Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:24

Tramp bosh prokuror Salli Yetsni ishdan oldi


Salli Yets prezident Donald Tramp tomonidan ishdan olinguniga qadar adliya vaziri va bosh prokuror vazifasini bajarib kelgan.
Salli Yets prezident Donald Tramp tomonidan ishdan olinguniga qadar adliya vaziri va bosh prokuror vazifasini bajarib kelgan.

Prezident Tramp 7 musulmon davlatidan kelgan qochqinlar va vatandoshlarni AQShga kiritmaslik to‘g‘risidagi qarorni sudlarda himoya qilishdan bosh tortgani uchun adliya vaziri va bosh prokuror Salli Yetsni ishdan bo‘shatdi.

Barak Obama tomonidan bu lavozimga tayinlangan Yets Senat yangi adliya vazirini lavozimga tasdiqlaguniga qadar adliya vaziri va bosh prokuror vazifasini bajarib kelayotgan edi.

Yets dushanba kuni o‘z xodimlariga prezidentning musulmon davlatidan kelgan odamlarni AQShga kiritmaslik to‘g‘risidagi qarorini mamlakat konstitutsiyasiga zid keluvchi ko‘rsatma sifatida baholab, uni sudlarda himoya qilmaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berganini bildirgan.

“Ayni damda meni ijroiya farmonining qonuniyligiga amin bo‘lolmadim”, deb yozgandi Yets vazirlik mulozimlariga yo‘llagan memorandumida.

Tramp adliya vazirining bu buyrug‘ini “xiyonat”, deya baholadi.

Oq uy bayonotida Obama ma’muriyati tomonidan tayinlangan Yets xonim “chegara masalalari bo‘yicha zaif pozitsiyaga, noqonuniy immigratsiya bo‘yicha esa juda zaif pozitsiyaga ega” mulozim o‘laroq baholanadi.

Prezident Tramp Salli Yetsning o‘rniga adliya vaziri va bosh prokuror vazifasini bajaruvchi etib avval Virjiniya shtati Sharqiy okrugi prokurori lavozimida ishlagan 62 yoshli Dana Boenteni tayinladi. U bu vazifani Tramp tomonidan adliya vaziri lavozimiga ko‘rsatilgan Jeff Seshns nomzodi Senat tomonidan tasdiqlangunicha bajarib turadi.

- Men [Salli Yetsning] buyrug‘ini bekor qilaman hamda xizmat burchimizni bajarish va prezidentimizning qonuniy buyruqlarinihimoya qilish haqida ko‘rsatma beraman, - deya bayonot berdi Dana Boente.

Avvalroq AQShda bir qator federal sudlar Tramp qarorining ayrim moddalarini, jumladan, qochqinlarni vatanlariga deportatsiya qilish to‘g‘risidagi bandlarni amal qilishini to‘xtatib qo‘ygan edi.

Prezident Barak Obama sobiq prezident o‘zidan keyin prezident bo‘lgan shaxsni tanqid qilmasligi an’anasiga to‘g‘ri kelmasa-da, dushanba kuni Tramp keskin tanqid qilingan bayonotni tarqatdi.

Obama o‘z bayonotida Trampning ko‘rsatmasiga qarshi ekanini aytib, Amerika aeroportlaridagi norozilik namoyishlari ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatladi.

“Odamlarni e’tiqodiga qarab kamsitish men uchun qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir”, deb bildirdi Barak Obama.

Ayni paytda Vashington shtati bosh prokurori Bob Fergyuson AQSh prezidenti Donald Trampga nisbatan ariza bilan Federal sudga murojaat qilishini bildirdi.

U Tramning musulmon davlatlaridan kelayotgan qochqinlarni mamlakatga kiritishni hamda ularga viza berishni taqiqlovchi qaror noqonuniy, deb topilishini talab qilmoqda.

Donalьd Tramp 27 yanvarda imzolagan qarorga muvofiq, AQShning qochqinlar dasturi 120 kunga to‘xtatildi. Shuningdek, Eron, Iroq, Liviya, Suriya, Somali, Sudan va Yaman kabi 7 musulmon davlatlari vatandoshlariga viza berish 90 kunga taqiqlandi.

Trampning bu qaroriga qarshi jahonning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, Amerikada ham norozlik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.

XS
SM
MD
LG