Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2021, Тошкент вақти: 05:39

Ajratilgan madaniyat vazirligini moliyalash uchun byudjetdan tashqari jamg‘arma tuziladi


"Istiqlol" saroyi Madaniyat vazilrliga berildi

Prezidentning 15 fevraldagi farmoniga ko‘ra¸ O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi ikkiga ajratilib, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil etiladi.

Farmonda Madaniyat vazirligi muassasalari kadrlari malakasini oshirish va moddiy rag‘batlantirish uchun byudjetdan tashqari Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasini tuzish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi ikkiga ajratilishi oldidan ushbu vazirlik borasida tanqidiy analiz yozgan guruh a’zosi ismi aytilmaslik sharti bilan Ozodlikka ba’zi tafsilotlarni aytib berdi.

Ajratishdan maqsad byudjetni engillatish

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bu vazirlikni ikkiga bo‘lish bo‘yicha taklif o‘tgan yil dekabrida prezident Shavkat Mirziyoevdan chiqqan:

- Bu taklif zamirida vazirlik mulozimlari qisqarishi ortidan byudjetni yengillashtirish va madaniyat sohasiga byudjetdan tashqari tushumlar kirishi samaradorligini oshirish g‘oyasi bor edi. Biz yozgan analizda mavjud Madaniyat va sport ishlari vazirligining byudjetta boqimandaligi va davlat mablag‘lari talon-toroj qilinganligi ochiq-oydin yozildi¸ deydi tanqidiy analiz yozgan guruh a’zosi.

Qo‘shiqchilarni nazorat qiladigan “O‘zbeknavo” tugatiladi

Vazirlikni ajratish haqidagi farmon sharhida “O‘zbeknavo” va “O‘zbekraqs” estrada birlashmalari o‘rnida tashkil qilinadigan “O‘zbekkonsert” birlashmasi va boshqa tadbirlarni moliyalash uchun byudjetdan tashqari jamg‘arma tuzilishi haqida izoh berilgan.

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi faoliyatini moliyalashtirish, madaniyat muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan, ularni jihozlash va ta’mirlash, madaniyat va san’at arboblarining xalqaro festivallar va konkurslarda ishtirok etishini ta’minlash, Madaniyat vazirligi muassasalari kadrlari malakasini oshirish va moddiy rag‘batlantirish uchun byudjetdan tashqari Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasini tuzish nazarda tutilgan”¸deyiladi farmon sharxida.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasida ishlaydigan mulozimning ismi sir qolish sharti bilan aytishicha¸ o‘tgan oyda birlashmada o‘tkazilgan tekshiruvlarda qator nuqsonlar aniqlangan:

-Birlashmaning ko‘ngil-ochar tadbirlar o‘tkazib pul topadigan idoradan ko‘ra¸ qo‘shiqchilarga intizomiy chora ko‘radigan nazorat idorasiga aylangani tanqid qilindi. Shuningdek birlashmada poraxo‘rlik¸ ta’magirlik xolatlari borligi ham tekshiruvda aytildi. Masalan

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasining Xorazm viloyati bo‘limi direktori lavozimida ishlagan O‘ktam Ahmedov litsenziya berish evaziga san’atkorlardan pora talab qilgani ortidan sud qarori bilan ozodlikdan mahrum qilingan. Bunday misollar ko‘p¸ deydi suhbatdosh.

Madaniyat vazirligi belini baquvvat qilish istagi

Madaniyat mavzularidagi maqolalari bilan tanilgan toshkentlik munaqqid Akmal Rizevning Ozodlikka aytishicha¸ Mirziyoev “Imkon qadar o‘zini mablag‘ bilan ta’minlab byudjet zimmasidagi yukni yengillashtiradigan” tuzilmalar tarafdori:

-O‘zbekiston shou-biznesining soliq idoralarida qayd qilinmagan aylanmasi ulkan raqamlarni tashkil qiladi. O‘zbeknavoga kamtargina summa to‘lab litsenziya olgan 3000dan ziyod qo‘shiqchining to‘ylardan keladigan daromadi soliqdan chetda qolmoqda. Ular orasida bir to‘yga 10 ming va 7 ming dollar oladiganlar ham bor. Bu sohani ko‘lankadan chiqarilsa byudjet boyiydi. Bu bir tarafi. Yana bir tarafi ikkita birlashma o‘rniga bitta birlashma bo‘ladi. “O‘zbeknavo” bilan “O‘zbekraqs”idorasidagi byudjetdan oylik oladigan mulozimlar kamayadi¸ degan Rizaev “Madaniyat vazirligini byudjetdan tashqari moliyalash uchun tuziladigan jamg‘arma” ideyasiga ham izoh berdi:

-Sal oldin gonorari ko‘p qo‘shiqchilar hayriya qilsin degan ovozalar tarqaldi. Bu bejiz emas. Jamg‘arma ham shu maqsadda tuzilyapti. Nomi chiqqan san’atkorlar va biznesmenlar ixtiyoriy –majburiy degan prinsipda jamg‘armaga pul o‘tkazishi ko‘zda tutilgan. Yaqin o‘tmishimizda bunday tajriba bo‘lgan deydi suhbatdosh.

Rizaevning aytishicha¸ Toshkent shahar hokimiyati ixtiyorida bo‘lgan “Istiqlol” va “Turkiston” san’at saroylari Madaniyat vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi ham yangi tuziladigan vazirlikning “Shou-biznes industriyasidan pul topishi” uchun omildir.

Farmonga ko‘ra¸ bu ikki saroy o‘zini eplab ketguniga qadar “ularning o‘z daromadlari bilan qoplanmaydigan qismidagi xarajatlarini moliyalashtirish uchun respublika byudjetidan mablag‘ ajratiladi”

Shuningdek Xalq ta’limi vazirligiga qarashli R.Glier va V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan akademik musiqa litseylari, Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyi, 301 bolalar musiqa va san’at maktabi Madaniyat vazirligi tizimiga o‘tkazilishi ham¸ Rizaev nazarida “kuchli madaniyat vazirligi” tuzish istagidan kelib chiqqan.

-Farmonga ko‘ra madaniyat sohasi vazirlik bo‘ladi va sport sohasi qo‘mitaga aylanadi. Farmon asaosan kuchli va o‘zini moliya bilan ta’minlaydigan madaniyat vazirligi tuzish haqidagi hujjatga o‘xshaydi. Byudjet boqimandasi bo‘lib qolgan “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, “Artmadad” maxsus jamg‘armasi va “O‘zbekmuzey” idoralarini tugatilishi ham bunga misol deydi suhbatdosh.

Madaniyat va sport ishlari vazirligi 2004 yilning sentabridan buyon Madaniyat ishlari vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi negizida faoliyat yuritib kelayotgandi.

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi ikkiga ajratilib, endilikda uni negizida bir oy ichida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil etilishi prezident farmoniga ko‘ra Bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklatilgan.

XS
SM
MD
LG