Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2021, Тошкент вақти: 10:52

Samarqanddagi yong‘inda bir oilaning sakkiz a’zosi nobud bo‘ldi


Samarqand viloyati Qo‘shirobod tumani Toz qishlog‘idagi xonadonlardan birida yuz bergan yong‘in oqibatida bir oilaning sakkiz a’zosi nobud bo‘ldi. Hodisa dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi yarim tunda sodir bulgan. Ro‘ziqulovlar xonadonida yuz bergan yong‘in sabablari hodisa ro‘y berganidan besh kun o‘tib ham noma’lum bo‘lib qolmoqda. Hozirda Samarqand prokuraturasi oila uyini isitish uchun yoqqan ko‘mirdan is gazi chiqishi oqibatida halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan farazlarni o‘rganmoqda.

Samarqanddagi yong‘in ro‘y bergan honadonda Rasul Ro‘ziqulov, turmush o‘rtog‘i hamda ularning uylangan o‘g‘li va kelini hamda maktab yoshidagi yana to‘rt farzandi hayotdan ko‘z yumgan.

Qo‘shnilarining Ozodlikka aytishicha, oila yong‘in oqibatida emas, balki gaz isidan halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

–Bizni qishloqqa gaz o‘tmagan. Tog‘dan o‘tin olib kelib, uyni isitamiz. Bular ko‘mir yoqishgan va shundan sizib chiqqan is gazidan o‘lgan bo‘lishlari mumkin. Chunki, jasadlarda kuyish belgilari bo‘lmagan. Agar yong‘indan bo‘lsa kimdir tashqariga yugurib chiqar edi-da. Bular hammasi yotgan joyida o‘lib yotishgan bo‘lgan, - deydi voqea guvohi bo‘lgan qo‘shiroobodliklardan biri.

Qo‘shirobod tumani yong‘in o‘chiruvchilari hodisa joyiga bir necha daqiqada yetib borishgani, ammo uy ichidagilarni qutqarishning imkoni bo‘lmaganini aytishadi.

- Uyni 40 kvadrati yongan edi. Uyda sakkiz kishi yashagan. O‘t o‘chiruvchilarimiz borishganida ayrimlari o‘lib bo‘lgan, ayrimlari chalajon edi. Lekin, ularni hayotini qutqarishni iloji bo‘lmadi. O‘lim va yong‘in sabablari o‘rganilmoqda. Hamma ma’lumot Toshkentdagi Hadicha Sulaymonova nomli sud ekspertiza markaziga yuborilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, ular zaharlanishdan o‘lgan. Yong‘in pechkadan chiqqan. Nima yoqishgan va qanday bo‘lgan bu bilan prokuratura shug‘ullanyapti. Ko‘mir is gazidan zaharlanishgan, degan taxminlar ham o‘rganilmoqda, - dedi Qo‘shirobod tumani Yong‘in xavfsizligi idorasi rasmiylaridan biri.

Qo‘shirobod tumanining Toz qishlog‘ida yashovchi aholi vakillari esa uylariga gaz o‘tmagani bois o‘tin, ko‘mir yoqib qishni chiqarishlarini aytishadi.

Ular bir necha yillardan buyon Qo‘shirobod tumani hokimligiga gaz o‘tkazib berish, gaz ballonlar bilan ta’minlashni so‘rab murojaat qilib keladi.

Ammo murojaatlar hozirga qadar javobsiz qolmoqda.

- Gaz yo‘qligidan odamlar o‘zlari toqqa chiqib o‘tin terib keladi. Har xil narsalarni yoqadi. Oqibatda mana shunday baxtsiz hodisalar bo‘ladi. Hokimiyatdan iltimos qilamiz, aholini dardiga quloq solsin, - deydi ismi sir qolishini sitagan qo‘shirobodliklardan biri.

Qo‘shirobod tumani hokimligidan esa Toz qishlog‘idagi fojeali yong‘in yuzasidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG