Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2021, Тошкент вақти: 21:35

Qozog‘iston Qirg‘izistonga norozilik notasini topshirdi


Qozog‘iston prezidenti Nazarboev Qirg‘iziston prezidenti Atambaevga "Dostiq" ordenini topshirmoqda, Ostona, 7 noyabr, 2014 yil.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaevning o‘tgan haftada Bryusselga qilgan safari chog‘ida Yevronьyus telekanaliga bergan intervyusi Qozog‘iston hukumatining noroziligiga sabab bo‘ldi.

Intervyu chog‘ida Atambaev, jumladan: “2010 yilda Qozog‘iston bir yarim oy bizni qamal qilganida odamlar ham halok bo‘lgan. Qamal juda yomon narsa”, deb bildirgan edi.

Prezidentning bu gapidan so‘ng Qozog‘iston hukumati dastlab Bishkekdan tushuntirish talab qildi. Bu talab doirasida Qozog‘istonning elchisi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligida qabul qilinib, unga tushuntirish berildi.

- Uchrashuv chog‘ida vazirning birinchi o‘rinbosari Kemelova 2010 yilda qirg‘iz-qozoq chegarasi yopib qo‘yilganida odamlar qanday qiynalganini,Chu daryosini kechib o‘tish paytida bir chaqaloq halok bo‘lganini elchining esiga soldi, - dedi Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Ayimkan Kulukeeva.

Biroq Ostona rasmiylarini Bishkekning bu tushuntirishi qonitirmadi va Qozog‘iston Qirg‘izistonga norozilik notasini topshirdi.

Notada, jumladan, mana bunday deyiladi:

“Bugungi kungacha rasmiy Bishkek turli darajadagi so‘zlashuvlarda “qamal va odamlar halok bo‘lgani” masalasini kun tartibiga qo‘ygan emas. Qozoq tomoni nuqtai nazaricha, bu bildiruvning hozir aytilishi kon’yukturaviy maqsadlar ko‘zlanayotganini anglatadi”.

Rasmiy Bishkek hozircha Ostonaning norozilik notasiga munosabat bildirgani yo‘q.

Qirg‘iz parlamenti deputati Abdivaxap Nurbaev qozoq tomoni noroziligiga: “Prezident rost gapni gapirdi. Bundan qozoq tomoni norozi bo‘lmay, xulosa chiqarsa bo‘lar edi”, deb fikr bildirdi.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Aydos Sarim esa: “Atambaev yaqinda prezidentlik vakolatlarini topshiradi. Shuning uchun uning bunday bayonotlariga e’tibor qaratilmasa ham bo‘lar edi. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi bu bayonot yuzasidan vaziyatni keskinlashtiruvchi tushuntirish bermay, diplomatik tarzda masalani hal qilsa, janjal chiqmas edi”, deb hisoblaydi.

Qirg‘iziston va Qozog‘iston Moskva rahbarligidagi “Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi”ga a’zo bo‘lgan. Ittifoq shartlariga ko‘ra, a’zo davlatlar chegaralaridagi bojxonalar yo‘q qilinishi, chegaradan o‘tish tartibi engillatilishi shart edi.

Shunga qaramay, Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida bu shartlarning ayrimlari shu kungacha bajarilmay qolmoqda.

Prezident Atambaevning Yevronyus telekanaliga bergan intervyusidagi bildiruv ikki davlat o‘rtasida mana shu kabi muammolar ko‘paygan bir paytda yangradi.

XS
SM
MD
LG