Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:54

Atambaev Yevropa Ittifoqi rasmiylariga Asqarov qamoqdan bo‘shatilmasligini aytdi


Belgiya, Bryussel - prezident Almazbek Atambaev Yevropa komissiyasi raisi Jan-Klod Yunker bilan, 16 fevral, 2017 yil.
Belgiya, Bryussel - prezident Almazbek Atambaev Yevropa komissiyasi raisi Jan-Klod Yunker bilan, 16 fevral, 2017 yil.

Shu kunlarda Yevropa Ittifoqi qarorgohi joylashgan Bryusselga safar qilgan Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev 2010 yilgi O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan etnik o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarov qamoqdan bo‘shatilmasligini aytdi.

Ozod Yevropa-Ozodlik radiosining Bryusseldagi muxbiri Rikard Jozviakning 16 fevral kuni bildirishicha, Atambaev bilan uchrashuvda Yevropa Kengashi prezidenti Donalьd Tusk va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat mutasaddisi Federika Mogerini Azimjon Asqarov masalasi bilan qiziqqan.

-Mogerini ham, Tusk ham Asqarov masalasiga qiziqish bildirdi. Asqarov masalasi uzoq muhokama qilindi. Ular Atambaevni bu masala yuzasidan biror chora qo‘llashga chaqirishdi. Atambaev bu masalaga hassos yondoshib, bu masala hal etilganini, Asqarov qamoqdan bo‘shatilmasligini aytibdi, - dedi Rikard Jozviak.

AQSh va bir qator xalqaro tashkilotlarning mukofotlari bilan taqdirlangan Azimjon Asqarov O‘sh voqealarida ayblanib 2010 yilda qo‘lga olingan va umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Lekin o‘tgan yil aprelida BMT Qirg‘iziston Asqarovni ozod qilishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qilgach, Oliy sud bu ishni qayta ko‘rib chiqish uchun Chuy viloyat sudiga jo‘natgan edi.

Chuy viloyat sudi Asqarov ishini 4 oy davomida qayta ko‘rib chiqib, 28 yanvarda unga nisbatan chiqarilgan umrbod qamoq jazosini o‘z kuchida qoldirgan.

Atambaevning Bryussel safari oldidan 15 fevral kuni qarorgohi Parijda joylashgan Huquq faollarini himoya qilish xalqaro tashkiloti xalqaro hamajmiyatga qilgan murojaatida qirg‘iz sudining bu qarorini “odil sudlovni mashara qilish” sifatida baholagan edi.

-Azimjon Asqarov ishini sudda qayta ko‘rib chiqilishi odil sudlov emas, balki “shou” bo‘ldi. Sud jarayonida BMTning Qirg‘iziston hukumatiga qo‘ygan talablaridan birortasi ham bajarilmadi, - dedi Huquq faollarini himoya qilish xalqaro tashkiloti rasmiysi Yuliya Uanen.

Azimjon Asqarov masalasi 2012 yilda prezident Atambaevning Germaniyaga qilgan safari doirasida Germaniya kansleri Angela Merkel hamda 2013 yilning sentabrida Bryusselda Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan o‘tgan uchrashuvlari chog‘ida ham ko‘tarilgan.

O‘shanda prezident Almazbek Atambaev Azimjon Asqarovni oqlash uchun hech qanday sabablar mavjud emasligi to‘g‘risida bayonot bergan edi.

Azimjon Asqarovga 2015 yili AQSh Davlat departamentining “Inson huquqlari faoli” mukofoti topishirilgan. Shundan so‘ng Bishkek hukumati norozilik sifatida Vashington bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasini bekor qilgan edi.

XS
SM
MD
LG