Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2021, Тошкент вақти: 04:38

OzodTa’sir: Vazirlik chorvaga oqsim yuqqaniga oid xabar ortidan tekshiruv o‘tkazdi


Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida chorvaga oqsim yuqqaniga oid xabar ortidan tekshiruv o‘tkazilganini bildirdi. Vazirlik chorvada uchraydigan oqsim kasalligi klinik alomatlari aniqlanmagani, ammo laboratoriya tekshiruvi natijasi kutilayotganini bildirdi. 23 fevral kuni Ozodlik tuman chorvadorlari oqsim tarqaldi, degan xavotirda ekani, mahalliy rahbarlar buni inkor qilayotganini xabar qilgan.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) matbuot xizmatiga tayanib Gazeta.uz saytining yozishicha, vazirlik "xorijiy ommaviy axborot vositalarining Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi "Yangi hayot" fuqarolar yig‘ini hududida uy hayvonlarida oqsim tarqalgani haqidagi xabarlarini rad qiladi".

Ayni paytda FVV matbuot xizmati tekshiruv qachon o‘tkazilgani haqida biror ma’lumot bermagan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Davlat Veterinariya bosh boshqarmasi raisi o‘rinbosari Sunnat Oqqiev etakchiligidagi bir guruh veterinar ekspert FVV xodimlari bilan birga voqea joyiga borgan. Guruh "Yangi hayot" fuqarolar yig‘inidagi har bir xonadonga kirib, qoramollarni tekshirganida "oqsim kasalligi klinik alomatlarini topmagan". Ammo, "namunalar laboratoriya tekshiruviga yo‘llangan".

Ayni paytda, FVV matbuot xizmati 2016 yilda boshqarma oqsimga qarshi 4 yarim million doza vaksina sotib olgani va yirik shohli qoramollar vaksina qilinganini xabar qilib, respublikadagi epizootik ahvol yaxshiligini ta’kidlamoqda.

23 fevral kuni Ozodlik radiosi tuman chorvadorlari oqsim tarqaldi, degan xavotirda ekani, rahbariyat buni inkor qilayotganini xabar qilgan.

Yangihayotliklardan biri oqsimga qarshi qishloq mollari 2 yildan buyon emlanmadi, deb arz qilgan.

Ohangaron tumani veterinariya xizmati boshlig‘i Muhammadmurod Yunusov Ozodlik bilan suhbatda "Yangi hayot" qishlog‘i chorvasi orasida tarqalgan kasallik oqsim ekanini inkor qilib, bu stomatit kasalligi, deb izoh bergan.

Ayni paytda, Muhammadmurod Yunusov vaksina yo‘qligi bois, aholi chorvasining ikki yildan buyon oqsim kasalligiga qarshi emlanmaganini ham tan olgan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida berilgan ma’lumotga ko‘ra,oqsim kasalligi odamga ham yuqishi mumkin. Oqsim og‘iz bo‘shlig‘ida, burunda, barmoqlar orasi va tirnoqlar ostida o‘ziga xos toshmalar toshishi, ularning pufakchalar hamda eroziyali yarachalarga aylanishi va tana haroratining ko‘tarilishi bilan kechadigan zooantroponoz o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.

O‘zbekistonda chorvaning oqsil, kuydirgi kabi kasalliklar bilan og‘rishi kuzatilib turiladi.

Oqsil kasalligi 2004 yilda Sirdaryoda, 2005 yilda Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan edi.

Ozodlik qoramoldan yuqqan kuydirgi kasalligi bilan kasalxonaga tushgan o‘zbekistonliklar haqida ko‘p xabar bergan.

2014 yilning iyul oyida Sirdaryoning Xovos tumanida 31 kishiga kuydirgi yuqib, kasalxonaga yotqizilgan edi.

XS
SM
MD
LG