Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:32

Yelena Urlaevani militsiya xodimlari yana psixiatriya kasalxonasiga yotqizdi


Yelena Urlaeva
Yelena Urlaeva

O‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachisi, asosan ikki ayoldangina (biri - jurnalist Malohat Eshonqulova) iborat “Qo‘rqmaslar” guruhi a’zosi Yelena Urlaeva 1 mart kuni Toshkent shahar 1- klinik psixiatriya kasalxonasiga yotqizildi.

Urlaevaning kasalxonaga yotqizilishi bilan tugagan voqeaning bevosita ishtirokchisidan olingan bu ma’lumotni uning 89 yashar onasi tasdiqladi.

Bu qator xalqaro tashkilotlarning e’tiboriga tushgan, xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan huquq himoyachisining birinchi marta psixiatriya kasalxonasiga yotqizilishi emas.

"Qo‘lini qayirib, sudrab olib ketdilar"

Yelena Urlaeva psixiatriya kasalxonasiga Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Zulfiyaxonim ko‘chasidagi 38-b uydan olib ketilgani to‘g‘risida Ozodlikka shu uyning egasi, 1943 yilda tug‘ilgan Kamoliddin Ziyotov aytib berdi.

- Ikkita leytenant keldi. Ular Urlaevaning qo‘lini qayirib, sudrab olib chiqib ketdi. Kechki payt o‘sha militsiya xodimlari yana qaytib kelishdi bizning uyimizga. Yotqizdik jinnixonaga deyishdi, dedi Kamoliddin Ziyotov.

Bu ma’lumotni Yelena Urlaevaning 89 yashar onasi Vera Evstigneeva tasdiqladi.

- Qizimni kecha psixkasalxonaga yotqizishibdi. O‘zim borib ko‘rolmayman, nabiram borib, bilib keldi, u kasalxonaning 9- bo‘limida, dedi qariya yig‘lab.

Yelena Kamoliddinning uyida nima qilayotgan edi?

Ma’lum bo‘lishicha, Yelena Urlaeva 2016 yilning dekabridan buyon Kamoliddin Ziyotovga uning bir necha yildan buyon hal bo‘lmay kelayotgan muammosi – uyi bilan bog‘liq mojaroni hal qilish yo‘lida huquqiy yordam berib kelayotgan edi.

Ziyotovning aytishicha, uning Zulfiyaxonim ko‘chasidagi 38-b uyining bir qismini “bir oila va yana bir noma’lum shaxs egallab olgan” va Urlaeva mulkini qaytarib olish uchun unga yordam berayotgan edi.

"Militsionerlar uyga poyafzalini yechmay kirib kelishdi"

Boshlab qo‘ygan ishini davom ettirish uchun Urlaeva Ziyotovning uyiga 1 mart kuni ham kelgan va bir masala yuzasidan militsiyaga telefon qilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Ziyotovning uyiga ikki militsiya zobiti kirib keladi.

- Ikkita leytenant kelib, taqillatishdi. Eshikni ochdik. Ochishimiz bilan poyafzalini ham yechmay, uyimizga kirib kelishdi. Meni bir chetga itarib tashlashdi. “San qarib, jinni bo‘pqolgansan”, dedi. Xotinimniyam itarib yubordi. Unga ham “jinnisan”, deyishdi. Xotinim ulardan oyoq kiyimlarini echishni talab qildi. Bu talabga javoban melisalardan biri xotinimga “Yo‘qol!” deb o‘shqirdi, deb hikoya qildi Kamoliddin Ziyotov.

Uning aytishicha, uyiga Botir Sharipov va Feruz ismli (familiyasini Kamoliddin Ziyotov eslolmadi) militsiya leytenantlari kelgan.

Ozodlik Botir Sharipovning telefon raqamini topdi, lekin leytenant telefonini ko‘tarmadi.

Urlaevani oldin ham psixiatriyaga yotqizishgan

O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnati, ekologiya va yana qator sohalarda izchil monitoringlar olib borgan Yelena Urlaeva avval ham bir necha marotaba o‘z irodasiga qarshi psixiatriya kasalxonasiga yotqizilgandi.

So‘nggi bor Urlaeva 2016 yil mart oyida psixiatriya kasalxonasiga yotqizilib, uch oydan so‘ngra ozod etilgandi.

56 yashar Yelena Urlaeva o‘shanda kasalxonaga olib ketilishidan sal avval Mehnatkashlar Huquqlari xalqaro mukofoti bilan taqdirlangandi.

Ilk bor Toshkent shahar sudi 2000 yilda Yelena Urlaevani majburiy davolash haqida qaror chiqargandi.

Lekin, shifoxonadan chiqqach, Yelena Urlaeva o‘zining ruhiy salomatligini Moskvadagi mutaxassislar hay’ati ko‘rigidan o‘tkazgan va 2003 yilda moskvalik mutaxassislar uni ruhiy sog‘lom deb topgandilar.

Yelenaning hamkasblari uning psixiatriya kasalxonasiga yotqizilishini Sovet davrida qo‘llanilgan jazolash psixiatriyasining hanuz saqlanib qolgani isboti, deb biladilar.

“Me’yordan ortiq“ faollik

Ozodlik ruhiy ahvoliga oid savoliga javob berar ekan, Yelenaning onasi Vera Yevstigneeva “Men qizimning g‘ayrioddiy biron gap aytganini yoki g‘alati ish qilganini bilmayman. Doim ishi bilan band. Hamma qatori bir odam xolos", dedi.

89 yashar Vera Yevstigneeva qizining faoliyati ko‘lamini tasavvur qilolmasa kerakki, uni “hamma qatori bir odam”, deb baholadi.

Elena Urlaeva Uchkщprik tumani aholisini gaz bilan ta’minlashni talab qilib, piket uyushtirgan edi.
Elena Urlaeva Uchkщprik tumani aholisini gaz bilan ta’minlashni talab qilib, piket uyushtirgan edi.

Lekin ona biroz adashdi: Yelena hamma qatori odam emas. U atrofda bo‘layotgan adolatsizlikka loqayd qaraydigan yuz minglab, millionlab o‘zbekistonlikdan farqli o‘laroq, har qadamda vatandoshlari uchrayotgan adolatsizlikka qarshi kurashib keladi.

Lekin Vera Yevstigneeva qizini “doim ishi bilan band”, der ekan, adashmadi.

Yelena yillardan buyon o‘zi a’zosi bo‘lgan norasmiy "Inson huquqlari alyansi" nomidan o‘zi aralashgan har bir ish yuzasidan xabarnomalar tarqatib keladi. U aralashadigan ishlar esa, juda ko‘p. Masalan, joriy yilning boshidanoq Ozodlik pochtasiga Urlaevadan 40 dan ziyod xabarnoma kelib tushgan.

Bu nomalarni sinchiklab o‘qigan kishi, ularda oldi-qochdi gaplar emas, balki faktlar bitilganini, har bir xabar ortida konkret voqea yotganini, voqeaga aloqador fuqaroning telefon raqamlari, ko‘p holatlarda uy adresi ham berilganini ko‘rishi mumkin.

Ozodlik Yelenaning xabarlari izidan borib, ko‘p voqealarni yoritgan ham. Bu gapni tekshirish uchun saytimizning "Izlash" tugmasiga Urlaeva, deb yozish kifoya: bir necha o‘n maqolani topishingiz mumkin.

Mana, Urlaeva bu yil tarqatgan xabarlardan ba’zilarining sarlavhalari:

Jurnalist Malohat Eshonqulova Elena Urlaevaning "Qo‘rqmaslar" guruhidagi sherigi
Jurnalist Malohat Eshonqulova Elena Urlaevaning "Qo‘rqmaslar" guruhidagi sherigi

“Sardoba tumani aholisiga yordam bering – tumandagi tanazzulga yuz tutgan 4- sovxozda ular gaz yo‘qligidan azob chekayapti, ular kesilib tugayozgan daraxtlarning qolgan-qutganini kesmoqda”.

“Shavkat Mirziyoev uchun O‘rtachirchiq tumani aholisining ovozlarini 3 kun gaz berish evaziga sotib olishdi”.

Yana bir sarlavha maqolamiz boshida tilga olingan Kamoliddin Ziyotovga bog‘liq: “Toshkent militsiyasi Kamoliddin Ziyotovning narkotikfurushlar tomonidan noqonuniy bosib olinishi yuzasidan tergov o‘tkazmoqda”.

Urlaevaning signallari tegishli idoralarga etib boradi. Ba’zida

Shuni aytish kerakki, Yelena Urlaevaning xabarlarini mamlakat huquq-tartibot organlari mutlaqo bee’tibor qoldiradi, deyish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Masalan, 23 fevralda EYeena “Oydinniso Alievaga yordam bering – uni Farg‘ona shahar militsiyasida kaltaklaganlar, militsiya xodimlari guruhi unga zo‘rlash va o‘ldirish bilan tahdid qilgach, u o‘zini ikkinchi qavatdan tashlagan, endi esa, Oydinnisoni sudlamoqchilar”, degan sarlavha ostida Alieva bilan bog‘liq voqea tafsilotlarini yozdi.

Ushbu maqolani yozish jarayonida xabarda keltirilgan telefonga qo‘ng‘iroq qilib, Oydinniso bilan bog‘landik. U Yelena Urlaeva ishiga aralashganidan so‘ng bosimlar paysaygani, hatto uni qiynagan militsiya xodimlari ustidan “ish ochilgani”ni aytdi.

Xyuman Rayts Uotch yaqinda Urlaevani tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

Yuqorida Yelena Urlaevani inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlar tolmas kurashchi sifatida e’tirof etgani to‘g‘risida aytdik.

Xyuman Rayts Uotch tashkiloti vakili Stiv Sverdlovning 9 fevral kuni tashkilot rasmiy saytida Yelenani tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, uning faoliyatiga yuqori baho bergani huquq himoyachisi xizmatlarining xalqaro miqyosdagi yana bir e’tirofidir.

XS
SM
MD
LG