Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2021, Тошкент вақти: 04:35

O‘shdagi o‘zbek teatri so‘nggi 20 yilda ilk bor O‘zbekistonga boradi


O‘shdagi Bobur nomidagi akademik teatrda Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan kecha.

Qirg‘izistondagi yagona o‘zbek san’at dargohi bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi akademik teatr so‘nggi 20 yilda birinchi marta O‘zbekistonga bir haftalik gastrolga taklif qilindi.

Bobur nomidagi akademik teatr rahbari Nabijon Mamajonovning Ozodlik radiosiga aytishicha, 10 fevraldan 17 fevralgacha davom etadigan gastrol davomida Andijon, Farg‘ona va Namanganda "Manas" spektakli namoyish etiladi.

Qirg‘izistondagi yagona o‘zbek teatrining gastrollarini O‘zbekiston hukumati moliyalashtirmoqda.

- Aynan Andijon, Farg‘ona va Namangan safarida bizdagi yo‘l xarajatlari, yotoqxona xarajatlari, emoq-ichmoq xarajatlarini O‘zbekiston Madaniyat vazirligi o‘z zimmasiga oldi. “Do‘stlik” postidan o‘tganimizdan keyin yuk mashinasi kelib, bizning dekoratsiyalarimiz yuklanadi. O‘sha yergacha biz o‘z mashinamizda etib olamiz. U yerdan maxsus mashinalar kelib, kollektivimizni Andijonga olib ketadi, - dedi Nabijon Mamajonov.

Gastrol O‘zbekiston hukumati taklifi bilan amalga oshirilmoqda.Teatr jamoasi 10 fevralda Andijonda, 14 fevralda Namanganda va 15-16 fevral kunlari Farg‘onada bo‘ladi.

Nabijon Mamajonovga ko‘ra, 16 fevral kuni Farg‘onada O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari rahbarligidagi rasmiy delegatsiyalar uchrashadi. Mazkur tadbirdan so‘ng teatr jamoasi 17 fevralda O‘shga qaytadi.

Nabijon Mamajonovning aytishicha, bundan avval Bobur teatri O‘zbekistonga 20 yil avval safar qilgan edi.

- Adashmasam, 20 yillar avval bo‘lgan. O‘shanda “Chingizxon”, “Sohibqiron Amur Temur” va “Jannatga yo‘l” degan spektakllar olib borilgan teatr tomonidan. Aloqalarimiz kami bilan 20 yildan beri uzilib qolgan edi, - deydi Nabijon Mamajonov.

Teatr rahbari hozirda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Bobur teatriga Pirimqul Qodirovning “Bobur tug‘yoni” asarini sahnalashtirishga moddiy ko‘mak ko‘rsatayotganini aytdi:

- Asar kiyimlarini O‘zbekiston Madaniyat vazirligiga qarashli tsexlar tikib beradi. Bosh rassom ham Akmaljon degan ukamiz. Turkiston san’at saroyining bosh rassomi, dekoratsiyani o‘sha yigit qilayapti. Bu spektakl 20 aprelga topshiriladi. O‘zbekistondan rasmiy delegatsiya kelib, qabul qiladi va keyin Toshkentga taklif qilish rejalari bor ekan. Toshkentda spektaklga kiyimlar tikishni boshlashdi. Hozir Toshkentda dekoratsiya ustida ish olib borilayapti. 5 aprelga buyurtmalar asosida Toshkentda tikilgan kiyimlar, dekoratsiyalar bizga yuboriladigan bo‘ldi. Mutaxassislarning o‘zlari kelib, sahnada tayyorlar o‘rnatib berishadigan bo‘ldi, - dedi Nabijon Mamajonov.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, kelajakda Andijon, Namangan va Farg‘ona teatrlarining O‘shga tashrifi kutilmoqda.

16 yanvar kuni O‘shga safar qilgan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Adham Ikromov Bobur nomidagi o‘zbek akademik drama teatriga borgan edi.

Teatr jamoasi bilan uchrashgan Adham Ikromov o‘zbek teatriga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatilishini va’da qilgan edi.

XS
SM
MD
LG