Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:29

Islom Karimovning jiyani ruhiy kasalliklar shifoxonasidan chiqarildi


Jamshid Karimov amakisi Islom Karimovni ochiq tanqid qilgani uchun kasalxonaga joylashtirilgan edi.
Jamshid Karimov amakisi Islom Karimovni ochiq tanqid qilgani uchun kasalxonaga joylashtirilgan edi.

O‘zbekistonda Samarqanddagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida 2012 yildan beri majburiy va yashirin tarzda saqlanib kelingan jurnalist Jamshid Karimov ozod etildi. Xalqaro tashkilotlar hukumatning bu qadamini olqishlagan holda, Toshkent rasmiylarini qamoqda qolayotgan boshqa siyosiy mahkumlarni ham ozod etishga chaqirmoqda.

Jamshid Karimov Samarqanddagi ruhiy kasalliklar shifoxonasidan ozod etilganini YeXHTning so‘z erkinligi bo‘yicha mutasaddisi Dunya Miyatovich olqishladi.

Chorshanba kuni kechqurun YeXHTning rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda Dunya Miyatovich:

"Men Karimovning ozod qilinganini chin yurakdan olqishlayman. Bu qaror Muhammad Bekjonov ozod qilinganidan ko‘p o‘tmasdan qabul qilingani pozitiv voqeadir. Men hukumatni ommaviy axborot vositalarining qamalgan barcha vakillarini, jumladan, Yusuf Ro‘zimurodov, Solijon Abdurahmonov va Dilmurod Sayyidlarni ozod etishga chaqiraman", deb bildirdi.

O‘tgan yilning dekabr oyida Miyatovich O‘zbekiston prezidentini qator jurnalistlarga nisbatan o‘zining avf etish huquqini qo‘llashga chaqirgan edi.

Birinchi prezident Islom Karimovning jiyani bo‘lgan Jamshid Karimov Jizzaxda yashagan va 2000 yildan boshlab xalqaro matbuot bilan hamkorlik qila boshlagan. Islom Karimov akasi Arslonning o‘g‘li bo‘lgan jurnalist Jamshid Karimov prezident amakisini oshkora tanqid qilgani uchun, rasmiylar tomonidan tazyiqqa uchragan va ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburan yotqizilgan edi.

Birinchi marta uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga 2006 yilda majburan yotqizib, u yerda 2011 yilgacha saqlagan edilar.

O‘shanda ruhiy kasalxonadan chiqarilganidan so‘ng jamoatchilikka tarqatgan murojaatida Jamshid Karimov :

- Men Ommaviy axborot vositasi vakiliman. Men xabarchiman, xabarlar esa doimo ham yaxshi bo‘lavermaydi. Lekin men odamlarga ma’lumot yetkazish harakatidan hech qachon voz kechmayman. Men siyosatchi ham, huquqbon ham emasman. Men jurnalistman. Ortimdan poylab yurganlar shuni bilsinlarki, mening endi yo‘qotadigan narsam yo‘q! Odam bir marta yashaydi va bir marta o‘ladi. Men timsoh kabi sudralib emas, balki qaddimni g‘oz tutib yashamoqchiman, -deb bildirgan edi.

Ikkinchi marta u 2012 yilda ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilib, to shu kungacha saqlanib kelingan edi. Xalqaro tashkilotlar ko‘p yillardan beri O‘zbekiston hukumatini Jamshid Karimovni ruhiy shifoxonadan chiqarishga chaqirib kelayotgan edi.

O‘zbekistonda o‘zgacha fikrlovchilarni ruhiy kasalxonalarda majburan saqlash amaliyoti prezident Islom Karimov hukumronligi davrida tez -tez qo‘llanib turilgan.

Masalan, huquq faollari Yelena Urlaeva va Aliqul Sarimsoqovlar ham bir necha marotaba bir necha oy davomida ruhiy kasalliklar shifoxonalarida saqlangani xabar qilingan.

Jumladan, amaldagi prezident, o‘sha paytda Bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoevni noqonuniy hatti-harakatlarda ayblab sudga bermoqchi bo‘lgan Aliqul Sarimsoqov 2014, 2015 va 2016 yillarda militsiya xodimlari tomonidan majburiy ravishda sud ajrimisiz Jizzax ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan edi.

XS
SM
MD
LG