Линклар

Шошилинч хабар
28 январ 2021, Тошкент вақти: 08:36

Qoraqalpog‘iston Mirziyoevni kutmoqda. Prezident o‘lkani 2 kun piyoda kezmoqchi


Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridan tortib To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Amudaryo va Beruniy tumanlarida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev kelishiga yo‘llar yuvib-taralmoqda.

Byudjet tashkilotlari xodimlari, maktab va kollej o‘quvchiyu o‘qituvchilari majburiy hashar ishlariga jalb etildi.

14 yanvar kungi hukumat majlisida Mirziyoev kelasi haftada Qoraqalpog‘istonga safar qilishni rejalayotgani va u yerda ikki kun piyoda yurib odamlar bilan shaxsan uchrashishini aytgandi.

– Kelasi hafta Qoraqalpopog‘istonga borsak, birov meni aldayolmaydi. Ikki kun piyoda yuraman. Qaerda yurishimni biron odamga aytmayman, axborot ham bermayman. O‘zim bilaman. Bolnitsaga kiraman, qishloq vrachebniy punktiga boraman, boshqa joyga kiraman, o‘zim bilaman qaerga kirishni. Uylarga kiraman. Keyin bu yerdagi balandparvoz gaplarni, har bir vazirning aytganlarini o‘sha Qoraqalpog‘istonning har bir rayonida yoki boshqa joyida vertikal tizimni sezishim kerak, - degan edi Mirziyoev.

O‘zbekiston rahbarining bu chiqishi ortidan Qoraqalpog‘istondagi barcha tashkilot rahbarlariga Mirziyoevning tashrifiga shay bo‘lib turishlik tayinlangan.

Nukus shahridagi tibbiy muassasa rahbarlaridan birining Ozodlikka aytishicha, shahar hokimining buyrug‘i asosida shifokorlar ham obodonlashtirish ishiga jalb etilganini aytdi.

- Hozir barcha ishchilarimiz, texnik personal ikki kundan beri tozalash bilan band. Shahar markazidan tortib aeroportgacha bo‘lgan yo‘llar supur-sidir qilinmoqda, - dedi nukuslik shifokor.

Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Amudaryo va Beruniy tumanlari ham Shavkat Mirziyoevning kutilmagan tashrifiga taraddud ko‘rmoqda.

To‘rtko‘ldagi 3- sonli kollej o‘qituvchisining Ozodlikka aytishicha, o‘qituvchi va talabalar ham tuman markazini obodonlashtirishga jalb etilgan.

- Hamma oyoqqa turgan. Tumandagi sport maydonchasini tozalash bizga topshirilgan, dushanba kuni, kecha shu yerda ishladik, - deydi to‘rtko‘llik o‘qituvchi.

O‘zbekistonda davlat yoki hukumat rahbari tashrifi munosabati bilan byudjet ishchilarining ko‘cha tozalashga jalb etilishi avvallari ham bo‘lgan.

Avvallari Mirziyoev yoki mamlakatning avvalgi rahbari Islom Karimov yurishi mumkin bo‘lgan joylardagina obodonlashtirish ishlari qilinardi.

Janob Mirziyoev bu safar Qoraqalpog‘istonga borganida qaerga borishini aytmagani mahalliy mulozimlaru oddiy aholini ancha noqulay ahvolga qo‘ygan.

- Har extimolga qarshi Mirziyoevning kelishiga hammang shay turinglar deyishdi tepadan. Kutyapmiz kelishlarini, - deydi Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumani hokimligining Ozodlik bog‘langan mulozimi.

XS
SM
MD
LG