Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:46

Xorazmda namoz o‘qimaydigan shaxs "Jihodchilar" rahbari sifatida sudga tortildi


Xorazmning Urganch shahrida ikkinchi guruh nogironi Ozat Masaburov "Jihodchilar" oqimi rahbari sifatida sudga tortildi. Ozat Masaburov va yana to‘rt ayblanuvchikonstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga urinishda ayblanmoqda. Ammo, tergov xulosasidan ma’lum bo‘lishicha, Ozat Masaburov nainki "Jihodchilar" guruhi rahbari, balki namoz ham o‘qimasligini aytgan. Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, "Jihodchilar" nomli oqim er yuzida umuman mavjud emas.

Ozodlik qo‘lga kiritgan tergov xulosasidan ma’lum bo‘lishicha, 55 yashar Ozat Masaburov va uning jinoiy sheriklari sifatida ko‘rilgan yana to‘rt shaxs - 56 yashar Ko‘palboy Jumaniyozov, 45 yashar Bahodir O‘razboev, 44 yashar Matyoqub Masaburov va 43 yashar G‘ayrat Ro‘zimetov - 2016 yil, sentyabrь oyining 16-23 kunlari oralig‘ida Ichki ishlar va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hibsga olinganlar.​

"Jihodchilar"

Tergov xulosasi
Tergov xulosasi

​Ayblanuvchilar yaqinlariga ko‘ra, ayblov xulosasi ayblanuvchilarga ular hibsga olinganidan deyarli to‘rt oy o‘tib, 13 yanvarda sud boshlanishi ortidan berilgan.

Xorazm viloyati IIB Tergov boshqarmasi katta tergovchisi, kapitan Abdirimov imzosi bilan bitilgan ayblov xulosasida "taqiqlangan diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik g‘oyalar yo‘g‘rilgan" guruh rahbari sifatida ko‘rilgan Masaburov quyidagi "jinoiy amallar"ni sodir etishda ayblanmoqda:

- Suriyadagi jihodiy harakatlarda qatnashish maqsadida hijratga da’vat qilish;

- "Jihodchilar" oqimi tarafdorlari ta’siri ostida mazkur oqim g‘oyalaridan saboq olish;

- "Jihodchilar" oqimi mafkuralari va g‘oyalarini muntazam ravishda qo‘llab-quvvatlash;

- Diniy jamoat tuzish va unga rahbarlik qilish;

- "Jihodchilar" oqimiga yoshlarni jalb qilish;

- Diniy yig‘ilishlarda faol qatnashish;

- O‘zbekiston hukumati tomonidan olib borilayotgan siyosatni qoralash;

- Namoz o‘qishda jamoada imomlik qilish;

- Diniy mavzularda o‘zaro suhbatlar o‘tkazish

- Ayollarga hijob o‘rashni va erkaklarga soqol qo‘yishni targ‘ib qilish;

Biroq, tergov xulosasidan ma’lum bo‘lishicha, Masaburov tergov paytida ayblovlarning birortasiga iqror bo‘lmagan.

Masaburov ko‘rsatmasida, jumladan, shunday deyiladi:

"Meni ushbu qarorda ko‘rsatilgan holatlarga aloqam yo‘q. Men qarordagi shaxslarni tanimayman. Bularning hammasi menga nisbatan tuhmat. Men namoz o‘qimayman. Men ikkinchi guruh nogironiman. Birovni jamoatga jalb qilmaganman. Men Suriya davlatini hayvonlarni urushtirishga o‘xshash odamlarni urushtirayotgan joy deb bilaman. Men bunga o‘ta salbiy munosabatdaman. Chunki u yerga aqli noraso shaxs borib urushadi. Ular kim uchun urushib yurishganlarini bilishmaydi."

"Jihodchilar" oqimi" faqat O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan tilga olinadigan "diniy ekstremist oqim" sifatida tanilgan.

Biroq, dunyoning biron bir mintaqasida bu nom bilan faoliyat yuritgan guruhning mavjudligi qayd etilmagan.

Ozodlikka intervyu

Ozodlik suhbatlashgan ikki advokatning qayd etishicha, tergovchilar ayblanuvchilarning Ozodlik radiosini tinglaganliklari va Ozat Masaburovning Ozodlikka intervyular bergani holatini "jinoiy qilmish" sifatida kvalifikatsiya qilishga uringanlar.

"Ozat Masaburov bir paytlar Ozodlikka bir necha marta intervyu bergan ekan. Tergov xulosasida tergovchilar o‘sha intervyularni go‘yoki jinoiy qilmish, deb kvalifikatsiya qilishga uringan," deb aytdi ayblanuvchilardan birining advokati.

Ayblov xulosasida guvoh sifatida qayd etilgan Urganch shahridagi "Chakka" mahallasi raisi Ruslan Sultonov ham o‘z ko‘rsatmasida Ozat Masaburov davlat "siyosatidan norozi bo‘lib" Ozodlik radiosida chiqishlar qilganini bildirgan:

"Ozat Masaburov davlatimiz siyosatidan norozi bo‘lib, Ozodlik radiosiga chiqib gapirganligidan barcha mahalladoshlarining xabari bor. Ozat Masaburovning uyiga shubhali shaxslar kelib-ketib turar edilar. Ozat Masaburov shubhali tarzda hayot kechirib, o‘zining yashash uyida dindorlar kelib-ketib yurganligi haqida ma’lumotga ega bo‘lganimdan keyin hozirgi kunda xalqimizning tinchligini saqlash maqsadida ularning harakatlarini tekshirib, ularga nisbatan chora ko‘rishlik uchun bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga ariza bilan murojaat qilganman," deyiladi Ruslan Sultonovning ko‘rsatmasida.

Biroq, sudni kuzatayotganlar ayblanuvchilar yaqinlari va unda ishtirok etayotgan advokatlardan ikki nafariga ko‘ra, ayblanuvchilar sud jarayonida tergov paytida o‘z ixtiyorlariga qarshi ko‘rsatma berishga majbur bo‘lganliklarini aytganlar.

Jumladan, Ruslan Sultonov ayblanuvchilarni umuman tanimasligini, ko‘rsatmaga tergovchi talab qilgani uchun imzo qo‘yganini aytgan.

Ayni paytda Ozat Masaburov istiqomat qilgan "Sholikor" mahallasi raisi Marimboy Xudoyberganov ham xuddi qo‘shni mahalladagi kasbdoshi singari ko‘rsatma bergan:

"Ozat Masaburov davlatimiz siyosatidan norozi bo‘lib, Ozodlik radiosiga chiqib gapirganligini barcha mahalladoshlarining xabari bor," deya ta’kidlanadi Marimboy Xudoyberganov ko‘rsatmasida.

Biroq, sudni kuzatayotganlarning aytishicha, u ham 7 fevralda o‘tgan navbatdagi sud majlisida mazkur ko‘rsatma unga tegishli emasligini aytgan.

Ozat Masaburov 2011 yil 17 martida Ozodlikka Qodirbergan Sayidjonov nomi bilan intervyu bergan va unda Urganchda gaz muammosi mavjudligi haqida fikr bildirgan edi.

Ozodlik muxbiri ayni masala yuzasidan Urganch tuman sudi va prokuraturasiga bog‘landi, ammo uning munosabat olish urinishlari natija bermadi.

O‘zbekiston prezidenti 1997 yil 24 aprelda imzolagan "Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida"gi qonunning 3-moddasiga muvofiq, har bir fuqaroning axborot olish huquqi kafolatlanadi; Har kimning axborotni izlash, olish, tadqiq etish, uzatish va tarqatish huquqi davlat tomonidan himoya qilinadi.

Ozodlik sud jarayonini kuzatishga harakat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG