiyadan keltiriladigan benzin sotiladi.

“Lukoyl-O‘zbekiston” shirkatiga yaqinligini aytgan toshkentlik nafaqadagi mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ O‘zbekistonda jami 50 ta "zapravka" qurilishi mo‘ljal qilinayotgan ekan.

- Benzin Rossiyadan olib kelinadi. Chegaradan berida o‘zimizning benzinimiz bilan "boyitish"ga ulgurmasak sifati ham yomon bo‘lmasa kerak¸ deya ta’kidlagan suhbatdosh yoqilig‘ining sifati va narhi Rossiyadagidek bo‘lishidan umid qiladi:

- Moskvada Lukoylning A 92 benzini 37 rubl, A 95 benzini 40 rubl, dizel yonilg‘isi 42-43 rubl atrofida.

Bizdagi narx hali noma’lum. Har holda, rubl yoki dollarning rasmiy kursi bilan sotilmasligi aniq¸ deydi sobiq mulozim.

"Lukoyl" AYoQShlari barcha shaharlarda ochiladi

“O‘zneftmahsulot”dagi Ozodlik manbasi yaqin kelajakda O‘zbekistonda “Lukoyl” brendi ostidagi avtozapravkalar tarmog‘i vujudga kelishiini aytdi.

Ozodlikning bu manbasi “Lukoyl” avtozapravkalarining paydo bo‘lishi O‘zbekiston, xususan¸ poytaxt Toshkent yonilg‘i bozorida raqobatni vujudga keltirishi va benzin taqchilligi vaziyatini yaxshi tomonga o‘zgartirishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Geosiyosat tangasining boshqa tarafi

O‘zbekistonda "Lukoyl" brendining paydo bo‘lishi shirkat Litva, Latviya, Estoniya, Polsha, Chexiyadagi shoxobchalarini sotib¸ bu mamlakatlardan chiqib ketishi ortidan yuz bermoqda. Sharqiy Yevropa mamlakatlaridagi o‘z faoliyati qisqartirilishini kompaniya rahbari Vagit Alekperov bu mamlakatlarda 2014 yildan keyin Rossiyaga qarshi kayfiyatlarning kuchayishi bilan izohlagan edi.

2012 yilda “Lukoyl” dunyo bo‘ylab 6,5 ming AYoQShga ega bo‘lgan. Hozirda Yevropa, AQSh va postsovet hududida shirkatning 5,5 mingga yaqin AYoQSh ishlamoqda. Ulardan 2000 dan ko‘prog‘i Rossiyaning o‘z hududida joylashgan.

“Lukoyl” boshqa sohalarda ham O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirmoqdami?

Joriy yil sentabrida O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Buxoroda “Lukoyl” prezidenti Vagit Alekperov bilan uchrashib¸ neft va gaz sohasida hamkorlik masalalarini muhokama qilgan edi.

15 noyabr kuni shirkatning O‘zbekistonda yangi gaz konlarini o‘zlashtirish loyihalariga 500 million dollar sarmoya yotqizishi xabar qilindi.

Aytilishicha, "Lukoyl" Lyuksemburg, Fransiya, Yaponiya, Italiya, Germaniya, Hollandiya, Rossiya va Avstriyadagi bir qator banklardan qarz olib yotqiziladigan bu sarmoya Hisor kompleksini o‘zlashtirish uchun sarflanadi.

“Lukoyl” O‘zbekistonning Havzak, Shodi, Qo‘ng‘irot uchastkalari hamda Qandim konlar guruhida geologiya-qidiruv ishlari o‘tkazib kelmoqda. Hisor hududi konlarida olib borilgan ishlar natijasida shu paytgacha "Lukoyl" 368,5 ming tonna neftь va 2 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olgan.

2016 yil boshlarida“Lukoyl” shirkatining Qandim konidagi loyihasi doirasida ERIELL kompaniyasi bilan hamkorlikda Buxoroda MDHdagi eng ulkan quyosh elektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. Qurilgan stansiya kunduzi 5000 kVtgacha, tungi paytda 1000 kVt energiya ishlab chiqarish imkoniga ega. Bu quvvatdagi energiya bilan 1,5 ming aholisi bo‘lgan kichik shaharchani doimiy ta’minlash mumkin.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2007 da O‘zbekistonda faoliyat boshlagan “Lukoyl” mamlakat iqtisodiyotiga 3,5 milliard AQSh dollari miqdorida sarmoya yotqizgan.

XS
SM
MD
LG