Линклар

Шошилинч хабар
22 январ 2021, Тошкент вақти: 02:20

Davlat mulki kimga sotilishini hokimlar belgilaydi


O‘zbek rasmiylari strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan davlat mulki ob’ektlaridan tezroq qutulmoqchi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 17 yanvar kuni imzolangan "Tadbirkorlik faoliyati va xususiy mulkni yanada rivojlantirish, davlat mulki ob’ektlarini sotishni soddalashtirish va tezlatish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmondan ana shunday xulosa chiqarish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, farmon xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularga tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun davlat mulki ob’ektlarini sotishni soddalashtirish va tezlatish hamda strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan davlat mulklarini xususiylashtirishda byurokratik to‘siqlarni yo‘qotish, xususiy mulkka sotilgan ob’ektlar negizida raqobatbardosh mahsulotlarni (xizmatlar) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ob’ektlarni hokim sotadi

Hujjatda davlat mulki ob’ektlarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish huquqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga berilishi qayd etilgan. Bu ob’ektlar investitsiya kiritish sharti bilan “nol” xarid qiymatida sotilishi mumkin.

Prezident farmonida bu mulklarni sotib olishda ustunlik huquqi eng avvalo yangi ish o‘rinlari yaratgan, davlat mulkini ijaraga olgan va ob’ektni kapital ta’mirlagan, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha asosiy vositalarni modernizatsiya qilgan shaxslarga berilishi aytilgan.

"Otkat"ni kim jilovlaydi?

Postsovet o‘lkalarining qariyb barchasida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham korrupsiya (shu jumladan, otkat) muammosi keng ildiz otgan. “Transparency International” xalqaro tashkiloti o‘z hisobotlarida O‘zbekistonni har yili korrupsiya chuqur ildiz otgan davlatlar qatorida sanab keladi.

Bu muammoga kunda-kunora duch kelib turgan o‘zbek tadbirkorlarida “Ob’ektlarni sotishda hokimlarni ta’magirlik qilmaslikdan kim yoki nima to‘sa oladi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Albatta, Shavkat Mirziyoev shu yil 3 yanvar kuni 17 yildan beri ortga surib kelingan “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi va u 4 yanvardan kuchga kirdi.

Qonunga muvofiq, korruptsiyaga qarshi kurashni bevosita O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti kabi davlat organlari amalga oshirishi kerak. Ammo bu idoralar ham korrupsiyaga qarshi samarali kurashishlari mumkinligi haqida tadbirkorlarda to‘la ishonch yo‘q.

Byurokratik to‘siqlar kamayibdi

Ayni paytda prezidentning seshanba kungi farmonida “O‘zbekiston Respublikasi da’vogar-rezidentlaridan tanlov savdolarida qatnashish uchun biznes reja va buyurtmanomadan tashqari boshqa birorta hujjatlar talab qilish hamda xususiylashtirish natijalarini bekor qilish yoki qaytadan ko‘rib chiqishni talab qilish taqiqlanadi”, deyilishi, shuningdek, davlat rahbari har chiqishida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash birinchi galdagi vazifa ekanini beto‘xtov takrorlayotgani o‘zbek ishbilarmonlarida qandaydir umid uchqunlarini uyg‘otishi mumkin.

Hujjatdan kelib chiqilsa, davlat mulki ob’ekti xaridori bir shaxs bo‘lganda ham u bilan (tender) oldi-sotti shartnomalarini tuzishga ruxsat berilgan. Xususiylashtirilayotgan ob’ekt bo‘yicha sotib olish to‘lovlarini to‘lash uchun esa 3 yil muddat beriladi. Bular ham davlat mulkini xususiylashtirishda tadbirkorlarga berilgan engilliklar qatorida sanalmoqda.

“Farmonda, shuningdek, fond birjasida aktsiyalarni aholi va tadbirkorlarga birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy taklif etish ko‘zda tutilgan”, deyiladi Davlat raqobat qo‘mitasi xabarida.

XS
SM
MD
LG