Линклар

Шошилинч хабар
20 январ 2021, Тошкент вақти: 00:27

Oq uy maslahatchisi Maykl Flinn iste’fo berdi


Maykl Flinn.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Flinn Rossiyaning AQShdagi elchisi bilan telefon suhbati mazmuniga oid noto‘g‘ri ma’lumot bergani bilan bog‘liq janjal ortidan iste’foga ketishga majbur bo‘ldi.

Flinn 13 fevral kuni, Tramp o‘z prezidentlik faoliyatini boshlaganiga bir oy to‘lmasdan lavozimini tark etdi.

AQSh prezidentlik saylovida Trampni sadoqat bilan qo‘llab-quvvatlagan Flinnning Rossiya bilan yaqin aloqalari xavotirga sabab bo‘lib kelayotgan edi.

Boshida Flinn vitse-prezident Mayk Pensga Rossiya elchisi Sergey Kislyak bilan dekabr oyida telefon orqali suhbati davomida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni muhokama qilmaganini aytgan. Bu suhbatlar prezident Barak Obama Rossiyani AQSh prezidentlik sayloviga kiber hujum uyushtirganlikda ayblab, Moskvaga qarshi yangi sanksiya e’lon qilishi kutilayotgan kuni bo‘lib o‘tgan.

Flinning ushbu da’volari ortidan vitse-prezident Pens bir necha teleintervyuda bu suhbatlarda sanksiyalar haqida so‘z bormaganini ta’kidladi. Ammo oradan bir necha hafta o‘tib, Flinn Kislyak bilan sanksiyalarni muhokama qilgan bo‘lishi mumkinligiga iqror bo‘ldi. Bunday muhokama fuqarolarning xorijiy siyosatga aralashuvini man qiluvchi AQSh qonunlarini buzish hisobalnadi.

Flinn 13 fevral kuni e’lon qilingan iste’fo xatida Pens va boshqa rasmiylarga o‘z telefon suhbatlari haqida “chala ma’lumot” berganini bildirgan.

Maykl Flinn iste’fosiga munosabat bildirgan ayrim Rossiya deputatlari uni AQShdagi "aksilrossiya vasvasasi"ning navbatdagi ko‘rinishi sifatida baholadi.

Bu voqeaga bevosita munosabat bildirishni istamagan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov:

- Bu AQShning ichki ishi. Bu prezident Tramp ma’muriyatining ichki ishi¸ bizning ishimiz emas¸ dedi jumladan.

Flinn Rossiya elchisi bilan telefon suhbatlarida sanksiyalar mavzusini tilga olgan-olmagani haqida 13 fevral kuni berilgan savolga Peskov, "Oldin ham aytganimiz kabi¸ bu masala muhokama qilinmagan"¸ deya javob qaytardi.

Oq uy general Keys Kellogni milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinladi. Kellog Tramp mazkur lavozimga doimiy ravishda tayinlashi mumkin bo‘lgan uch nomzodning biridir. Qolgan ikki nomzod AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq direktori Devid Petreus hamda vitse-admiral Robert Harvarddir.

Ayni paytda¸ Namoyandalar palatasidagi qator demokratlar nazorat qo‘mitasi yetakchisidan Flinning Rossiya bilan munosabatlarini maxsus taftish qilishga chaqirmoqda.

XS
SM
MD
LG